O‘zbekiston | 17:49 / 03.11.2024
4825
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP fermerlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvni qoralab, bayonot berdi

Liberal-demokratik partiya Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralova bilan bog‘liq vaziyatga salbiy munosabat bildirdi. Avvalroq, u paxta terimida «planni» bajarmagan fermerlarni haqorat qilgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralovaning paxta terimida «planni» bajarmagan fermerlarni haqorat qilgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

«So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hududlarda ayrim mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlar, xususan fermerlarning faoliyatiga aralashuvi, ularga zo‘ravonlik ishlatilishi va mol-mulklarini tasarruf qilishga to‘sqinlik qilish holatlari uchramoqda. Bu borada, partiyamiz tomonidan qat’iy munosabatlar bildirilib, deputatlarimiz tomonidan mutasaddi idoralarga deputatlik so‘rovlari kiritilmoqda», deyiladi O‘zLiDeP bayonotida.

Ta’kidlanishicha, bu kabi holatlarning takrorlanayotganligi O‘zLiDeP rahbariyatini xavotirga solmoqda.

«Jumladan, kuni kecha Boyovut tumani hokimligi mutasaddilari tomonidan fermerlarga zo‘ravonlik ishlatilishi, yer uchastkalarini topshirish to‘g‘risida ko‘rsatma berishi holatlari ayrim mansabdorlarning noqonuniy xatti-xarakatlarini ko‘rsatmoqda», deyiladi bayonotda.

Qayd qilinishicha, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, hech zo‘ravonlikka, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi, xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi qonunchilikda belgilab qo‘yilgan.

O‘zLiDeP hududlarda fermerlar faoliyatiga noqonuniy aralashuv, ularga zo‘ravonlik qilish, mol-mulklarini erkin tasarruf etishga to‘sqinlik qilish holatlarini keskin qoraladi, mansabdor shaxslarni qonunlarga rioya etishga, Bosh prokuraturani bu borada qat’iy nazorat o‘rnatishga chaqirdi.

Mavzuga oid