Jahon | 23:44 / 31.10.2024
5636
5 daqiqa o‘qiladi

Respublikachi Shvarsenegger saylovda demokrat Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlashini aytdi

U Trampga ovoz berishni istamasligini ma’lum qildi va uning AQSh muammolarini faqat saylovoldi muzokaralari uchun asos qilib olganini, mamlakatni «dunyoning axlat qutisi» deb ataganini esladi.

Foto: AP

Amerikalik aktyor, Kaliforniya shtatining sobiq respublikachi gubernatori Arnold Shvarsenegger demokrat nomzod Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatladi. U Trampga ovoz berishni istamasligini aytdi va uning AQSh muammolarini faqat saylovoldi muzokaralari uchun asos qilib olganini, mamlakatni «dunyoning axlat qutisi» deb ataganini esladi. Shvarsenegger sobiq prezidentni Kapitoliyga bostirib kirgani uchun ham tanqid qildi.

«Siyosat keyingi saylovda g‘alaba qozonish uchun raqib bilan ishlashni, uni haqorat qilmaslikni talab etadi. <...> Hozir menga hech qaysi partiya yoqmaydi. Respublikachilar erkin bozorning go‘zalligini unutdilar, kamomadni oshirdilar va saylov natijalarini rad etdilar. Demokratlar kamomadni boshqarishda yaxshiroq emas va men ularning mahalliy siyosati ko‘proq jinoyatchilikni keltirib chiqarish orqali shaharlarimizga zarar yetkazayotganidan xavotirdaman. Siyosatni har qachongidan ham yomon ko‘rishim ajablanarli emas va agar siz bu axlatdan yiroq oddiy odam bo‘lsangiz, ehtimol buni tushunasiz», dedi u.

Shvarsenegger so‘zlariga ko‘ra, Amerikani Tramp tomonidan axlat qutisi deb atalishi «vatanparvarlik emas va o‘zini darg‘azab qiladi».

«Men bu siyosatga e’tibor bermaslikni xohlardim, lekin buning iloji yo‘q. Chunki saylov natijalarini rad etish — Amerikaga to‘g‘ri kelmaydi. Menga o‘xshagan, butun dunyo bo‘ylab odamlar bilan muloqotda bo‘lgan va shu tufayli Amerika tepalikdagi porloq shahar ekanini biladigan odam uchun Amerikani dunyoning «axlat qutisi» deb atalishi vatanparvarlik emas va darg‘azab qilmoqda. Men respublikachi emas, hamisha amerikalik bo‘laman. Shuning uchun men bu hafta Kamala Harris va Tim Uolzga ovoz beraman», dedi u.

Shvarsenegger amerikaliklarning muammolari siyosatchilar tomonidan o‘z maqsadiga erishish yo‘lida foydalanilayotganini ta’kidladi.

«Biz o‘nlab yillar davomida davlat qarzi haqida gapiramiz. O‘nlab yillar davomida biz chegaralarimizni himoya qiladigan va muammoli immigratsiya tizimimizni tuzatadigan keng qamrovli islohot haqida gapiramiz. Ammo Vashington hech narsa qilmayapti. Muammolar o‘sishda davom etmoqda va biz hammamiz g‘azablanamiz, chunki […] muammolar siyosatchilarga foyda keltiradi, ular muammolardan o‘z maqsadlari yo‘lida, amerikaliklar uchun hayotni qanday yaxshilashi haqida gapirish uchun foydalanadilar. Ular uchun bu shunchaki o‘yin, ammo yurtdoshlarim uchun bu hayot. Biz g‘azablanishimiz kerak», dedi u.

Shvarsenegger respublikachi nomzod Tramp aramerikaliklar muammolarini yechishga qodir emasligini ta’kidladi.

«Ammo nomzod saylovda o‘zidan boshqalarga berilgan ovozlarni hurmat qilmasa, o‘z tarafdorlarini Kapitoliyga bostirib kirish uchun yuborsa va buni diyetik kola ichib, kuzatib tursa, soliqlarni kamaytirishdan boshqa siyosatni amalga oshirishga qodir emasligini ko‘rsatsa, vaholanki, bu siyosat faqat boylarga yordam bergan bo‘lsa, o‘z fikriga qo‘shilmaydigan amerikaliklarni Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreyadan ham katta dushman deb bilsa, bu nomzod — muammolarni hal qilolmaydi», dedi u.

Shvarsenegger demokratlar platformasi bilan ko‘plab fikrlari to‘g‘ri kelmasa-da, saylovda aynan ularni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

«Aks holda bu bizni yanada g‘azablantiradigan, bo‘lib tashlaydigan va nafratimizni oshiradigan navbatdagi, behuda ketgan 4 yil bo‘ladi. Biz Amerika tarixining ushbu bobiga eshikni yopishimiz kerak va men sobiq prezident Tramp buni qilolmasligini bilaman. U odamlarni bo‘lib tashlaydi, haqorat qiladi, u bizni avvalgidan ko‘ra g‘ayriamerikalik bo‘lishning yangi usullarini topadi va biz ko‘proq g‘azabdan boshqa hech narsani olmaymiz. Bu o‘z ovozimni barchangiz bilan baham ko‘rishim uchun yetarli sababdir. Men mamlakatning oldinga siljishini xohlayman va garchi demokratlarning platformasi bilan ko‘plab kelishmovchiliklarim bo‘lsa-da, men buni qilishning yagona yo‘li - Harris va Uolz deb hisoblayman», dedi u.

Mavzuga oid