Jahon | 21:04 / 05.11.2024
13736
3 daqiqa o‘qiladi

Daniyalik siyosatchi musulmonlarni haqorat qilgani uchun qamoqqa hukm qilindi

Qur’onni yoqish tadbiri bilan «nom qozongan» Rasmus Paludan musulmonlarni haqorat qilganlikda aybdor deb topildi.

Foto: AFP

Shvetsiyaning Malmyo shahri sudi Daniyaning o‘ng qanot ekstremistik «Stram Kurs» partiyasi yetakchisi Rasmus Paludanni irqiy adovatni qo‘zg‘atganlikda aybdor deb topib, to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qildi.

Sud qaroriga ko‘ra, daniyalik siyosatchi shaxsan haqorat qilgan odamiga 20 ming krona (taxminan 1,9 ming dollar) tovon pulini ham to‘lashi kerak bo‘ladi.

Rasmus Paludan 2022 yil aprel va sentabr oylarida Malmyoda Qur’onni yoqish tadbirini o‘tkazgan va mamlakatda musulmonlar borligiga norozilik bildirgan edi. Muqaddas kitobning yo‘q qilinishi musulmonlar, arablar va afrikaliklarga nisbatan haqoratli bayonotlar bilan birga bo‘ldi. Rasmus Paludan Qur’onni yoqib yuborgani uchun emas, balki aynan shu haqoratlari uchun jazolandi.

Paludanning xatti-harakatlari butun Shvetsiyada keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi, bu namoyishlar davomida o‘nlab odamlar, jumladan, politsiyachilar jarohat oldi. O‘nlab namoyishchilar hibsga olindi. Siyosatchining xatti-harakatlari musulmon mintaqalari va davlatlari rahbarlari tomonidan qoralandi. Shunga qaramay, 2023 yil yanvarida Rasmus Paludan bu safar Stokholmdagi Turkiya elchixonasi yaqinida yana Qur’onni yoqib yubordi va o‘ziga qarshi tahdidlarga qaramay, bunday harakatlarni davom ettirishga va’da berdi.

Siyosatchi sudda ishtirok etmadi, lekin videoaloqa orqali gapirdi. U Shvetsiyada, o‘z hayotidan xavfsirab, yashirinib yuribdi. Paludan «musulmonlarni emas, islomni tanqid qiluvchi» ekanini va «odamlarni emas, g‘oyalarni tanqid qilishini» ta’kidladi. Ammo, Malmyo sudiga ko‘ra, u Islomni tanqid qiluvchi siyosiy harakatni «shu jumladan musulmonlarga nisbatan hurmatsizlikdan» ajratib turadigan «chiziqni kesib o‘tgan».

Sud Rasmus Paludan tomonidan aytilgan bayonotlar «faqat musulmonlarni haqorat qilish va kamsitishga qaratilgan» deb topdi. Siyosatchining o‘zi allaqachon Malmyo sudi qaroriga qo‘shilmasligini va bunga norozilik bildirish niyatida ekanligini ma’lum qilgan. U sud qarori ustidan shikoyat qilishini bildirdi.

Mavzuga oid