Sport | 16:09 / 31.10.2024
15140
13 daqiqa o‘qiladi

Yamal, Virts va Husanov - Squawka kuchli beshlikning eng yaxshi vunderkindlari haqida maqola e’lon qildi

Buyuk Britaniyaning Squawka nashri joriy mavsumda Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida harakat qilayotgan eng iqtidorli yosh futbolchilar borasidagi tahliliy maqolasini e’lon qildi va unda O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovni ham e’tirof etib o‘tdi. Quyida ushbu maqolaning to‘liq tarjimasi keltiriladi.

Yevropa bo‘ylab yosh iqtidor egalari hujumdagi qobiliyati va himoyadagi dominantligi bilan muxlislarni o‘z o‘rinlaridan turishga majbur qilmoqda. Squawka Score tizimi yosh futbolchilarning statistikalarini tahlil qilib chiqqan va mavsum davomida diqqat bilan kuzatishga arziydigan iqtidorlar ro‘yxatini taqdim etgan.

Abduqodir Husanov — markaziy himoyachi

  • Klub — «Lans»
  • Yoshi — 20
  • Squawka Score — 72 foiz

Atigi 20 yoshda bo‘lishiga qaramay, ushbu futbolchi O‘zbekiston taqdim qilgan tarixdagi eng iqtidorli futbolchi nomi uchun jiddiy da’vogar bo‘lib bormoqda. Ushbu nomni «Roma»da faoliyat olib borayotgan va milliy jamoa libosidagi 76 ta uchrashuvda 41 ta gol urib, bu borada rekordchi bo‘lib turgan Eldor Shomurodov egallab turgandi. Abduqodir «Lans» ort chizig‘iga balans va xotirjamlik baxsh etmoqda. Himoyaviy kutib olishlar borasida u Fransiya chempionati himoyachilari orasida yetakchi bo‘lib turibdi — 90 daqiqa hisobiga o‘rtacha 3,09 ta. Himoya uchligi bilan qolgan holda to‘pni yutib olish bo‘yicha ham u ligada peshqadam — 90 daqiqa hisobiga 3,48 ta. Xavfni bartaraf etishda esa u ikkinchi — o‘rtacha 6,37 harakat.

Natan Zeze — markaziy himoyachi

  • Klub — «Nant»
  • Yoshi — 19
  • Squawka Score — 74 foiz

Fransiyani bejiz iqtidorlar ligasi deyishmaydi. Fransiya birinchiligida porlayotgan yana bir iqtidorli futbolchi — Natan Zeze. Fransiyalik futbolchi himoyalanish va to‘p bilan o‘ynash masalalarida shu qadar yaxshi taassurot qoldirmoqdaki, «Liverpul» va «Aston Villa» uning transferiga qiziqish bildirayotgani haqida mish-mishlar paydo bo‘lyapti. Zeze eng yorqin o‘yinini «Tuluza»ga qarshi 0:0 hisobida yakunlangan bellashuvda ko‘rsatdi va unda 19 yoshli himoyachi naq 10 marta to‘pni himoya chizig‘idan olib chiqishni amalga oshirdi, 3 marta to‘pni qaytarib oldi, 2 marta muvaffaqiyatli podkat qildi, 2 bor raqiblarini kutib oldi va o‘zi ishtirok etgan 4 ta yelkama-yelka kurashning barchasida ustun keldi.

Levi Kolvill — markaziy himoyachi

  • Klub — «Chelsi»
  • Yoshi — 21
  • Squawka Score — 74 foiz

Angliya milliy jamoasining Gretsiyaga qarshi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yinida kimnidir e’tirof etish mumkin bo‘lsa, bu — Levi Kolvilldir. Ushbu himoyachi yunonlarning yana bir golli zarbasini darvoza chizig‘idan qaytarib, Jordan Pikfordni butkul sharmandalikdan qutqarib qoldi. Biroq qayd etish kerakki, u «uch sherlar»ning himoyasidagi xaosda ham o‘z «hissasini qo‘shdi». Ammo Mareska boshqaruvidagi «Chelsi»da almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylanib ulgurgan. U Virjiyl van Deyk («Liverpul») va Nikola Milenkovichdan («Nottinghem Forest») keyin har 90 daqiqada jarima maydonchasi ichida o‘rtacha 2 tadan ko‘p himoyaviy kutib olishni amalga oshirayotgan 3-futbolchidir. Uzatmalar bo‘yicha ham u ligada Maksim Lakrua, Jan-Pol van Hekke va Virjiyl van Deykdan keyingi o‘rinda boryapti. Chapaqayligi esa uning himoyachi sifatidagi bahosini oshiradi.

Karlos Baleba — tayanch yarimhimoyachi

  • Klub — «Brayton»
  • Yoshi — 20
  • Squawka Score — 69 foiz

Karlos Baleba 2023 yilda «Lill»dan katta umidlar bilan olib kelingandi, ammo uning kutilmalarni oqlaydigan futbolchi sifatida o‘zini shakllantirib olishi uchun bir mavsumlik moslashish talab qilindi. Allaqachon Kamerun milliy jamoasida 4 ta uchrashuvda qatnashishga ulgurgan futbolchi «Brayton» safida 200 dan ko‘p daqiqalarda o‘ynaganlar orasida aniq podkatlar (3,19) va himoyaviy kutib olishlar (2,13) bo‘yicha yetakchi bo‘lib turibdi. Shuningdek, APL va Angliya liga kubogida gol urishga ham ulgurdi.

Xavi Simons — hujumkor yarimhimoyachi

  • Klub — «Leypsig»
  • Yoshi — 21
  • Squawka Score— 70 foiz

Alohida tanishtirishga muhtoj bo‘lmagan futbolchi. Xavi Simons yana ijarada va u bundesligada o‘zi ishtirok etgan 6 uchrashuvda 2 ta gol hamda 2 ta assist amalga oshirishga ham ulgurdi. Bu ham ushbu futbolchidan eng avvalida kutilgan darajaning juda kichik ko‘lamdagi ijrosi. Lekin «Leypsig» uning ko‘magi bilan «Bavariya» tempiga dosh bergan holda, yuqori pog‘onalar uchun kurashishda davom etmoqda. Bunda himoya yaxshi ishlayotgani va 8 o‘yinda atigi 3 ta gol o‘tkazgani ham katta ahamiyatga ega. Agar hujumga ham shunday e’tibor qaratilsa, Simonsning raqamlarida ham yaxshilanish kuzatilishi mumkin.

Joau Nevesh — markaziy yarimhimoyachi

  • Klub — PSJ
  • Yoshi — 20
  • Squawka Score — 72 foiz

70 million yevroga transfer qilingan futbolchida, tabiiyki, bosim yuqori bo‘lishi aniq, biroq hozircha portugaliyalik yarimhimoyachi Parijdagi faoliyatining dastlabki qismida ishonchni oqlamoqda. U Liga-1’da allaqachon 1 gol urib, 6 ta assistni amalga oshirdi, Yevropada faqat nisbatan oldinroqda o‘ynaydigan Bukayo Saka undan oldinda - 7 ta assist. Uning 90 daqiqa hisobida yaratgan vaziyatlari o‘rtacha 2,05 tani tashkil etgan va bu parijliklar safida 5-ko‘rsatkichdir, lekin assistlar bo‘yicha ularning hech biri Joauga yaqin yo‘lay olmaydi.

Yaya Fofana — markaziy yarimhimoyachi

  • Klub — «Reyms»
  • Yoshi — 20
  • Squawka Score — 76 foiz

Yana Fransiyaga qaytamiz va bu gal ham ajoyib iqtidor egasi bo‘lgan Yaya Fofana ismli yarimhimoyachi bilan. 20 yoshli futbolchi bittadan gol va assist amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari, uning hisobida har 90 daqiqa hisobiga hujum uchligiga o‘rtacha 5,82 ta uzatma, aldab o‘tishlar 1,5 ta va 2,7 ta muvaffaqiyatli podkat bor.

Pedri — markaziy yarimhimoyachi

  • Klub — «Barselona»
  • Yoshi — 21
  • Squawka Score — 73 foiz

Pedri Yevro-2024 chempionatida ham jarohat olgandi, biroq u allaqachon maydonga qaytgan va 7 ta o‘yinda 3 ta gol hamda bitta assist qilishga ham ulgurdi. Pedri hujum uchligiga yetkazib berilgan uzatmalar soni bo‘yicha «Barsa»ning istalgan futbolchisidan yaxshiroq ko‘rsatkichga egaligi (19,01 ta) muxlislarni hayron qoldirmasa kerak. U har 90 daqiqada o‘rtacha 2,45 ta xavfli vaziyat yaratmoqda, bu borada kataloniyaliklar jamoasida faqat Rafinyaning ko‘rsatkichi yaxshiroq.

«Men o‘zimni erkin his qilyapman. Menimcha, murabbiy mendan bosimsiz o‘ynashim va o‘zim bilgan ishni maydonda namoyish etishimni so‘ramoqda. Men o‘zimni juda yengil his qilyapman», — deydi Pedri Flik qo‘l ostidagi o‘yini haqida.

Florian Virts — hujumkor yarimhimoyachi

  • Klub — «Bayyer»
  • Yoshi — 21
  • Squawka Score — 83 foiz

Florian Virtsni ta’riflashga hojat yo‘q. O‘tgan mavsumdagi fenomenal oltin dubldan so‘ng, germaniyalik vunderkind yangi mavsumni ham o‘zgacha ishtaha bilan boshladi. Bundesligada 4 ta gol urgan yarimhimoyachi Chempionlar Ligasida ham 2 bor tabloga o‘z nomini yozdirib qo‘yishga erishdi. Shunchaki aytish kerakki, bu futbolchi o‘z davrining eng yaxshilaridan biri bo‘lish yo‘lidan ketmoqda.

