AQSh va Yevropa nima sababdan turlicha iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelyapti?
The Economist tahliliga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa yaqin yillarda yuqori darajadagi inflatsiyani boshdan kechirganiga qaramay, ular duch kelgan inflyatsion muammolarda kutilmagan farqlar mavjud. Bu – ikkala mintaqaning iqtisodiy vaziyatidagi o‘ziga xos jihatlar bilan bog‘liq.
Atlantika okeanining har ikki tomonidagi markaziy banklar oxirgi yillarda narxlarning o‘sishini jilovlash maqsadida foiz stavkalarini sezilarli darajada oshirdi. Xalqaro valuta jamg‘armasi iborasi bilan aytganda, “buyuk qattiqqo‘llik” (“great tightening”) iqtisodiy inqirozsiz inflatsiyani boshqariladigan darajaga tushirish imkonini berdi. Shunday bo‘lsa-da, inflatsiya pasayib borarkan, AQSh va Yevropa mutlaqo farqli inflyatsion istiqbollar bilan yuzlashmoqda.
AQShda inflatsiya maqsadli darajadan yuqoriligicha qolmoqda, sentabr oyida iste’mol narxlari 2,4 foizga ko‘tarildi. Erishilgan yutuqlarga qaramay, kuchli mehnat bozori maoshlar va talab omilini oshirishi bilan Federal zaxira tizimining inflatsiyani yanada pasaytirishini qiyinlashtirmoqda. FZT inflatsiyaning pasayish tempi kutilganidan ko‘ra sekinroqligini tan olib, foiz stavkalarini pasaytirish sur’atini susaytirdi.
Yevropa esa Ukrainadagi mojaro bilan bog‘liq energiya narxlarining oshishi tufayli yuzaga kelgan yuqori inflatsiyani boshdan kechirganidan keyin, 2021 yilgacha bo‘lgan davrga xos past inflatsiya va sust iqtisodiy o‘sish muammosiga qaytmoqda. Oktyabr oyida Yevropa Markaziy banki (EMB) yil davomida uchinchi marta foiz stavkalarini pasaytirdi. Bu qaror iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va inflatsiyaning maqsadli darajadan past bo‘lgan 1,7 foizgacha tushishiga javoban qabul qilindi. Germaniya allaqachon inqiroz holatiga tushgan bo‘lib, EMB endi o‘ta qattiq chora-tadbirlar yevrozona iqtisodiyotining tiklanishiga xavf solishi mumkinligidan xavotirda.
The Economist'ning qayd etishicha, turli iqtisodiy omillar tufayli yuzaga kelgan bu tafovut Atlantikaning ikki qirg‘og‘ida 5000 kilometrlik “inflyatsion farq”ni ko‘rsatmoqda. AQShda rivojlanayotgan iqtisodiyot va mustahkam mehnat bozori inflyatsion bosimni kuchaytirsa, Yevropada sust iqtisodiy o‘sish yana uzoq muddatli iqtisodiy turg‘unlik xavfini keltirib chiqarmoqda.
Mavzuga oid
11:15
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
10:46
AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi
10:31
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:52 / 20.11.2024