Yanvar-sentabr oylarida 23,7 mlrd dollarlik xorijiy sarmoya kirib kelgani aytildi
Prezident huzuridagi taqdimotda aytilishicha, 2017-2024 yillarda jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati 100 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 oktyabr kuni mahalliylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, so‘nggi 7 yilda O‘zbekistonga 78 mlrd dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar kelgan. Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha qonun qabul qilinib, mingdan ziyod loyihalar boshlangan. 1 800 turdagi yangi mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, hali salohiyat katta. Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishlarning har biri tahlil qilinib, qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda barcha tarmoqlarda 140 mlrd dollarlik 366 ta yirik loyiha amalga oshirilyapti. Investitsiya loyihalari doirasida yiliga 15 mlrd dollarlik uskuna, xomashyo va qurilish materiallari olib kelinyapti. Shularning har birida mahalliy ulushni ko‘paytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Yurtimizdagi yirik tarmoqlarda ham shunday imkoniyatlar bor. Masalan, energetika tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq, 36 mlrd dollarlik 164 ta quvvat yaratiladi. Shundan 88 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi.
Tog‘-kon sanoati bo‘yicha ham 1 mlrd 230 mln dollarlik dastur qabul qilingan. Sohadagi yirik kombinatlarga mahalliy korxonalar o‘zaro manfaatli bog‘langan.
Avtosanoatda ham ushbu yo‘nalishda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Birgina qo‘shni davlatlarda avtomobil ehtiyot qismlariga yillik talab 1 mlrd dollarni tashkil qiladi.
Mahalliylashtirish jarayonida narx bo‘yicha ham, sifat bo‘yicha ham raqobatdosh mahsulot chiqarib, eksportni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq loyihalar shakllantirib, imkoniyatlarni natijaga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Sanoat tarmoqlari bilan hududlar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yaqinda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 30 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari tasdiqlandi. Bunda har bir sohaning imkoniyatlari ochib berilgan. Jumladan, transport bo‘yicha 10 mlrd dollar, ijtimoiy sohalarda 6 mlrd dollar, kommunal tarmoqda 5 mlrd dollarlik rejalar ko‘zda tutilgan.
Bu loyihalarga investorlarni jalb qilish, mablag‘larni samarali yo‘naltirish vazifalari qayd etildi.
Yig‘ilishda xorijiy investitsiyalar oqimi va kelgusi rejalar ham ko‘rib chiqildi.
Joriy yilning to‘qqiz oyida 23 mlrd 660 mln dollar xorijiy sarmoya kirib kelgan. Shuningdek, 4 mlrd 600 mln dollarlik 120 ta yirik quvvat ishga tushgan.
Yil yakunigacha bu sur’at davom etadi. Shu tariqa, 2017-2024 yillarda jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati 100 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda mutasaddilar belgilangan vazifalarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.
Mavzuga oid
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
15:15 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42 / 23.11.2024