Boyvachcha, shoumen, populist - Donald Tramp hayotiga nazar
Donald Tramp – amerikalik milliarder, qurilish sohasi magnati, mehmonxona va kazinolar tarmog‘i egasi. Biznesga oid kitoblar muallifi. AQShning 45-prezidenti. Juda bahsli siyosatchi bo‘lishiga qaramay, respublikachilar partiyasi ketma-ket uchta saylovdan beri prezidentlikka uning nomzodini ko‘rsatyapti. Kun.uz navbatdagi saylov oldidan 78 yoshli qariya Donaldning hayot yo‘li bilan tanishtiradi.
Intizomsiz “nemis” bolakay
Donald Tramp 1946 yilning 14 iyunida Nyu-York shahrida tug‘ilgan. U oilada to‘rtinchi farzand edi. Kelib chiqishi ota tomondan nemislarga, ona tomondan esa shotlandlarga borib taqaladi.
Donaldning oilasi boy, millioner edi, lekin u o‘qishga e’tibor qaratmaydi. Og‘ir xulqi tufayli maktab davrida muammolarga duch kela boshlaydi. Uning xarakteriga o‘qituvchilar chiday olmaydi. Shu sababdan ota-onasi uni 13 yoshida Nyu-York harbiy akademiyasiga yuboradi. Harbiy maktabdagi hayoti unda intizom va yetakchilik fazilatlarini shakllantirishga yordam berdi.
Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Tramplar oilasi ko‘p yillar davomida o‘zlarining kelib chiqishi shved millatiga borib taqalashini aytib kelgan. Bu – XX asrda nemislarga nisbatan salbiy munosabat bo‘lgani, shuningdek, Tramplarning ko‘chmas mulk binolaridagi aksariyat ijarachilar yahudiy millatiga mansubligi bilan ham bog‘liq edi.
Muvaffaqiyat sari ilk qadamlar
1964 yilda 18 yoshli Tramp harbiy akademiyadagi 5 yillik ta’limini a’lo natija bilan tugatib, Nyu-York shahridagi Fordem universitetiga o‘qishga kiradi. U yerda 4 semestr o‘qigach, o‘qishini Pensilvaniya universitetidagi Uorton biznes maktabiga ko‘chiradi. 1968 yili, 22 yoshida u iqtisodiyot bo‘yicha bakalavr darajasiga ega bo‘ldi. Shundan keyin otasi Donaldni oila biznesiga qabul qildi. Donald ko‘chmas mulk sohasiga jiddiy qiziqqan, kelajakda Tramplarning qurilish imperiyasi merosxo‘ri bo‘lish va otasining boyligini bir necha barobar oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Donaldga ishonib topshirilgan ilk loyiha Ohayo shtatida 1200 xonadonga ega, o‘rta qatlamga mo‘ljallangan, Swifton Village nomli ulkan turar joy majmuasi edi. Kichik Tramp rahbarligida kompaniya loyiha qurilishiga bir yil davomida 6 million dollar sarflab, apartament savdosidan 12 million dollar daromad olishga muvaffaq bo‘ladi.
Ikki baravar daromad – kareraning a’lo darajali ibtidosi edi. Biroq Tramp bu bilan to‘xtab qolishni istamasdi. Ohayodagi xonadonlar qurilishi davlat tomonidan moliyalashtirilgandi. Biroq u jiddiyroq loyihalarda moliyaviy ko‘mak uchun nodavlat tashkilotlarga murojaat qilish kerakligini tushunardi. 1971 yilda, 25 yoshida Donald Nyu-Yorkning yuragi – Manhetten orolida o‘zi uchun apartament ijaraga oladi. Bu yerda uning tanishlari doirasi katta ta’sir kuchiga ega odamlar bilan kengaya boshlaydi.
Moliyaviy imperiyaning paydo bo‘lishi
Yangi tanishlar orttirgan Tramp 1974 yilda yarim buzilgan holatdagi Commodore mehmonxonasini tiklash bo‘yicha tenderni yutib oladi. Mehmonxona Manhettan markazida joylashganiga qaramay, atrofidagi ko‘plab binolar achinarli ahvolda edi. Shu jihatga urg‘u bergan Donald hukumatdan 40 yillik soliq imtiyozlarini olishga muvaffaq bo‘ladi. Bundan tashqari, Nyu-Yorkning yirik banklari unga umumiy qiymati 70 mln dollar bo‘lgan ipoteka krediti ajratadi. Trampdan talab etiladigan yagona shart – tumanni tartibga keltirish edi.
Donaldning firmasi ishga kirishib ketadi. Olti yil o‘tgach, Manhetten aholisi avvalgi zerikarli sariq bino o‘rnida yashash uchun qulay kvartallar bag‘ridagi 25 qavatli muhtasham monolitni ko‘rishadi. Manhettenning bugungi zamonaviy ko‘rinishi shakllanishida aynan Tramp kompaniyasining bir qator loyihalari muhim rol o‘ynagan.
1979 yilda Donald e’tiborini 5-avenyudagi Tiffany&Co zargarlik do‘koni qarshisida joylashgan yer uchastkasiga qaratdi. Biznesmendan shu yerni sotib olishga sizni nima majbur qildi deb so‘rashganida, u shunday javob berdi: “Tiffani do‘konlari atrofida Nyu-Yorkning eng badavlat odamlari sayr qilishadi”. 1983 yilda bu yerda 58 qavatli osmono‘par bino – Trump Tower qad rostlaydi. Bino o‘sha zahoti elita turar joyi mashhurligiga ega bo‘ladi: apartament derazalari Markaziy bog‘ga qaragan, pastda bir necha mashhur do‘konlar va restoranlar joylashgandi.
1977 yilda Nyu-Jyersida azart o‘yinlari qonuniylashtiriladi. Bu esa Trampning e’tiborini torta boshlaydi. U 1980 yilda Atlantik-Sitidan yer sotib oladi va akasi Robertga o‘yin biznesiga litsenziya olishni topshiradi. 1982 yilda qiymati 250 million dollarga teng ulkan mehmonxona va ko‘ngilochar kompleks – Trump Plaza Hotel & Casino ochiladi.
1986 yilda Donald Hilton mehmonxonalar tarmog‘iga tegishli binoni sotib oladi va uning o‘rnida qiymati 320 million dollarga teng “Tramp qasri”ni quradi. Parallel ravishda o‘z davrida dunyodagi eng yirik mehmonxona-kazino sifatida qayd etilgan “Tojmahal”ning qurilishi boshlab yuboriladi. Mazkur inshoot 1990 yilda foydalanishga topshiriladi.
90-yillar boshiga kelib, Trampning boyligi 1 mlrd dollarga baholanadi. Mehmonxona, kazino va “lyuks” klassdagi turar joy osmono‘par binolaridan tashqari, Trampning hisobida aviakompaniya, Nyu-Jyersidagi futbol klubi va Donaldning o‘zi ham hisobini bilmaydigan ko‘plab kichik korxonalar bor edi.
Vaqt o‘tib Tramp katta hajmli biznesi ustidan nazoratni yo‘qota boshladi. Yangi loyihalar qarz mablag‘lari evaziga moliyalashtirildi, bu esa xatarli edi. Yirik banklar va investitsion kompaniyalar Trampning kreditorlariga aylanadi. Asta-sekin biznesmenning qarzlari orta boshlaydi, ko‘chmas mulk sohasidagi inqiroz bankrotlikni yanada kuchaytiradi. 90-yillar boshida kreditorlardan olingan qarzlar 9,8 milliard dollarga yetadi. Shundan 900 million dollarni Tramp o‘z cho‘ntagidan to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Inqiroz bo‘sag‘asidagi biznesmen Trump Tower osmono‘par binosini qarzga tikishga majbur bo‘ladi. Matbuot olovga yog‘ quyib, Trampning har bir qadamini muhokama qilar edi.
Donald tug‘ma qat’iyati bilan qarz botqog‘idan chiqishga muvaffaq bo‘ladi. O‘yin biznesidan keladigan daromad kreditlarning katta qismini yopadi. 1997 yilga kelib, magnat barcha qarzlaridan qutulib, yangi loyihalar ustida ishlashni boshlaydi. 2001 yilda Trampning kompaniyasi Daewoo korxonasi bilan hamkorlikda 72 qavatli Trump World Tower binosi qurilishini yakunlaydi. 262 metrli osmono‘par bino BMTning Manhettendagi qarorgohi ro‘parasida qad ko‘taradi.
2008 yildagi moliyaviy inqiroz Trampning qurilish imperiyasiga ham jiddiy ta’sir qiladi. Savdolar tushib ketadi. Milliarder qarzlarini o‘z mablag‘i hisobidan yopish imkoniga ega bo‘lsa-da, u bankrotlik haqida e’lon qildi va buni fors-major holat bilan izohlaydi. 2009 yilda Tramp shaxsiy kompaniyasining direktorlar kengashidan ketishini ma’lum qiladi. Shu vaqtdan boshlab Tramp ko‘proq siyosatga e’tibor qarata boshlaydi.
Narxi qimmat teleboshlovchi
Donald Tramp faoliyatining yana bir sohasi – shou-biznesdir. 2002 yilda tadbirkor praym-taymda “Nomzod” deb nomlangan realiti shouga asos soladi. Ishtirokchilar Tramp kompaniyasining menejeriga aylanish uchun o‘zaro kurash olib borishlari talab etilardi. Omadsiz ishtirokchilarni biznesmenning taniqli gapi: “Siz haydaldingiz!” degan ta’kid kutib turardi. Birinchi fasldagi har bir chiqishi uchun u 50 ming dollarga yaqin pul olgan, biroq ikkinchi fasl boshlangach, har bir ko‘rsatuvning narxi 3 million dollargacha oshadi. Shunday qilib, Tramp televideniyening eng ko‘p haq oladigan boshlovchisiga aylandi. Har payshanba kuni NBC efirida afsonaviy “Siz haydaldingiz!” jumlalari jaranglardi. Bu ko‘rsatuv 3 ta Emmi mukofotiga sazovor bo‘ladi. 2004 yildan 2017 yilgacha efirga berilgan mazkur shoudan Donald 200 million dollar ishlab oladi. 2007 yilda bu ko‘rsatuv sharofati bilan Hollivudning “Mashhurlik xiyoboni”da Trampning shaxsiy yulduzi paydo bo‘ladi.
Qurilish magnati bir necha kinofilm va seriallarda ham ko‘rinish bergan. Masalan, mashhur “Uyda yolg‘iz 2” filmidagi epizodda u kichik Kevinga yo‘lni tushuntirgan odam rolini ijro etgan.
AQShning 45-prezidenti
Trampni 80-yillardayoq prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rishgan. Ammo uning siyosiy qarashlari juda o‘zgaruvchan edi. Ayrim vaziyatda so‘l oqimni, ayrim vaziyatda esa o‘nglarni qo‘llab-quvvatlardi. 2009 yilga kelib shaxsiy qarashlarini aniqlashtirib, Respublikachilar partiyasiga qo‘shiladi. Tramp jamoatchilik orasida mashhur edi. Shu sababdan respublikachilar 2011 yildayoq Donaldni prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga nomzod sifatida ko‘rsatishga intilgan. Biroq biznesmen xususiy sektorni tashlab ketishga tayyor emasligi vaji bilan bu taklifni rad etadi.
2015 yilning iyun oyida Tramp prezidentlik kursisi uchun kurashishga tayyorligini e’lon qildi. Uning saylovoldi kampaniyasi “Amerikani yana buyuk qilish” shiori ostida o‘tkaziladi. Milliarderning dasturidagi asosiy tezislari immigratsiya, iqtisodiyot va ichki siyosatga aloqador edi. Saylovlarda muvaffaqiyat qozonsa, Meksika bilan chegarada Buyuk Xitoy devoriga o‘xshagan inshoot qurishini aytardi. Shuningdek, bir necha marta IShID qurolli kuchlarini zudlik bilan yo‘qotish haqida ham nutq so‘zlaydi. U Barak Obama joriy etgan tibbiy dasturni bekor qilishga chaqirib, bu dastur davlatga qimmatga tushayotgani, soliq to‘lovchilar uchun samaraliroq va arzon usullarni topishini aytdi. Tramp ishlab chiqarishni AQSh hududiga qaytarish zaruriyati, Amerika kompaniyalarining xorijda chiqarilgan mahsulotlariga soliqlarni oshirish haqida ta’kidlar, shuningdek, Xitoy bilan savdo urushi zaruriyatini bot-bot takrorlardi.
Uning populistik chiqishlari ko‘plab saylovchilarni o‘ziga jalb qildi, ayniqsa, ishchi sinf vakillari orasida Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘paydi. Donald ko‘pincha an’anaviy siyosiy etiketlardan uzoq, bevosita va ochiqchasiga fikr bildirardi. Bu uni “noan’anaviy nomzod” sifatida tanitdi.
Donald Tramp 2016 yilda AQSh prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda kutilmagan tarzda g‘alaba qozondi. Uning raqibi Hillari Klinton ko‘pchilik tomonidan saylovni yutadi, deb taxmin qilingan edi. Ammo Tramp eng muhim shtatlarda g‘alaba qozonib, zarur bo‘lgan ovozlarni to‘play oldi.
AQSh tarixidagi eng ziddiyatli prezident
Trampning prezidentlik davrida AQSh iqtisodiyotining rekord darajada uzoq muddat o‘sishi va pasayishi yuz berdi. 2019 yilning yozida AQShda YaIMning mamlakat tarixidagi eng uzoq – 121 oylik o‘sishi qayd etildi. Ishsizlik darajasi esa 50 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich – 3,5 foizga tushadi. Biroq bu muvaffaqiyatlarni koronavirus pandemiyasi yo‘qqa chiqardi. 2020 yilning ikkinchi choragida mamlakat iqtisodiyoti qariyb 33 foizga pasayib ketdi. Bu Amerika tarixidagi eng katta iqtisodiy pasayish sifatida qayd etildi.
Tramp ma’muriyati Xitoy mahsulotlari uchun bojlar va cheklovlar joriy qildi, rasmiy Pekin AQShning savdo bo‘yicha bosh sherigi maqomidan mahrum qilindi. Vashington Xitoy firmalari, shu jumladan, telekommunikatsiya kompaniyalariga qarshi sanksiyalar ham kiritdi. Ikki o‘rtada katta savdo urushi boshlandi.
Eron va Shimoliy Koreyaga qaratilgan keskin bayonotlarga qaramay, Tramp davrida AQSh xorijda birorta ham yangi harbiy operatsiyani boshlamadi. Uning o‘tmishdoshlaridan Bill Klinton davrida Amerika Bolqondagi urushga aralashgan bo‘lsa, kichik Jorj Bush Iroqqa hujum qilishga ruxsat bergandi. Obama davrida esa Amerikaning Afg‘oniston va Iroq kompaniyalaridagi ishtiroki kamaytirila boshlanganiga qaramay, AQShning NATOdagi sheriklari qo‘llab-quvvatlandi va amerikalik asarkarlar Liviyada tinch aholini himoya qilish amaliyotida qatnashdi. Obama, shuningdek, Amerika harbiylarini Suriyaga Bashar Asad rejimiga muxolifatchi bo‘lgan otryadlarni qo‘llab-quvvatlash va IShIDga qarshi kurashishga yo‘naltirgandi.
Tramp davrida AQSh armiyasi yangi urushlarga jalb qilinmagan holda, Qo‘shma Shtatlarda koinotdagi harakatlar uchun mo‘ljallangan yangi turdagi qo‘shin yaratildi. Bu – Rossiya va Xitoyda shunday kuchlar tayyorlanayotganiga javobimiz bo‘ldi, deya izohlagandi AQSh sobiq prezidenti.
Tramp ma’muriyatining ichki siyosatida migratsiya asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. U AQShning janubiy chegarasida devor qurish va immigratsiya oqimlarini to‘xtatishni qo‘llab-quvvatladi. Bu qaror mamlakatda jiddiy muhokama va bahslarga sabab bo‘ldi. Saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Tramp noqonuniy immigratsiyaga qarshi faolroq kurashishga va oddiy amerikaliklarni ish o‘rinlari bilan ta’minlashga va’da bergan edi. U Oq uyni egallab turgan davrda AQShda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritgan chet elliklar soni pasaydi. Meksika bilan chegaradagi qurilishi rejalashtirilgan 1600 kmlik devorning bir qismini bitkazishgagina erishdi xolos.
Shuningdek, Tramp prezidentligi davrida AQShda irqiy tengsizlik va politsiya zo‘ravonligiga qarshi norozilik namoyishlari avj oldi. 2020 yilda Jorj Floydning o‘limi bilan bog‘liq voqealar mamlakat bo‘ylab irqiy adolatsizlikka qarshi kuchli harakatlar boshlanishiga sabab bo‘ldi. Bu jarayonda Trampning bayonotlari va harakatlari ijtimoiy muvozanatni yomonlashtirdi.
Tramp ma’muriyati davrida AQSh erkin bozor tamoyillarini targ‘ib etuvchi o‘z prinsiplariga qarshi ham chiqa boshladi. Meksika va Kanada (NAFTA) bilan, shuningdek, Janubiy Koreya (KORUS) bilan savdo bo‘yicha bitimlar qayta ko‘rib chiqildi.
Tramp prezidentligi davrida bir nechta shartnomalardan chiqish haqida e’lon qildi va AQShning bir qator tashkilotlardagi a’zoligi bekor qilindi. Xususan, Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan o‘rta va qisqa masofali raketalarni yo‘q qilish haqidagi shartnoma va Eron bo‘yicha yadro bitimidan chiqdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi, YuNESKO, BMTning falastinlik qochoqlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish uchun Yaqin Sharq agentligiga a’zolik bekor qilindi.
Donald tashqi siyosatda “Amerika birinchi o‘rinda” tamoyiliga amal qildi. U NATO hamkorlari va boshqa xalqaro tashkilotlarga bo‘lgan AQShning majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqishga urindi. Masalan, 2017 yilda Parij iqlim kelishuvidan chiqish qarori xalqaro hamjamiyatda katta aks sado berdi. Trampning fikricha, bu kelishuv AQShning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazib kelgan.
Donald Tramp – Quddus shahrini Isroilning poytaxti deb tan olgan Amerika prezidenti sifatida ham tarixga kirdi. Ushbu qaror asosida Tel-Avivdagi AQSh elchixonasi Quddusga ko‘chirildi, bu esa mintaqada mojarolar kuchayishiga olib keldi.
Trampning prezidentligi COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq voqealar bilan yakunlandi. Uning koronavirusga nisbatan munosabati keng tanqidlarga sabab bo‘ldi. Millionlab aholi salomatligi xavf ostida ekanini pisand qilmagani, kasallikning tez tarqalishi va iqtisodiy inqiroz uning siyosiy pozitsiyasiga jiddiy zarar yetkazdi. Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab oddiy amerikaliklar haligacha pandemiya vaqtida aholiga tarqatilgan yordam pullari uchun Trampdan minnatdor, chunki populist siyosatchi yordam pullari solingan konvertlarga o‘z ismini yozdirib qo‘ygandi.
Ikki marta impichment e’lon qilingan ilk prezident
AQSh tarixida ikki marta impichment e’lon qilingan ilk prezident Donald Trampdir. Uning birinchi impichment jarayoni 2019 yilning sentabrida boshlanadi. Bunga Trampning Ukrainaga bosim o‘tkazib, o‘z raqibi Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenni tergov qilishga majbur qilganiga doir maxfiy xizmat ma’lumotlari sabab bo‘ladi. Tramp Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda Ukraina hukumatidan Hanter Baydenga nisbatan tergov olib borishni so‘ragan va buni Ukrainaga harbiy yordam bilan bog‘lagan. Demokratlar bu harakatlarni “siyosiy manfaatlar” uchun qilingan deb hisoblaydi. Natijada AQSh Senati 2020 yilning fevralida sud o‘tkazdi, lekin Tramp oqlanib, impichmentdan qutulib qoldi.
Sobiq prezidentning ikkinchi impichment jarayoni 2021 yil 6 yanvarida Kapitoliy binosining egallanishidan so‘ng boshlandi. O‘sha kuni, Trampning tarafdorlari Kongressga bostirib kiradi. Prokurorlarga ko‘ra, ular 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini tasdiqlash jarayoniga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan. Tramp esa o‘sha kuni Vashingtonda o‘tkazgan mitingida tarafdorlariga qarata “vaziyatni o‘zgartirish” kerakligini aytgandi. Senat 2021 yilning fevralida ikkinchi impichment jarayonini o‘tkazdi, lekin Donald yana oqlanib, impichmentdan qutulib qoldi.
Tramp prezidentlikdan ketganidan keyin ham unga nisbatan tergov va sud ishlari davom etdi. Hozirda, sobiq prezidentga nisbatan to‘rtta jinoyat ishi doirasida huquqiy jarayonlar davom etyapti. Birinchisi, 2020 yilda saylovni yutqaza boshlagach, Tramp Jorjiya shtati mutasaddilariga telefon qilib, “yetishmayotgan ovozlarni topishni va ushbu shtatda Tramp g‘alabasini ta’minlashni” talab qilgan, bosim o‘tkazgan. Natijada Jorjiya shtati Trampga qarshi saylovlarni soxtalashtirishga chaqirish, qasamyod qilgan davlat mulozimini o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishga undash kabi ayblar bilan chiqdi.
Ikkinchi jinoyat ishi ham 2020 yildagi saylov bilan bog‘liq. Saylovda yutqazgan Tramp o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, “Bizning ovozlarimizni o‘g‘irlashdi. Ovozlarimizni eshitishlariga erishish kerak”, degan. Bu namoyishchilarning Kapitoliyga bostirib kirishiga psixologik rag‘batlantirish sifatida baholanadi.
Uchinchi jinoyat ishi pornoaktrisa va moliyaviy firibgarlik bilan bog‘liq. Ayblovga ko‘ra, Tramp 2016 yilda, hali Oq uyga kelmasidan avval o‘zi haqidagi muhim xabarlarni jamoatchilikdan yashirish maqsadida bir necha ayollarga pora bergan, aniqrog‘i, pul bilan ularning “og‘zini yopishga” uringan. Bu poralarning izini yopish uchun esa buxgalteriya hisob-kitoblariga soxta ma’lumotlarni kiritgan.
To‘rtinchisi, prezidentlikdan ketgach, Tramp o‘zining shaxsiy uyiga juda ko‘plab maxfiy hujjatlarni olib ketgan. AQSh qonunlariga ko‘ra, unda bu ma’lumotlarni uyiga olib kelishiga huquqi bo‘lmagan.
Bu jinoyat ishlari Trampning navbatdagi saylovda ham respublikachilardan nomzod bo‘lishiga to‘sqinlik qilgani yo‘q. Avvaliga, koronavirus pandemiyasi, tartibsizliklar, saylov natijalarini bekor qilishga bo‘lgan urinishlardan keyin Trampning mavqeyi ancha tushib ketgandi, lekin oxirgi paytlarda uni qo‘llash darajasi keskin yaxshilandi. Hatto unga uyushtirilgan suiqasd ham reytingining o‘sishiga xizmat qildi.
Yana bir necha kundan keyin, aniqrog‘i 5 noyabr kuni Qo‘shma Shtatlarda prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Ikki marta impichment qilingan, ko‘p marta turli masalalarda ayblangan, ayni paytda Forbes tomonidan umumiy boyligi 2,3 mlrd dollarga baholanayotgan sobiq prezidentning yana Oq uyga qaytishini hech kim inkor eta olmaydi.
Mavzuga oid
21:00
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
10:46
AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi
10:31