Jahon | 21:40 / 04.11.2024
21643
17 daqiqa o‘qiladi

Tramp nimaning evaziga g‘olib bo‘lishi mumkin? Harris-chi? Yilning asosiy saylovi uchun batafsil prevyu

So‘rovlar nomzodlarning imkoniyatlarini qanchalik to‘g‘ri baholaydi? Va ovoz berish natijalarini qaysi shtatlar belgilaydi?

Paul Sancya / AP / Scanpix / LETA; Brian Snyder / Reuters / Scanpix / LETA

AQShda ertaga prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. «Meduza»ning batafsil prevyusi — saylovchi delegatlar kimligi, qanday shtatlar ikkilanuvchi hisoblanishi, nima uchun Donald Tramp g‘alaba qozonishi mumkinligi, sotsiologlar Kamala Harrisning imkoniyatlarini aslidagidan kam baholayotgani ehtimoli va g‘olib nomi qachon ma’lum bo‘lishi haqida.

Ovozlar qanday hisoblanadi va g‘olib qanday aniqlanadi?

AQShdagi prezidentlik saylovlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berilmaydi. Har bir shtatda alohida ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi va shunchaki ko‘pchilik ovoz mazkur shtatdagi delegatlar kimni qo‘llashini belgilaydi.

Saylovchi delegatlar soni shtatlar uchun kongressdagi o‘rinlar soniga qarab taqsimlangan: ularning soni jami 538 nafar, shundan 100 nafari 50 shtat uchun teng taqsimlangan, qolganlari esa aholi soniga mutanosib tarzda bo‘lingan. Prezidentlikka nomzod g‘alaba qozonishi uchun 270 delegat ovozi kerak bo‘ladi: ular 16 dekabr kuni ovoz berishadi, 6 yanvarda esa natijalar parlamentda tasdiqlanadi.

Kim favorit?

Hozirda prezidentlik poygasida favorit yo‘q. Matematik modellar nomzodlarning g‘alaba qozonish ehtimoli bir xilligini taxmin qilgan.

Bundan tashqari, ko‘plab pollsterlar (ijtimoiy so‘rovnomalar) Harris va Trampni qo‘llash darajasini shu qadar teng baholamoqdaki, ayrim tahlilchilar sotsiologlarni noto‘g‘ri ishlashda ayblamoqda: go‘yoki ular nomzodlardan birortasi ustunligini ko‘rsatuvchi natijani e’lon qilishdan qo‘rqib, natija taxminan durang holga kelgunicha so‘rovni davom ettirgan bo‘lishi mumkin — aks holda so‘rov natijalari bunday darajada bir xillashishi statistik jihatdan imkonsiz.

Qaysi shtatlar hal qiladi?

Ko‘pchilik shtatlarda azaldan partiyalardan birini tanlash an’anasi shakllangan. Masalan, Nyu York shtati aholisi o‘nlab yillardan buyon prezidentlik saylovlarida demokrat nomzodni qo‘llaydi, Texas anchadan buyon faqat respublikachilar uchun ovoz beradi. Har safargi saylov taqdiri bir necha «ikkilanuvchi» shtatda hal bo‘ladi.

Ularning ro‘yxati demografik va siyosiy omillar tufayli vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi. Bu safar yettita hal qiluvchi shtat bor — ularni uch guruhga ajratish mumkin.

Birinchisi, mamlakat janubidagi Nevada va Arizona — ularda mos ravishda 6 va 11 nafardan saylovchi delegat bor. Arizona ancha uzoq vaqt respublikachi «qizil» shtat bo‘lgan, ammo so‘nggi 10 yil ichida keskin so‘lga og‘gan va 2020 yil bu yerda Jo Bayden g‘alaba qozongan. Nevada azaldan so‘lroq, ammo so‘nggi o‘n yilliklarda shtatdagi ovoz berish natijalari mamlakatning umumiy natijalariga mos keladi: mahalliy aholi demokratlarni qo‘llagan yili demokrat nomzod, respublikachilarni qo‘llaganida respublikachi nomzod prezidentlikka saylangan.