Elies Ben Segir — hujumkor yarimhimoyachi, vinger

  • Klub — «Monako»
  • Yoshi — 19
  • Squawka Score — 82 foiz

Elies Ben Segir bir necha mavsumdan beri monakoliklar safida o‘zini ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa-da, aynan shu mavsumda o‘zini rosmana vunderkind sifatida namoyish eta boshladi. Fransiya 1-ligasida allaqachon 2 ta gol va 2 ta assist amalga oshirdi. Hujum uchligiga beriladigan uzatmalar bo‘yicha ham (14,39 ta) u faqat Aleksandr Golovindangina ortda (18,79 ta). Fransiya yoshlar tizimida shug‘ullangan Ben Segir Marokash bilan jahon chempionati saralashi doirasidagi Zambiya va Kongoga qarshi uchrashuvlarda bittadan gol hamda assist qildi.

Alberto Moleyro — hujumkor yarimhimoyachi, vinger

  • Klub — «Las Palmas»
  • Yoshi — 21
  • Squawka Score — 77 foiz

La Liganing bu mavsumida faqat oxirgi turlarga kelib g‘alabaga erishgan va turnir jadvalining quyi qismida borayotgan «Las Palmas»ning nursiz o‘yinlari ham Alberto Moleyroning yorqin o‘yiniga soya sololmayapti. Hujumkor yarimhimoyachi jamoasining La Ligada kiritgan gollarining uchdan bir qismiga (13 tadan 4) mualliflik qilib turibdi. Qo‘shimchasiga, uning har o‘yinda o‘rtacha 1,84 ta yaratgan vaziyatlari va 2,62 ta muvaffaqiyatli driblingi jamoadoshlari orasida mos ravishda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallab turishini ta’minlamoqda.

Lamin Yamal — vinger

  • Klub — «Barselona»
  • Yoshi — 17
  • Squawka Score — 91 foiz

Virtsni eng yaxshi iqtidorlardan biri deyishga sababchi mana shu Lamin Yamal bo‘ladi, chunki eng yaxshisi — u. Rostdan ham, qanday qilib bu bola 17 yosh bo‘lishi mumkin? Yamalning iqtidoriga shubha qilganlarga Yevro-2024ʼda Ispaniyani chempionlik sari yetaklab borishini tomosha qilishga old qatorlardan joy olib berdi. Shundan so‘ng, u yangi mavsumni 5 ta gol va 6 ta assist bilan boshlab ham oldi. Chempionlar Ligasidagi gollari hisobini ham ochishga ulgurgan Yamal ushbu turnirda gol urgan eng yosh futbolchilar reytingida Ansu Fatidan keyingi o‘ringa joylashdi. Shuningdek, «Real»ga qarshi klasikoda gol urgan eng yosh futbolchi bo‘ldi, bu borada ham Fatining natijasini yaxshiladi. Har o‘yinda o‘rtacha hisobda amalga oshirayotgan 3,37 ta muvaffaqiyatli driblingi «Barselona»dagi istalgan jamoadoshining natijasidan yaxshiroq.

Santyago Kastro — hujumchi

  • Klub — «Bolonya»
  • Yoshi — 20
  • Squawka Score — 74 foiz

Shu yil yanvarida Argentinaning «Velez» klubidan Italiyaga ko‘chib o‘tgan futbolchi allaqachon o‘z yo‘lini topib olishga ham ulgurdi. Joshua Zirkze ketganidan so‘ng bo‘shab qolgan hujum chizig‘ini to‘ldirayotgan futbolchi A Seriya joriy mavsumida 3 ta gol va bitta assist amalga oshirdi. Ammo 172 sm bo‘yga ega futbolchining texnik imkoniyatlari ham niderlandiyalik sobiq jamoadoshinikidan farq qiladi. Misol uchun, har 90 daqiqada u 1,17 ta muvaffaqiyatli dribling amalga oshirmoqda.

Emmanuel Emega — hujumchi

  • Klub — «Strasbur»
  • Yoshi — 21
  • Squawka Score — 75 foiz

Yana Fransiyaga qaytamiz va bu gal Niderlandiya yoshlar jamoalarida o‘ynovchi, 21 yoshida o‘z yurtidan tashqari, Belgiya, Avstriya va Fransiyada o‘ynashga ulgurgan futbolchi uchun. «Chelsi» o‘zining tarmoq klubi hisoblangan «Strasbur» safida o‘tgan mavsumdagi 38 ta uchrashuvda 12 ta gol va 3 ta assist qayd etgan futbolchiga qiziqish bildirmoqda. «Shturm Graz» safidan fransuzlar klubiga kelib qo‘shilgan futbolchi har 90 daqiqada amalga oshirilayotgan aniq zarbalar soni (1,97) bo‘yicha Liga-1’da faqat Usmon Dembele va Jonatan Roudan ortda bormoqda, xolos.

Squawka saytidan Abdulbasit Valixonov tarjimasi

Mavzuga oid