Jahon | 15:30 / 04.11.2024
3346
3 daqiqa o‘qiladi

Lavrov: Zelenskiyning «rejasi» va «formulasi» Yevropani tinchlikka yaqinlashtirmaydi

«Albatta, na «formula», na «reja», na Kiyev nazoratidagi Ukrainaning NATOga, na Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi haqidagi xayollar Yevropada tinchlikni yaqinlashtirmaydi», - dedi Rossiya TIV rahbari.

Foto: Pelagiya Zamyatina / Vechernyaya Moskva

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina inqirozini hal qilish uchun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan g‘alaba rejasini «shizofreniya» deb atadi.

«Bir necha hafta oldin, bu fuqaro shizofrenik «g‘alaba rejasini» e’lon qildi. Albatta, na «formula», na «reja», na Kiyev nazoratidagi Ukrainaning NATOga, na Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi haqidagi xayollar Yevropada tinchlikni yaqinlashtirmaydi. Yevrosiyo qit’asining ushbu qismida barqarorlikka 2021 yil dekabrdagi tashabbuslarimizda belgilab berilgan va G‘arb tomonidan rad etilgan uzoq muddatli ishonchli xavfsizlik kafolatlari ta’minlangan taqdirdagina erishiladi», — dedi Lavrov Minskda Yevrosiyo xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya yalpi majlisida so‘zlagan nutqida. 

Uning ta’kidlashicha, NATO endi «Kiyevdagi noqonuniy hukumat qo‘li bilan Rossiyaga qarshi boshlagan» urushdan qoniqmayapti. «Hozir Qo‘shma Shtatlar va uning satellitlari butun Yevrosiyoni siyosiy qarama-qarshiliklar maydoniga aylantirishga harakat qilmoqda», deb hisoblaydi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrosiyoning Yaqin Sharq qismidagi vaziyat yanada keskin rivojlanmoqda. «AQShning Eron yadro dasturi bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullangan kelishuvlardan bir tomonlama chiqishi va Vashingtonning arab-Isroil kelishuv jarayonini monopollashtirishga bo‘lgan doimiy intilishi halokatli oqibatlarga olib keldi va bu strategik muhim mintaqani to‘liqlik beqarorlik va katta urush yoqasiga qo‘ydi», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

«Bizga ayonki, AQSh yetakchilik da’vosi bilan rol o‘ynagan avvalgi modellarga qaytish mumkin emas. Qolaversa, Amerika hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan hamma joyda vaziyat yaxshilanmadi. Yangi geosiyosiy va xalqaro huquqiy voqelikni hisobga olish, kuchlilar hukmronligiga emas, balki tenglik va manfaatlarning adolatli muvozanatiga asoslangan g‘oyalarni ishlab chiqish zarur», — dedi u.

Mavzuga oid