Ikkala shtatda ham lotin amerikaliklar ulushi ortib bormoqda — hozirda ular jami saylovchilarning 30 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, Meksika bilan chegaraga yaqinligi Nevada va Arizona aholisi uchun noqonuniy migratsiya masalasini birinchi o‘ringa olib chiqadi, shu tufayli ular bu safar o‘nglar tomon siljishi mumkin. Katta ehtimol bilan, barcha «ikkilanuvchi» shtatlar orasida Arizona — Donald Tramp uchun eng qulayidir.

AQSh janubi-sharqida yana ikkita hal qiluvchi shtat — Shimoliy Karolina va Jorjiya joylashgan, ularning har birida 16 nafardan saylovchi delegat bor. Bu bir vaqtning o‘zida eng dindor va konservativ amerikaliklar yashovchi Bibliya kamarining hamda eng ko‘p afroamerikaliklar yashovchi Quyosh kamarining bir qismi hisoblanadigan mintaqadir. Qolaversa, mazkur shtatlarda urbanizatsiya (shaharlashish) ro‘y bermoqda — shu tufayli so‘nggi saylovlarda ular so‘llar tomon og‘gan.

Shimoliy Karolina 1980 yildan buyon faqat bir marta demokrat nomzodni qo‘llagan (2008 yilda Barak Obamani), Jorjiyada esa Obama ikki safar ham yutqazgan, lekin 2020 yilda Bayden g‘olib chiqqan — bu safar esa so‘rovlar ikki nomzodning imkoniyatlarini teng ko‘rsatmoqda.

Pensilvaniyaning eng yirik ikkinchi shahri Pitsbur markazi. Foto: Yevgeniy Feldman

Nihoyat, mamlakat shimolida Zang mintaqasi shtatlari — Pensilvaniya, Michigan va Viskonsin joylashgan. Ularda mos ravishda 19, 15 va 10 nafardan saylovchi delegatlar mavjud. Bu shtatlarning aksar aholisi oq tanlilar va avvallari ularning iqtisodiyoti ishlab chiqarish sektoriga asoslangandi. Demokratlar kasaba-uyushmalar harakatini qo‘llab-quvvatlagan, mazkur shtatlardagi ishchilar demokratlarni qo‘llagan — mamlakatning bu qismini hatto «ko‘k devor» deb atashardi.

Ammo XX asr oxirida po‘lat sanoati tanazzulga yuz tutdi, xarajatlarni qisqartirish maqsadida ishlab chiqarish AQShdan boshqa mamlakatlarga ko‘chirildi. Mintaqa og‘ir inqirozga yuz tutdi.

2016 yilda bu uch shtatda kichik farq bilan Tramp g‘alaba qozonadi — 14 million byulleten hisoblab chiqilganida respublikachilar nomzodi 78 mingta ko‘proq ovoz olgani oydinlashadi. Aynan Zang mintaqasi uning prezidentligini ta’minlagandi, ammo 2020 yilda Pensilvaniya, Michigan va Viskonsin Bayden uchun ovoz beradi. Agar Kamala Harris o‘z partiyadoshi g‘olib chiqqan «ikkilanuvchi» shtatlarda muvaffaqiyatni takrorlay olsa, Zang mintaqasidagi g‘oliblik unga zarur 270 delegat ovozini kafolatlaydi.

Tramp nimaning hisobiga g‘olib bo‘lishi mumkin?

Saylovchilar Trampning prezidentligini juda muvaffaqiyatli bo‘lgan (pandemiya va u tufayli ro‘y bergan inqirozga qaramay) deb eslashadi. Va aksincha, Baydenni inflatsiya o‘sgani va migratsiya inqirozi uchun ayblashadi, bu norozilik Harrisga meros bo‘lib o‘tmoqda. Trampning millionlab noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilishdan tortib daromad solig‘ini butunlay bekor qilishgacha bo‘lgan populistik va’dalari — yetarlicha mashhurlikka erishgan. Demokratlarni tashqi qarz o‘sishi yoki inflatsiya uchun tanqid qilayotgan saylovchilar uning bu takliflarini amalga oshirish qanchalik qimmatga tushishi mumkinligini o‘ylamaydilar.

Bundan tashqari, Tramp uning har qanday harakatini oqlaydigan tarafdorlarining ehtirosli fidoyiligidan foydalanmoqda. Hatto uning partiyadoshlaridan uchdan ikki qismi «migrantlar millat qonini zaharlamoqda» degan gaplarini ma’qullaydi. Iyul oyidagi suiqasd esa unga oldin tanqidiy ko‘z bilan qaraganlarda ham simpatiya uyg‘otgan.

Nihoyat, Harrisda kampaniya uchun faqat uch oy bo‘ldi — ha, boshlanishida uning reytingi tezlik bilan o‘sdi, ammo effekt abadiy davom eta olmasdi, zamonaviy saylovlar esa uzoq muddatli mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Demokratlarning ikkinchi nomzodida noqulay savollarga javob berish uchun praymerizning uzoq oylari bo‘lmadi, uning shtabi esa jamoadan Bayden yollagan odamlarni chiqarib tashladi. Katta tashkilotning ikki qismi odatda o‘zaro ziddiyatga kirishadi. 2019 yilgi muvaffaqiyatsiz kampaniyada shunday ichki kelishmovchilik tufayli Harris muntazam ravishda pozitsiyasini o‘zgartirgan va birinchi shtatda ovoz berish boshlanishigacha demokratlar praymerizidan chiqqandi.

Qolaversa, konservator saylovchilarning bir qismini o‘ziga jalb qilib turgan «uchinchi» nomzod — kichik Robert Kennedi — respublikachilar foydasiga poygani tark etdi. Radikal so‘llar Jill Stayn va Kornell Uest esa bir necha «ikkilanuvchi» shtatlarda byulletenga kiritilgan va ular Harrisning ovozlarini o‘g‘irlashi mumkin.

So‘rovlar Trampga yetarlicha baho bermagan bo‘lishi mumkinmi?

Trampning tarafdorlari sotsiologlarga o‘z qarashlari haqida haqiqatni aytishdan uyalishi haqida keng tarqalgan nazariya faktlarga asoslanmagan. Ammo, ular pollsterlarning qo‘ng‘iroqlariga umuman javob berishni istamasliklari tufayli ma’lumotlar buzilgan bo‘lishi mumkin.

Tramp reytingi «Bredli effekti» tufayli pastroq ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin, bu atama 1982 yilda Kaliforniya gubernatorligi uchun nomzodini qo‘ygan afroamerikalik Tom Bredli bilan bog‘liq. U so‘rovlarga ko‘ra oldinda borgan, ammo yakunda katta farq bilan yutqazgan — va keyinroq tahlilchilar buni saylovchilar siyosiy hushyorlik qilishgani va sotsiologlarga javoblarida qora tanli nomzodga ovoz berishni istamasligini tan olmagani bilan izohlashgan. Pollsterlar 2016 yil Hillari Klintonning imkoniyatlarini yuqori baholagani — va 2024 yil Trampning reytingini past baholayotgani ham shu bilan tushuntirilishi mumkin.

Bundan tashqari, respublikachilar uzoq yillardan buyon ilk bor ro‘yxatdan o‘tgan tarafdorlari soni bo‘yicha demokratlarga yaqinlashdi. Shuningdek, sotsiologlar afroamerikaliklar va lotinamerikaliklarning respublikachilar tomon ehtimoliy «oqimi»ni yashirgan bo‘lishi mumkin.

 Donald Tramp va Kamala Harrisning debati Vashingtondagi Shawʼs Tavern restoranida translatsiya qilinmoqda, 2024 yil 10 sentabr
Alex Wong / Getty Images

Harris nimaning evaziga g‘olib bo‘lishi mumkin?

Tramp o‘tgan safargi saylovdagi mag‘lubiyatidan keyin davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinishda ayblangan; may oyida sud uni hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha jinoiy ishning 34 epizodida aybdor deb topgan; yanvarda esa hakamlar hay’ati uni zo‘ravonlik va tuhmatda ayblagan jurnalist ayolga tovon to‘lash haqida hukm chiqardi. Respublikachi saylovchilarning ham bir qismi Trampdan charchagan, Oq uyda uning qo‘li ostida ishlaganlarning ko‘pchiligi respublikachilar partiyasidan bu safargi saylovda ham uning nomzodi ko‘rsatilishini tanqid qilgandi.

Harris sentabrdagi debatlarda katta farq bilan g‘olib chiqqandi. Uning shtabi Trampni maslahatchilari tomonidan yozilgan radikal ruhdagi «Proyekt-2025» bilan bog‘lay olgandi — prezident hokimiyatini keskin kuchaytirish g‘oyasi saylovchilar tomonidan iliq qarshi olinmaydi. Radikal yosh senator, Tramp vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlagan Jyey Di Vens ham respublikachilar zarariga ishladi. Boshqa ultraloyalistlar ham suvni loyqalatdi: masalan, qiziqchi Toni Hinchkliff Nyu Yorkdagi mitingda puertorikaliklarni haqoratladi: «ikkilanuvchi» shtatlarda esa kelib chiqishiga ko‘ra Amerikaning ushbu koloniyasiga mansub bo‘lgan yuz minglab saylovchilar yashaydi.

Konservatorlar uchun asosiy muammo esa abort taqiqi bo‘lib qolmoqda. 2022 yilda Oliy sudga Tramp tomonidan qo‘yilgan uch nafar hakam homiladorlikni tibbiy yo‘l bilan to‘xtatishga bo‘lgan federal huquqni bekor qilgandi. Shundan buyon ushbu masala referendumga qo‘yilgan olti shtatning barchasida taqiqqa qarshi bo‘lganlar katta farq bilan ustun kelishdi. Arizona va Florida shtatlarida esa abort bo‘yicha ovoz berish prezidentlik saylovlari bilan bir vaqtda o‘tkaziladi — va bu Harrisga mazkur shtatlarda qo‘shimcha ovozlar olib keladi. So‘rovlarga ko‘ra, demokratlarni qo‘llashga tayyor bo‘lgan ayollar ulushi butun mamlakat bo‘ylab oshgan. Tramp va boshqa respublikachilar so‘nggi oylarda taqiq masalasida nisbatan yumshoq pozitsiya tanlashga harakat qilishdi.

Harris foydasi uchun yana bir omil uning shtabi samaradorligi bo‘lishi mumkin. U rekord darajadagi qisqa muddatda milliard dollarlik xayriya yig‘di (bu Trampning mavjud budjetidan ancha kattaroq) va minglab ko‘ngillilarni Pensilvaniya hamda boshqa hal qiluvchi shtatlarga uyma-uy yurib, tashviqot qilish uchun yubordi. Uning populistik iqtisodiy dasturi ham qo‘shimcha yordam bo‘lishi mumkin.

Tramp esa, aksincha, kampaniyaning so‘nggi qismida Nyu Mexiko va Virjiniyada mitinglar o‘tkazishga ko‘p vaqt sarfladi — holbuki, bu shtatlar azaldan demokratlarga ovoz beradi va Harris butkul muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirdagina unga ovoz berishi mumkin edi.

So‘rovlar Harrisga yetarlicha baho bermagan bo‘lishi mumkinmi?

2 noyabr kuni kechqurun Ayovadan bo‘lgan pollster Enn Zelser uning firmasi o‘tkazgan so‘rovni e’lon qildi: unga ko‘ra, Harris 47 foiz, Tramp — 44 foiz ovoz olgan. Bu so‘rov esa umumiy kartinadan yaqqol ajralib turibdi. 2020 yilda Bayden Ayovada 8 foiz farq bilan yutqazgan, qo‘shni, nisbatan liberal shtatlarda esa, deyarli barcha so‘rovlar Harris va Tramp taxminan teng ketayotganini ko‘rsatgan. Ammo Zelser oq tanli aholi mutlaq ko‘pchilikni tashkil etadigan va shaharlashmagan shtatida so‘rov o‘tkazishga ixtisoslashgan bo‘lib, so‘rovlarida deyarli xatolik bo‘lmaydi. 2008 yilda u o‘tkazgan so‘rov Obama kutilmaganda demokratlar praymerizida Klintonni mag‘lub etishini ko‘rsatgan, 2016 yilda esa Zelser Ayova (va atrofdagi hududlar) o‘nglar tomonga keskin siljishini oldindan ko‘rgan kamdan kam sotsiologlardan biri bo‘lgan.

Ayova — katta shtat emas, ammo bu yerdagi natija Zang mintaqasidagi uchta qo‘shni «ikkilanuvchi» shtatlardagi ovoz berish natijalari bilan mutanosib bo‘ladi — va hatto Tramp Zelser bashorat qilayotganining faqat yarmini boy bersa ham, bu Harris katta zaxira bilan g‘olib bo‘lishini anglatadi. Va agar Viskonsin, Michigan va Pensilvaniyadagi so‘rovlar sotsiologlarning jur’atsizligi tufayli durangni ko‘rsatayotgan bo‘lsa ham, Kanzas va Nebraskadagi ayrim so‘rovlar so‘llar tomon siljishga ishora qilmoqda.

Agar bu ro‘y bersa, asosiy sabab ayollar o‘rtasida demokratlarni qo‘llab-quvvatlash kuchaygani bo‘ladi. Va bu o‘zgarish ayrim oilalarda ayollar turmush o‘rtog‘iga ochiqchasiga qarshi chiqishdan qo‘rqishi tufayli sotsiologlar e’tiboridan chetda qolgan bo‘lishi mumkin. Harrisning salohiyatli tarafdorlarini jalb qilish bilan shug‘ullanayotgan ko‘ngillilari shu haqda yozishgan. Demokratlarni qo‘llovchi guruhlardan biri esa Juliya Robers ovozlashtirgan reklama roligini suratga olgan.

Bundan tashqari, sotsiologlar 2020 yilda Bayden foydasiga qilgan xatolaridan keyin o‘z metodlarini haddan tashqari o‘zgartirgan va endi demokratlarning reytingini yetarlicha baholamayotgan bo‘lishi mumkin. 

Natijalar qachon ma’lum bo‘ladi?

Saylovchi delegatlar o‘z shtatlaridagi saylovchilarning xohish-irodasiga ko‘ra ovoz berishi shart bo‘lgani tufayli, ikkilanuvchi shtatlardagi natijalardan keyin umumiy natija tushunarli bo‘ladi.

2020 yilda pandemiya tufayli ovozlarni hisoblash shanbaga qadar davom etgandi: ko‘plab shtatlarda muddatdan oldin ovoz berish yoki pochta orqali ovoz berish ilk bor yo‘lga qo‘yilgan, davomat esa rekord darajada bo‘lgandi. Shundan buyon hududlarning ko‘pchiligi ovozlarni hisoblash usullarini jarayonni tezlashtirish uchun o‘zgartirishdi.

Shunga qaramay, ayrim shtatlarda saylovchilar saylov kuni kechqurun pochta orqali yuborgan byulletenlarni ham hisobga oladi — bu esa ularni sanash 5 noyabrdan bir necha kun o‘tganidan keyin boshlanishini anglatadi. Pensilvaniyadagi eng yirik okruglaridan biridagi saylov kengashi vakili «Meduza» so‘roviga javoban shtatda byulletenlarning asosiy qismi jumaga qadar sanab bo‘linishi, keyingi kunlarda komissiya a’zolari bahsli holatlarni muhokama qilishini aytgan.

Biroq, nomzodlardan birortasi katta ustunlikka erishsa,  saylov natijalari ancha oldinroq — Toshkent vaqti bilan 6 noyabr kuni birinchi yarmidayoq ma’lum bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘plab shtatlardagi saylov komissiyalari, yangi qoidalarga ko‘ra, hali hisoblanmagan byulletenlar miqdorini okruglar kesimida taqdim etishga majbur. Bu shuni anglatadiki, ekstrapolyatsiya modellari ovoz berish natijalarini hisoblash tugashidan ancha oldin aniq bashorat qila oladi.

Mavzuga oid