In qurishga xomashyo, suzish uchun sol: yovvoyi tabiat plastikka qanday qilib moslashdi?
Plastik chiqindilar atrof-muhitga shunchalik aralashib ketganidan, hayvonlar ularga moslashishga majbur bo‘lmoqda. Ko‘plab jonivorlar plastikdan o‘z maqsadlari uchun foydalanishni boshlagan.
Yaponiyaning Okinava plyajida plastmassa qoshiqcha ko‘tarib yurgan qisqichbaqa tadqiqotchilar e’tiborini tortdi, jonivor undan uy sifatida foydalanadi. Umuman olganda, bunday manzaralarni tez-tez uchratish mumkin — hayvonlar tabiatga aralashib ketgan plastik chiqindilar orasida hayotga moslashishga majbur bo‘lmoqda. Bunday muhit ko‘plab turlarning odatiy xatti-harakatlarini o‘zgartiradi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda 435 million tonnaga yaqin plastik chiqindilar hosil bo‘ladi, shundan 22 million tonnaga yaqini atrof-muhitga tushadi. Hayvonlar plastikdan o‘z yashash muhitini yaxshilashda foydalanmoqda: qushlarning inlarida, qisqichbaqalar va boshqa hasharotlarning uylarida plastik elementlarni ko‘rish mumkin.
2023 yilda tadqiqotchilar havaskor tabiatshunoslar olgan fotosuratlarni tahlil qilib, butun dunyo bo‘ylab qisqichbaqalar boshpana uchun chig‘anoq o‘rniga ko‘pincha plastik buyumlarni tanlayotganini aniqladi. Plastik eng keng tarqalgan “material”ga aylandi. 2010 yilda plastik “uycha”dagi qisqichbaqani birinchi bo‘lib ko‘rgan fotosuratchi Shon Miller bu hodisadan “mutlaqo hayratda qolgan”ini aytgan.
Bundan tashqari, plastik chiqindilar turlarning uzoq masofalarga ko‘chishiga zamin yaratmoqda. Jonivorlar uzoq vaqt davomida yog‘och bo‘laklaridan okeanlarda suzish uchun tabiiy “sol” sifatida foydalangan, biroq ular juda kam uchraydi va tez chiriydi. Plastik esa, aksincha, mustahkam va uzoq muddatli bo‘lib, hayvonlar uchun yanada ishonchli transport vazifasini o‘tamoqda.
2011 yilgi sunamidan keyin Yaponiyada minglab tonna plastik chiqindilar okeanga tushdi, bu esa turlarning AQSh g‘arbiy qirg‘oqlariga ommaviy ko‘chishiga olib keldi. Tadqiqotlarga ko‘ra, Yaponiyadan 300 ga yaqin dengiz jonivorlari AQShga kelgan. Olimlar bu jarayon tabiiy ekotizimlarni buzadigan invaziv turlarni paydo qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Plastik qirg‘oqbo‘yi turlarga nafaqat ochiq okeanda yashab qolish, balki ko‘payish imkoniyatini ham yaratmoqda. 2023 yilda mutaxassislar Tinch okeanining shimoliy qismidagi chiqindi dog‘idan to‘plangan namunalarning qariyb 70 foizida ochiq dengizda yashashga moslasha oladigan turlarni aniqladi.
Hayvonlar ko‘plab plastik buyumlardan tirik qolish vositasi sifatida ham foydalanmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, dengiz tipratikanlari va sakkizoyoqlar plastik chiqindilarni o‘z maqsadlari yo‘lida faol ishlatishni boshlagan. Masalan, g‘arbiy Atlantikadagi dengiz tipratikanlari yashirinish uchun an’anaviy toshlar o‘rniga ko‘pincha plastik parchalarini tanlaydi. Ammo olimlarning ta’kidlashicha, shaffof plastik quyosh nurlaridan kuyish xavfini oshirishi mumkin.
Sakkizoyoqlar esa o‘z inlari eshigini bekitish yoki hatto harakatlanish uchun plastik materiallardan foydalanadi.
Mutaxassislarning aytishicha, ushbu misollar plastikning tabiiy muhit va hayvonlarga ta’sirini faqat yuzaki ko‘rsatib bermoqda. Yildan yilga plastik chiqindilar miqdori ortib bormoqda, bu holat nafaqat ayrim turlar uchun, balki butun ekotizim uchun xavfni kuchaytiradi. Tadqiqot mualliflari dengiz jonivorlari va ularning yashash muhitiga tahdid solayotgan plastik chiqindilar hajmini qisqartirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.
Mavzuga oid
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
15:30 / 13.11.2024
Qozog‘istonga yo‘lbarslar qaytarilmoqda. Ular bundan 70 yil avval yo‘qolib ketgandi
15:46 / 30.10.2024
Enso Mayorka - ovchidan tabiat himoyachisiga aylangan sportchi haqida hikoya
14:20 / 24.10.2024