Jahon | 21:25 / 30.10.2024
9202
6 daqiqa o‘qiladi

Trampning tarafdorlari Bayden ularni «chiqindi» deb ataganini aytishmoqda

Oq uy versiyasiga ko‘ra, gap apostrofda.

Foto: Reuters

AQShda saylov arafasida «chiqindi» mojarosi avj olmoqda. Bu safar «chiqindi» so‘zini prezident Jo Bayden ishlatdi. U prezidentlikka nomzod Donald Trampning Puerto Rikoni «suzuvchi chiqindi oroli» deb atagan tarafdorining ritorikasini nazarda tutganini aytgan. Respublikachilar esa Bayden bu orqali partiya tarafdorlarini haqoratlagan deb hisoblamoqda. Muhokama ingliz tili grammatikasidagi nyuansgacha yetib bordi.

«The only garbage I see floating out there is his supporters» («Men ko‘rib turgan yagona suzuvchi chiqindi — bu uning tarafdorlari») — Jo Bayden Demokratik partiyaning lotinamerikalik tarafdorlari bilan 29 oktyabr kuni zum orqali o‘tkazilgan uchrashuvda qo‘llagan ibora shunday eshitildi.

Bir kun oldinroq garbage so‘zi Donald Trampning Nyu-Yorkdagi mitingi sahnasida yangragandi. Qiziqchi Toni Hinchkliff Puerto Rikoni «suzib yuruvchi chiqindi orol» deb atagan, bu demokratlarda ham, respublikachilarda ham, shuningdek, puertorikaliklar diasporasida ham keskin norozilik uyg‘otgandi.

Bu safar esa Trampning tarafdorlari norozilik bildirmoqda, uning o‘zi esa Pensilvaniyadagi saylovchilar qarshisida qilgan chiqishida 2016 yili unga saylovlarda Dempartiya nomzodi sifatida raqiblik qilgan Hilari Klinton uning saylovchilarini «achinarli» (deplorables) deb ataganini eslatgan.

«Men o‘ylaymanki, chiqindi yomonroq, to‘g‘rimi? Ammo, iltimos, u nima deyayotganini o‘zi bilmaydi», — degan Tramp.

Keyinroq o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida u quyidagicha post yozdi: «Amerika xalqini sevmasdan Amerikani boshqarib bo‘lmaydi».

Tramp Pensilvaniyadagi saylovchilar bilan uchrashuvda. Foto: EPA

Baydenning o‘zi esa uni noto‘g‘ri tushunishganini aytgan.

X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Twitter) shaxsiy sahifasida Bayden qiziqchi Hinchkliffning ritorikasini nazarda tutgani haqida yozgan. «Chiqindi — Medison-skver-gardendagi mitingda Trampning tarafdori og‘zidan chiqqan nafratomuz so‘zlar bilan bog‘liq tarzda xayolimga kelgan yagona so‘z», — degan u.

Bayden tvitida Hinchkliffga nisbatan supporter so‘zini qo‘llagan. U zum orqali tarafdorlari bilan uchrashuvida ham xuddi shu so‘zni aytgandi.

Shu kuni Oq uy ushbu uchrashuvning to‘liq rasshifrovkasini e’lon qildi. Unda ko‘rsatilishicha, Bayden supporters emas, supporter’s, ya’ni «tarafdor»ning ko‘plik shaklini emas, balki yagona tarafdorga egalik qo‘shimchasini qo‘shib ishlatgan. Bu so‘zlar bir xil eshitiladi.

Bu versiyada Baydenning luqmasi quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi: «The only garbage I see floating out there is his supporter’s — his — his demonisation of Latinos is unconscionable» («Men ko‘rib turgan yagona suzib yuruvchi chiqindi uning tarafdoridir — uning lotinoamerikaliklarni demonlashtirishi vijdonsizlikdir»).

«Chiqindi» qanday qilib saylovoldi kampaniyasining so‘nggi haftasida muhim so‘zga aylandi

«Chiqindi mojarosi» uch kun muqaddam, yakshanba kuni, Hinchkliff (Kill Tony taxallusi bilan tanilgan qiziqchi)Donald Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan mitingda oldindan tayyorlangan quyidagicha hazil qilgandi: «Ko‘p narsa bo‘lmoqda. Bundan xabardormisiz, bilmayman, ammo hozir okeanning o‘rtasida chiqindi oroli suzib yuribdi. Uni Puerto Riko deb atashadi».

Tramp jamoasi komikning hazilini o‘zidan soqit qildi va bu so‘zlar nomzodning qarashlarini aks ettirmasligini bildirdi. Shunga qaramay, hodisa Tramp manziliga tanqidlar to‘lqinini keltirib chiqardi, Puerto Riko rasmiylari va arxiyepiskopi sobiq prezident shaxsan uzr so‘rashini talab qildi.

Tramp uzr so‘ragani yo‘q. Seshanba kuni u mojaro yuzasidan ilk bor munosabat bildirdi va «kimdir qandaydir yomon so‘zlar aytgani», ammo buni «qandaydir muhim» deb hisoblamasligini bildirdi.

Qiziqchi Toni Hinchkliff Trampni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan mitingda

Puerto Riko AQSh boshqaruvida ekaniga qaramay, mazkur hudud aholisi prezidentlik saylovlarida ovoz bera olmaydi. Ammo AQShda puertorikaliklarning kattagina diasporasi mavjud, uning vakillari esa ovoz berish huquqiga ega — va ularning aksari azaldan demokratlarni qo‘llaydi.

Xususan, «ikkilanuvchi» shtat hisoblanib, goh Respublikachilar partiyasi nomzodiga ovoz beradigan, goh uning Dempartiyadan bo‘lgan raqibini qo‘llashni afzal ko‘radigan Pensilvaniya shtatida ham kelib chiqishiga ko‘ra Puerto Rikodan bo‘lganlarning katta guruhi istiqomat qiladi. Bu shtatdagi saylov natijalari va Pensilvaniyadagi delegatlar ovozi Tramp uchun ham, Harris uchun ham o‘ta muhim, chunki so‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, ular orasidagi farq  minimal darajada bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid