O‘zbekiston | 09:10 / 23.10.2024
8780
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika resurslari iste’molchilari energiya auditini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

2024 yil 1 noyabrdan 200 kvadrat metrdan ortiq maydonli bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini aniqlash uchun quyidagi toifalar joriy etiladi: «A», «V», «C», «D», «Ye», «F» va «G».

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilari hamda bino va inshootlarning energiya iste’molini energiya auditidan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.

2024 yil 1 noyabrdan 200 kvadrat metrdan ortiq maydonli bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini aniqlash uchun quyidagi toifalar joriy etiladi: «A», «V», «C», «D», «Ye», «F» va «G».

Bunda «A» toifasi eng yuqori energiya samaradorligiga ega bino va inshootlarni, mos ravishda «G» toifasi – eng past energiya samaradorligiga ega bo‘lganlarini belgilash uchun qo‘llanadi.

Energiya samaradorligi – yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish natijasida olingan samara nisbatining yoqilg‘i-energetika resurslari sarfiga nisbatini aks ettiruvchi ko‘rsatkich.

Joriy yil yakuniga qadar 200 kvadrat metrdan ortiq foydali maydonga ega bino va inshootlarning energiya auditi natijalari bo‘yicha tayyorlangan energiya pasportlari va hisobotlarning elektron reyestrini yuritish uchun mo‘ljallangan maxsus elektron platformani ishlab chiqish va ishga tushirish rejalashtirilgan.

Quyidagilar tasdiqlandi:

Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarining majburiy energiya auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Bino va inshootlarning energiya iste’molini auditdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarining majburiy energiya auditini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Energiya auditini tashkil etish tartibi;
  • energiya auditi turlari;
  • iste’molchilarning energiya auditini o‘tkazish bosqichlari;
  • energiya auditi natijalari bo‘yicha tavsiyalarni bajarmaganlik uchun choralar.

 
Majburiy energiya auditi Davlat energetika reyestriga kiritilgan sub’yektlarda birlamchi, davriy, navbatdan tashqari shaklda va ekspress-energiya auditi shaklida o‘tkaziladi.

Davriy energiya auditi majburiy tartibda besh yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Energiya auditi yangi qurilayotgan, mavjud, funksional o‘zgartirilgan (qayta profillangan), rekonstruksiya qilingan, kapital ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan bino va inshootlarning energetik pasportlarini ishlab chiqishda hamda energiyani tejashga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirishda o‘tkaziladi.

Mavzuga oid