Iqtisodiyot | 18:28 / 01.11.2024
10137
4 daqiqa o‘qiladi

Dori-darmonga 15,5 trillion so‘m - o‘zbekistonliklar nimalarga eng ko‘p xarajat qilmoqda?

2024 yilda onlayn nazorat-kassa mashinalari eng ko‘p oziq-ovqat mahsulotlari uchun chek bergan bo‘lsa, keyingi o‘rinda dori vositalari turibdi. O‘zbekistonliklar sotib olgan 1,2 milliard dollarlik dori vositalarining 78 foizi xorijiy mahsulotlar hisoblanadi. Oziq-ovqat va dorilardan so‘ng eng ko‘p chek - metan gazi uchun berilgan.

30 oktyabr kuni Toshkentda ma’lumotlarni boshqarish mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, tadbirda Soliq qo‘mitasi faoliyatida ma’lumotlarni jamlash va foydalanish sohasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Xususan, onlayn nazorat-kassa mashinalarining avtomatlashtirilgan axborot tizimi doirasida to‘planayotgan ma’lumotlar ko‘lami ko‘rsatildi. Unda ma’lum vaqt oralig‘ida qaysi mahsulot qay miqdorda sotilganini ko‘rish mumkin.

ONKM avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyiga qadar 2,1 milliard donadan ortiq chek berilgan. Bu cheklar tushumi 251 trillion 497 milliard so‘mdan oshadi – qariyb 19,7 milliard dollar.

1-jadval

Taqdimotda eng ko‘p sotilayotgan mahsulot va xizmatlar, shuningdek, faoliyat turlari bo‘yicha tushum ko‘rsatilgan.

Faoliyat turlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari (652 mingta), transport xizmatlari (230 mingta) hamda farmatsevtika mahsulotlari (199 mingta) uchun eng ko‘p cheklar berilgan. Sotilgan tovar va xizmatlar borasidagi eng ko‘p cheklar esa — transport xizmatlari (247 mingta), alkogolsiz ichimliklar (205 mingta) hamda dori vositalari (190 mingta) uchun berilgan.

Agar chek summalari borasida hisob-kitob qilinsa (yashirib qo‘yilgan bo‘lsa-da, jadvaldagi o‘rinlar cheklarning umumiy summasi asosida tartiblangani ko‘rinib turibdi), o‘zbekistonliklar pulini birinchi navbatda oziq-ovqat mahsulotlari va alkogolsiz ichimliklar uchun sarflayotganini ko‘rsatmoqda.

Ikkala ustunda ham ikkinchi o‘rinda eng ko‘p sarflanayotgan pullar dori vositalari (farmatsevtika mahsulotlari) ekanini ko‘rish mumkin.

ONKM cheklaridagi yana bir holat e’tiborga molik. Sotilgan mahsulotlardagi chek summalari bo‘yicha o‘zbekistonliklar oziq-ovqat va dori vositalaridan keyin eng ko‘p metan gazi uchun pul to‘layapti.

Sotilgan dori vositalari sarflangan pul miqdori – 15 trillion 512 milliard 910 million so‘mdan (taqriban 1,2 milliard dollar) oshadi. Dorilarning 22 foizi – 3 trillion 280 milliard so‘mlik mahalliy mahsulot bo‘lsa, 78 foizi – 12 trillion 232 milliard so‘mlik xorijiy mahsulotlar hisoblanadi.

2-jadval

2024 yilning 10 oyi davomida O‘zbekistonda sotilgan dorilar aholi jon boshiga hisoblaganda 421 ming so‘mdan tushmoqda. Sotib olingan dori mahsulotlari summasi bo‘yicha hududlar miqyosida eng yirik to‘lovlar Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Soddaroq qilib tushuntirsak, Toshkent shahrida 2024 yilning 10 oyi davomida sotib olingan jami dori vositalarining summasi poytaxt aholisiga bo‘linsa, bir kishiga 1 million 387 mingdan to‘g‘ri kelmoqda. Bu o‘rinda Toshkentda eng yirik shifoxonalar borligi hamda butun respublika bo‘yicha millionlab aholi poytaxtga kelib davolanishga majbur bo‘lishini hisobga olish kerak. Shu holat ham Toshkentda dori vositalarining savdosi boshqa hududlardan keskin farq qilishiga asosiy sabablardan biri hisoblanadi.

Buxoro va Samarqand viloyatlarida ham ushbu davrda dori-darmon savdosi aholi jon boshiga hisoblaganda yuqori – 500 ming so‘mdan oshadi. Qolgan hududlarda summalar o‘xshash 200 mingdan 380 ming so‘mgacha. Hisobot organi ma’lumotlariga ko‘ra, jami 7 hududda aholi jon boshiga dorilar uchun sarflanayotgan summa BHMdan oshadi.

3-jadval

Eng ko‘p sotilayotgan dori vositalari — yurak-qon tomir, infeksion va asab tizimi kasalliklari hamda og‘riq qoldiruvchi vositalar guruhiga kirishi qayd etilgan. Shuningdek, hududlarda asosan qaysi turdagi kasalliklarga qarshi dori vositalari ko‘proq sotilayotgani ham ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid