Fan-texnika | 19:43 / 21.10.2024
7943
2 daqiqa o‘qiladi

Humanoid robot uzunlikka sakrash bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi

Xitoy kompaniyasi shu paytgacha yaratilgan robotlar orasida eng uzoqqa sakrovchi mashinani ishlab chiqdi. U katta masofaga sakragandan keyin ham muvozanatni saqlay oladi.

Foto: Videodan kadr

Xitoyning Unitree kompaniyasi ishlab chiqargan G1 guma roboti uzunlikka sakrash bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. Robot turgan joyidan 1,4 metrga sakrashga muvaffaq bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, bu odamsimon robot tomonidan amalga oshirilgan eng uzun sakrashdir.

Balandligi 1,32 metr bo‘lgan mexanizm uchun bu katta yutuq hisoblanadi. Biroq robotning odamlar bilan bellashishiga hali erta. Taqqoslash uchun, odamning turgan joyidan eng uzoqqa sakrash masofasi 3,73 metrni tashkil etadi. Ushbu rekordni 2015 yilda amerikalik Bayron Jons o‘rnatgan.

Unitree kompaniyasi G1 gumanoidining sakrashdan oldin qanday “qizishib olishini” ham ko‘rsatdi. Shu orqali kompaniya o‘z mahsulotining egiluvchanligi va harakatchanligini namoyish etdi.

Robotning ayrim bo‘g‘imlari 360 darajaga aylana oladi. Har bir sharnir 23 dan 43 darajagacha, mashina qo‘l-oyoqlari esa soniyasiga 2 metr tezlikda harakatlanishi mumkin. Robot 9000 mA/soatlik quvvatga ega batareya bilan jihozlangan bo‘lib, bu unga 2 soatgacha uzluksiz ishlash imkonini beradi. G1’ning narxi 16 000 dollarni tashkil etadi.

Avvalroq Xitoyning Ecovacs brendi changyutgich-robotlari kutilmaganda uy egalari va uy hayvonlarini quvib, so‘kina boshlagani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid