FIFA reytingi. O‘zbekiston so‘nggi 8 yildagi eng yaxshi natijasini qayd etdi
FIFA rasmiy sayti oktyabr oyidagi milliy jamoalarning o‘yinlaridan keyin reytingni yangiladi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi Eron (0:0) va BAAga qarshi o‘yindan (1:0) keyin bu safar ikki pog‘onaga yuqorilab, 58-o‘ringa ko‘tarilgan. Vakillarimiz sentabr oyida 60-o‘rinni band etgandi. Qayd etish joiz, 58-o‘rin milliy jamoamizning so‘nggi 8 yillikdagi eng yaxshi natija sanaladi. Bungacha «Oq bo‘rilar» Samvel Babayan murabbiyligida 2016 yilda FIFA reytingida 48-o‘rinni qayd etgandi.
Srechko Katanets shogirdlari 2023 yilni 68-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, Qatarda o‘tgan Osiyo kubogidan keyin 66-o‘ringa ko‘tarilgandi. Mart oyidagi FIFA kunlari doirasida Hongkongga qarshi JCh-2026 2-saralash bosqichidagi g‘alabalardan keyin (2:0, 3:0) O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqichi va Osiyo kubogi-2027ga yo‘llanmasiga ega chiqib, reytingda 64-o‘ringa yuqorilagandi. JCh-2026 2-saralashi doirasidagi Turkmaniston (3:1) va Eron (0:0) bilan o‘yinlardan keyin vakillarimiz yana ikki pog‘ona yuqorilab, 62-o‘rindan joy olgan, iyul oyida e’lon qilingan reytingda esa 61-o‘rin, sentabrda yana bir pog‘ona yuqorilagandi.
FIFA reytingida Argentina milliy jamoasi 1-o‘rinda bormoqda, Fransiya 2-o‘rinda qoldi. Yevropa chempioniga aylangan Ispaniya o‘tgan oyda 8-o‘rindan 3-pog‘onaga ko‘tarilgandi. Angliya 4-o‘rin, Braziliya 5, Belgiya 6-o‘rinda bormoqda. Portugaliya (7), Niderlandiya (8), Italiya (9) va Kolumbiya o‘nlikdan joy olgan.
Osiyo jamoalari top-10lik orasida esa vakillarimiz Saudiya Arabistonini ortda qoldirib, 7-o‘ringa ko‘tarilgan. Yaponiya uch o‘rin yuqorilab, qit’ada peshqadam sanaladi – 15-o‘rin, Eron (19) va Janubiy Koreya (22) uchlikda. Avstraliya (24), Qatar (46), Iroq (56), O‘zbekiston (58), Saudiya Arabistoni (59), Iordaniya (64) va BAA (68) o‘nlikka kirgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasining FIFA reytingidagi eng yaxshi natijasi – 45-o‘rin bo‘lib, vakillarimiz 2006-2007 yillarda ushbu o‘rinda qayd etilgandi.
Mavzuga oid
18:51
Tahlil. Milliy jamoada «3-4-3»ni qanday ishlatyapmiz?
13:11
We Global Football: O‘zbekiston Osiyodan JCh-2026ga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqish uchun 4-da’vogar
15:20 / 20.11.2024
«Ikki qutbli jamoa». Natija, o‘yin, iste’fo va imkoniyatlar haqida
01:45 / 20.11.2024