O‘zbekiston | 16:28 / 01.11.2024
4190
2 daqiqa o‘qiladi

Zarafshon shahri aeroporti faoliyati tiklanishi mumkin

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida 1980-yillarda qurilgan aeroport hozir ishlamayapti. Prezident ushbu aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganib, tegishli taklif kiritishni topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Navoiy infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.

Qayd qilinishicha, viloyatdagi Zarafshon shahri aholisi 2-3 yilda 100 mingdan oshadi. Shu bois, Zarafshon hududini Tomdi tumani hisobidan 2 ming gektarga kengaytirib, 150 ming aholi uchun sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 ming aholi yashaydi. Ular Toshkent shahriga borish uchun avval avtomobilda 250-300 kilometr yo‘l yurib, Navoiy shahriga yetib oladi. Keyin bu yerdan poyezd yoki samolyotga o‘tirib, poytaxtga borishga majbur bo‘layapti.

Zarafshon shahrida 1980-yillarda qurilgan aeroport hozir ishlamayapti. Ushbu aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganib, tegishli takliflar kiritish topshirildi.

Mas’ullar oldiga ijtimoiy infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarini qish mavsumiga sifatli tayyorlash, kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilarga ayollarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, yoshlar bilan ishlashni yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid