O‘zbekiston | 14:54 / 28.10.2024
1346
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoning 4 tumaniga ko‘z to‘r parda kasalliklarini aniqlaydigan kameralar taqdim etildi

JSST va Butunjahon qandli diabet jamg‘armasi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga beshta fundus-kamera taqdim etdi. Kameralardan 2-toifa qandli diabetning og‘ir asoratlaridan biri – diabetik retinopatiyani erta tashxislashda foydalaniladi.

Foto: JSST

Sirdaryoning Guliston, Sardoba, Oqoltin va Boyovut tumanlariga diabetik retinopatiyani erta tashxislaydigan fundus kameralar tadqim etildi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lum qildi.

Fundus-kameralardan ko‘z to‘r parda kasalliklari, jumladan, 2-toifa qandli diabetning og‘ir asoratlaridan biri – diabetik retinopatiyani erta tashxislashda foydalaniladi. Diabetik retinopatiya aksariyat hollarda ko‘rish qobiliyatining pasayishi va ehtimoliy ko‘rlikka olib keladi. O‘zbekistonda 2-tur qandli diabet tufayli yuzaga keladigan to‘r parda shikastlanishini aniqlash uchun rejali tekshiruvlar keng tarqalmagan.

Loyiha doirasida Sirdaryo viloyatining to‘rtta pilot tumanida 2-toifa qandli diabet bilan kasallangan barcha bemorlar diabetik retinopatiya bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkaziladi. Retinopatiya tashxisi qo‘yilgan bemorlar Gulistondagi yoki Toshkentdagi ko‘z mikroxirurgiyasi markaziga lazerli korreksiya uchun yuboriladi. Loyiha JSST, Butunjahon qandli diabet jamg‘armasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokida tashkil qilingan.

Ko‘zi ojizlikning oldini olish xalqaro agentligiga tegishli Vision Atlas ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 3,3 million kishi ko‘rish qobiliyatining pasayishiga duch kelgan. Ulardan 94 000 nafari turli sabablarga ko‘ra, jumladan, diabetik retinopatiya tufayli butunlay ko‘r bo‘lib qolgan.

Mavzuga oid