O‘zbekiston | 12:00 / 24.10.2024
1114
4 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda

Probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolati probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga beriladi. Amaldagi tartib bo‘yicha bunday ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirish yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektori tomonidan amalga oshirilardi. Bu probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘layotgani aytildi.

Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 206 va 248-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Senat.uz

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda mamlakatda ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar o‘rtasida keng qamrovli profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishiga qaramasdan ular tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortib boryapti. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi huquqiy ta’sir choralarining qayta ko‘rib chiqilishini talab etmoqda.

2023 yilda ma’muriy nazorat qonuni ta’siri ostiga tushuvchi 5 529 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatilgan. 2024 yilning 9 oyida 5 689 nafarni tashkil etgan va bu toifadagi shaxslar 160 nafarga ortgan.

Bundan tashqari, 2023 yilda 83 763 nafar shaxs ichki ishlar organlarining probatsiya nazoratida turgan bo‘lsa, 2024 yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 86 226 nafarni tashkil etgan. Ya’ni joriy yilda bunday shaxslar 2 463 taga ko‘paygan.

2023 yilda ma’muriy nazoratda turgan 4 167 nafar shaxs sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq (cheklov)larga rioya qilmaganligi uchun ularga birinchi marotaba ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 2024 yilning 9 oyida 3 153 nafar shaxsga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

Aynan shu toifadagi shaxslar sudlar tomonidan belgilangan taqiq (cheklov)larga bir necha bor rioya qilmaganligi uchun 2023 yilda 717 nafar va 2024 yilning 9 oyida esa 637 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 226-moddasi (Ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.

Qayd qilinishicha, bugungi kunda sud tomonidan belgilangan cheklovlar va majburiyatlarga rioya etmayotgan probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilayotgani tufayli, shu jumladan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tezkor hamda ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlarni berish zarurati yuzaga kelmoqda. Shu bois Ichki ishlar vazirligi tomonidan nazorat ostida turgan maxsus toifa shaxslar o‘rtasida qonun ustuvorligini ta’minlash, ularda qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini shakllantirish maqsadida qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206-moddasi sanksiya qismiga amalda bo‘lgan jarima jazosidan tashqari ma’muriy qamoq jazosi ham kiritilmoqda.

Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining nazorati ostidagi shaxs tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda uni hududiylik jihatdan yaqin orada joylashgan tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish kerak. Bu probatsiya xodimining ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasi to‘rtinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish orqali ichki ishlar organlarining 185-2 va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolatini probatsiya xizmatining katta inspektori va inspektoriga berish normasi belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid