O‘zbekiston | 10:20 / 21.10.2024
1352
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

KIUT’da global inqirozlarga ilmiy yechimlar taklif qilindi

17 oktyabr kuni Toshkent Kimyo Xalqaro Universitetida xalqaro moliyaviy inqirozlar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan yirik ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. “Global inqirozlar sharoitida moliyaviy muammolar, risklar, tahdidlar va ularning yechimlari” deb nomlangan ushbu anjuman turli mamlakatlardan yetakchi olimlar, ekspertlar va mutaxassislarni bir joyga jamlab, moliyaviy inqirozlar sharoitida bank tizimi va korxonalarning samarali boshqaruv mexanizmlarini muhokama qilish imkoniyatini yaratdi.

Anjuman “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida tashkil etilib, jahon moliya bozoridagi tahdidlar va ularning milliy iqtisodiyotlarga ta’sirini o‘rganishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar orasida O‘zbekistondan taniqli iqtisodchilar, shuningdek, Malayziya va Qozog‘istondan kelgan mutaxassislar ham qatnashishdi.

Bu tadbir nafaqat tajribali mutaxassis va o‘qituvchilarning, balki universitet talabalari tomonidan tayyorlangan ilmiy maqolalar va tahlillar bilan ham boyitildi. Talabalar o‘z fikr va yondashuvlari bilan anjumanga yangi ruh olib keldi.

Anjumanning bosh maqsadi global moliyaviy tahdidlar va ularning ta’siri, bank tizimining xatarlarga tayyorligi hamda investitsion siyosatni takomillashtirishga doir yangi yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat edi. Ishtirokchilar moliyaviy boshqaruv, audit, xalqaro savdo va investitsiyalar sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan innovatsion yechimlarni taklif qilishdi.

“Bugungi ilmiy amaliy anjumanda o‘zimning "Mijoz bilan muloqot va uning biznes muvaffaqiyatga ta’siri" mavzusidagi ilmiy tahlil bilan qatnashayapman. Ushbu tahlilni juda ko‘p maqola, kitob, va ilmiy konferensiyalarni ko‘rgan holda tahlil qilib, yozib chiqdim. Va bu jarayon tahlil yozib, muammoga yechim berishdan tashqari menga o‘zimni bilimlarimni kengaytirishga ham yordam berdi. Konferensiyadagi professorlar tahlilimni o‘qib chiqib, o‘zlarining xulosalarini berishlarini kutib qolaman – deydi universitet talabasi Xurshida Islomova.

Tadbirning yuqori saviyada tashkil etilishi, ilmiy izlanishlar va innovatsiyalarning O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishga qo‘shayotgan ulkan hissasini yana bir bor tasdiqladi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida bunday tadbirlarning tashkil etilishi, mamlakatimiz ilmiy hamjamiyatining xalqaro miqyosda pozitsiyasini mustahkamlashiga xizmat qiladi.

Anjumanda taqdim etilgan ilmiy maqolalar Toshkent Kimyo Xalqaro Universiteti tomonidan nashr etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular kelgusida moliyaviy sohadagi muammolarni hal qilish va barqaror o‘sishni ta’minlashda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Web-page: www.kiut.uz 

Telegram: t.me/kiut_official

Facebook: facebook.com/kiut.uz

Instagram: instagram.com/kiut.uz_rasmiy_kanal

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid