Jahon | 10:30 / 02.11.2024
3730
3 daqiqa o‘qiladi

Lavrov Turkiyani Ukrainaga qurol yetkazib bergani uchun tanqid qildi

Anqara «harbiy mojaroni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyor, biroq Kiyevga «rossiyalik harbiy xizmatchilarni o‘ldirish uchun» qurol yetkazib berishda davom etmoqda», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Turkiyaning Hurriyet gazetasiga bergan intervyusida.

Foto: AP

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkiyani Ukrainaga qurol yetkazib bergani uchun tanqid qildi. «Afsuski, Anqara «Kiyev rejimi» bilan harbiy-texnik sohada hamkorlikni davom ettirmoqda, turk qurollari Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan rossiyalik harbiy xizmatchilar va tinch aholi vakillarini o‘ldirishda qo‘llanmoqda», — dedi Lavrov 1 noyabr, juma kuni Turkiyaning Hurriyet gazetasiga bergan intervyusida.

Uning fikricha, Turkiyaning bunday harakatlari Ukrainadagi «harbiy mojaro»ni hal etishda vositachilik qilishga tayyorligiga zid keladi. Shu bilan birga, u Rossiya Federatsiyasi «Turkiyaning Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuksak qadrlashini» ta’kidladi va 2022 yil bahorida Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarni, shuningdek, Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuvni esladi. 

Erdo‘g‘an RFga «g‘alla bitimi»ni davom ettirish bo‘yicha hujjatlarni topshirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya tomoniga «don kelishuvi»ni davom ettirish imkoniyati haqidagi hujjatni topshirdi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin 25 oktyabr kuni «60 minut» dasturiga bergan intervyusida.

«Endi biz kecha uchrashgan janob Erdo‘g‘an Qora dengizdagi yuk tashish va boshqa ba’zi masalalar bo‘yicha aloqalarni davom ettirish bo‘yicha bu takliflarini yana bir bor yangiladi», — dedi Putin.

«Kelajakda bunday urinishning takrorlanishini muhokama qilish haqidagi hujjat loyihasi hozirda bizning tegishli idoralarimiz va mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganilmoqda», — dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Qora dengizdagi don tashabbusini qayta tiklash imkoniyati haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘ralganda, Peskov «avvalgi tajriba unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmaganini» va Moskva nuqtayi nazaridan kelishuv «ishlamaganini» aytdi.

Mavzuga oid