Jahon | 13:10 / 24.10.2024
3442
4 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Mariya Kolesnikovani afv etish haqida o‘ylab ko‘rishga tayyor

Aleksandr Lukashenko belaruslik faol Mariya Kolesnikova bunday iltimos bilan murojaat qilsa, uni afv etish masalasini ko‘rib chiqishga qarshi emasligini aytdi.

Foto: RAMIL NASIBULIN/Scanpix

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko siyosiy mahbuslar, jumladan Mariya Kolesnikovaning afv etish haqidagi iltimoslarini ko‘rib chiqishga tayyor. Bu haqda u Qozondagi BRIKS sammiti chog‘ida BBC muxbiri Stiven Rozenbergga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Suhbatdan parchalarni Lukashenko matbuot xizmati 23 oktyabr, chorshanba kuni taqdim etdi.

«Bizda qonun bor: kishi o‘z aybini anglab, (ko‘plab boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi) kechirim so‘rab, prezidentga murojaat qilsa, buni ko‘rib chiqamiz. Kolesnikova bilan ham shunday», — dedi Lukashenko. Shu bilan birga, u Rozenberg nima uchun unga Kolesnikova haqida savol berganiga hayron bo‘ldi, Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, «agar u yerda million kishi o‘tirgan bo‘lsa, u yerda hamma odamlar bir xil».

Jurnalistning eslatishicha, siyosiy mahbus koloniyada izolyatsiya qilingan va hatto oila a’zolariga ham uni ko‘rishga ruxsat berilmagan. Bunga javoban Lukashenko Kolesnikovaning otasi «ruxsat so‘raganida» u bilan ko‘rishishga ruxsat berganini va agar boshqa qarindoshlari va do‘stlari Kolesnikova oldiga borishni istasa va buni so‘rasa, bu iltimos ko‘rib chiqilishini aytdi. Biroq, faolning oilasi, uning fikricha, u bilan uchrashishni istamaydi.

Belarus rahbari, shuningdek, bir necha kun oldin bosh prokuror Andrey Shved boshchiligidagi komissiyaga axloq tuzatish organlari bilan birgalikda siyosiy ayblovlar bilan sudlanganlar ishini o‘rganish topshirilganini aytdi. Lukashenkoning ta’kidlashicha, u «tartibni tushungan va uni buzmagan, o‘zini munosib tutgan» odamlarga nisbatan afv etish masalalarini ko‘rib chiqishga moyil.

Belarusda muxolifatchilarga qarshi yangi yirik ish ochildi

Belarus Tergov qo‘mitasi (TQ) mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenkoning muxoliflariga qarshi yangi yirik jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Unda 45 kishi ishtirok etyapti, ularning mol-mulki xatlovga olindi, deya xabar qildi Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati 8 oktyabr kuni ertalab.

Ish avgust oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tgan «Yangi Belarus» konferensiyasida Belarus demokratik kuchlari tomonidan qabul qilingan «Platforma 2025» hujjati yuzasidan qo‘zg‘atilgan. Unda aytilishicha, Lukashenko «jinoiy ravishda hokimiyatni saqlab qoldi», Belarus davlat tuzilmalari saylovlar o‘tkazish uchun qonuniy emas va «Platforma 2025»ning asosiy vazifalari «siyosiy mahbuslarni ozod qilish va Belarusdagi repressiyalarni tugatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish»dir.

Belarus Tergov qo‘mitasi ishda qatnashayotganlarni «2025 yilgi saylovlarni buzish rejasini ishlab chiqishga urinishda» ayblamoqda. «Platforma 2025» konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, ichki ishlarga chetdan aralashish, mamlakatimizning milliy manfaatlariga zid siyosiy yo‘nalishni joriy etish, axborotga buzg‘unchi ta’sir ko‘rsatish, saylovoldi tashviqotini obro‘sizlantirish yoki buzish, keskinlik va qarama-qarshilikni kuchaytirish maqsadida yaratilgan», deb da’vo qilmoqda tergov.

Mavzuga oid