O‘zbekiston | 22:49 / 05.11.2024
15997
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Nyu-Yorkka uchgan samolyot ikki marta favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi

Birinchi parvozda ushbu reys rossiyalik yo‘lovchi o‘zini yomon his qilgani sababli Toshkent aeroportiga qaytib kelgan, ikkinchi parvozda esa homilador yo‘lovchi sababli Kanada aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan.

Foto: U. J. Alexander / IMAGO

5 noyabr kuni Toshkentdan Nyu-Yorkka jo‘nab ketgan HY101 reysi parvoz paytida havo kemasining komandiri qatnovdagi homilador yo‘lovchida erta to‘lg‘oq boshlangani sababli samolyotni Goose Bay (Kanada) zaxira aeroportiga qo‘ndirishga qaror qildi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent vaqti bilan soat 20:50 da samolyot aeroportga qo‘ngan, bortga tibbiy xodimlar chiqib, yo‘lovchini gospitalizatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

«Havo kemasi Nyu-Yorkka kelish vaqti haqida qo‘shimcha ma’lumot beramiz», — deyiladi xabarda.

HY101 reysi Toshkentdan Nyu-Yorkka jadval bo‘yicha soat 06:47 da uchib ketgan edi. Parvoz davomida havo kemasi komandiri 1967 yilda tug‘ilgan, Rossiya fuqarosi bo‘lgan yo‘lovchining o‘zini yomon his qilgani sababli uchib ketish aeroportiga qaytishni so‘ragan. Soat 07:35 da havo kemasi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan, u yerda yo‘lovchini kutib turgan tibbiy yordam mashinasi orqali tibbiy muassasaga jo‘natilgan edi.

HY101 reysining Toshkentdan uchish vaqti 09:30 (Toshkent vaqti bilan), Nyu-Yorkka yetib borish vaqti 12:30 (Nyu-York vaqti bilan) belgilangandi.

Mavzuga oid