Jahon | 22:15 / 25.10.2024
2843
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Markaziy Osiyoni «Tinchlik, ishonch va hamkorlik hududi» deb e’lon qildi

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlarining yadroviy qurollarni tarqatmaslik va qurolsizlanish global arxitekturasini mustahkamlash, preventiv diplomatiya va tinchlikparvarlik vositalarini ilgari surishdagi roli alohida qayd etilgan.

Turkmaniston / Foto: Picasa

24 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi mintaqa davlatlari nomidan Turkmaniston taqdim etgan «Markaziy Osiyoda tinchlik, ishonch va hamkorlik hududi» rezolyutsiyasini qabul qildi. Hujjatga 37 davlat, jumladan Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Hindiston, Eron, Xitoy, Rossiya va Turkiya hammualliflik qildi.

Qarorda Markaziy Osiyo davlatlarining yadroviy qurollarni tarqatmaslik va qurolsizlanish global arxitekturasini mustahkamlash, preventiv diplomatiya va tinchlikparvarlik vositalarini ilgari surishdagi roli alohida qayd etilgan.

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, Markaziy Osiyoda tinchlik hududini shakllantirish mintaqa mamlakatlari o‘rtasida oliy darajadagi o‘zaro hamkorlik mexanizmi – Davlat rahbarlarining muntazam ravishda o‘tkazilayotgan Maslahat uchrashuvlari, 2006 yilda Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi shartnomani imzolash, 2007 yil dekabr oyida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazini tashkil etish, hamkorlikning barcha asosiy yo‘nalishlarida mintaqaviy muloqotni rivojlantirish uchun platformalarni shakllantirish tufayli mumkin bo‘ldi.

Turkmanistonning BMTdagi elchisi Oqsulton Otayeva Markaziy Osiyoning tinchlik hududi sifatida tan olinishini yuqori baholab, buni xalqaro huquq fenomeni deb atadi. Hozirgi vaqtda Janubiy Atlantika, Hind okeani, Lotin Amerikasi va Karib dengizida huddi shunday hududlar borligi qayd etildi.

Otayeva mintaqa davlatlari o‘zaro hamkorlikning barcha elementlari: siyosiy, iqtisodiy, ekologik, oziq-ovqat va gumanitar sohalarning o‘zaro bog‘liqligini hisobga olgan holda Tinchlik, ishonch va hamkorlik hududida barqarorlikni ta’minlashini ta’kidladi.

Mavzuga oid