O‘zbekiston | 11:07 / 24.10.2024
6947
6 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona markazida ko‘p yillik daraxtlar ko‘chirish yo‘li bilan quritildi. Mas’ullar yolg‘on ma’lumot bermoqda

Farg‘ona shahrining Sayilgoh va al-Farg‘oniy ko‘chasi tutashgan hududda besh yulduzli mehmonxona qurilishi boshlanishi arafasida 25 yillik daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilishi oqibatida qurib qolgan. Ko‘karib turganday ko‘rinayotgan qarag‘aylar ham yangi joyga moslasha olmay so‘lib bormoqda. Mas’ullarning ma’lumotlari esa bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti.

Atrofi o‘rab olingan hududga yetib kelgan quruvchi, ekologiya boshqarmasi vakili hamda hokimlik rasmiysi ko‘p yillik manzarali daraxtlarning barchasi boshqa joyga ko‘chirilganini aytgan bo‘lsa-da, qo‘porilgan va kesilgan daraxt tomirlari panada qalashib yotibdi.

Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish uchun hududda bo‘lib, mas’ullar so‘zlariga quloq tutdi.

Farg‘ona shahar Ekologiya bo‘limi boshlig‘i Suhrob Amirovning aytishicha, yangi joyga ko‘chirilgan daraxtlar ko‘karib ketishi uchun agronom biriktirilgan.

Suhrob Amirov

Bu hududda 16-18 ta majyerya daraxti bo‘lgan, yon tomonlarga ko‘chirilgan. Bu bo‘yicha biz quruvchilarga kafolat xati berganmiz. Hozirgi kunda zarar miqdori hisoblanmoqda. Agar daraxt qurib qolsa ham zarari qoplab beriladi. Bu yerda bitta daraxt so‘lib qolgan va bu uchun tegishli jarima Ma’muriy javobgarlik kodeksining 79-moddasiga binoan undiriladi.

Ko‘chirilgan daraxtlarni sug‘orish va unga qarash Ekologiya boshqarmasining  nazoratida. Agronom biriktirilgan. Avval daraxt ko‘chirib ko‘rmaganmiz, bu birinchisi. Ko‘chirilgan daraxtlar 20-25 yoshda bo‘lib, ularning ko‘karib chiqishiga kafolat bor. Chunki har kuni nazorat olib borilmoqda. 6 ta kichik sosna daraxti aholi yashaydigan uylarning atrofiga, qolganlari esa shu yerga ko‘chirilgan”, deydi Suhrob Amirov.

Ekologiya boshqarmasi bilan kelishganmiz”

O‘zini “ZTF Global Group” MChJ ish boshqaruvchisi deb tanishtirgan Dilmurod Bobobekov qurilish loyiha hujjatlarini taqdim qila olmadi.

Dilmurod Bobobekov

Ushbu hududda biznes majmuasi, yoshlar markazi, besh yulduzli mehmonxona va bir qancha binolar qurishni rejalashtirganmiz. Daraxt ko‘chirish ishlari bizdan avvalgi kompaniya tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa kerak. Ammo biz bilan bu masala ko‘rilmagan. Ekologiya boshqarmasi bilan kelishuv amalga oshirilgan, ammo mas’ul xodim Xitoyga viza olgan va hujjatlar hozir qo‘limizda emas. Bir-ikki kunda taqdim etiladi, albatta.

25 yillik daraxtlarni qaytadan o‘stirish qiyin, ammo biz ham atrof-muhitga yetkazayotgan zararimizning o‘rniga boshqa daraxt o‘tkazib, to‘ldirib berishimiz mumkin. Bu bo‘yicha Ekologiya boshqarmasi tomonidan ogohlantirilganmiz. Yangi daraxt o‘tqazish borasida ishlar olib borilmoqda.

Xitoydan turli texnik asboblar olib kelinmoqda va bular daraxtlarga zarar berishi mumkin bo‘lganligi uchun ham boshqa joyga ko‘chirildi”, deya ta’kidlaydi Dilmurod Bobobekov.

Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari Sharofiddin Saidov qurilish ishlari olib borilayotgan hududda barcha daraxtlar ko‘chirilmay o‘z o‘rnida turganini bildirdi:

Sharofiddin Saidov

Xitoyning “Baishan Zhongtian Development” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan besh yulduzli mehmonxona hududida turibmiz. Bu yerga Xitoydan turli ko‘chatlar olib kelib ekilishi rejalashtirilgan. Xitoydan yana daraxtlar olib kelib o‘tqazamiz. Bu masalani quruvchilar bilan ham suhbatlashib aniqlash mumkin. Hududda manzarali daraxtlar o‘z joyida turibdi. Boshqa joyga ko‘chirilmagan”.

Aslida holat mas’ul aytganidek emas, ko‘p yillik daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilgan va hatto qurib qolishga ham ulgurgan.

O‘rab olingan hududda esa kesilgan daraxtlar tomirlari yotibdi.

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi holatga munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, qurilish ishlariga xalaqit bergani sabab 6 tup ko‘p yillik manzarali daraxt quruvchi tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz boshqa yerga ko‘chirilgani, buning oqibatida 1 tup ko‘p yillik eman daraxti qurib qolgani aniqlangan.

Quruvchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, 9 mln 375 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan. Shuningdek, 33 mln 750 ming so‘m o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblangan.

Ekologiya boshqarmasi munosabatida qurilish bo‘layotgan hududda 6 tup daraxt boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazilgani aytilgan. Lekin bu son haqiqatdan ancha yiroq. Shahar ekologiya bo‘limi boshlig‘ining o‘zi intervyusida ko‘chirilgan daraxt 16 tup ekanini aytgandi. Qolaversa, kesib tashlangan daraxtlar ham bor.

Ekologik holat tobora yomonlashayotgan bir paytda mas’ullar hanuz daraxt tanasiga bolta urish bilan ovora. Shaharda zamonaviy binolar qurilgani yaxshi, lekin daraxtkushlik evaziga emas albatta.

Kun.uz holatni kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid