Jahon | 18:05 / 06.11.2024
7177
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT

«Tolibon» 2022 yil aprelda ko‘knori yetishtirishni taqiqlagan edi. Natijada mamlakatda 2023 yilga kelib ko‘knori yetishtirish taxminan 95 foizga qisqargan. Ammo joriy yilda Afg‘onistonda ko‘knori ekiladigan maydonlar qariyb 20 foizga oshdi.

Foto: Jim Huylebroek

Dunyodagi geroin xomashyosining asosiy manbai bo‘lgan Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish «Tolibon» taqiqidan ikki yil o‘tib 20 foizga oshdi. Shunga qaramay, bu taqiqqa qadar yetishtirilgan ko‘rsatkichdan sezilarli darajada kam, deyiladi BMT hisobotida.

«Tolibon» 2022 yil aprelida ko‘knori yetishtirishni taqiqlagan edi. Natijada, mamlakatda 2023 yilga kelib ko‘knori yetishtirish taxminan 95 foizga qisqardi. Joriy yilda esa bu turdagi giyohvand moddalar ekiladigan maydonlar 19 foizga oshdi (12,8 ming gektargacha), shuningdek, ko‘knori ekiladigan hududlar Afg‘oniston markazidan mamlakatning janubi-g‘arbiy hamda shimoli-sharqiy qismlariga ko‘chdi.

«2024 yildagi o‘sishga qaramay, ko‘knori maydonlari 2022 yilga nisbatan kam. Bundan ikki yil oldin ular 232 ming gektar hududda yetishtirilgan», — deya ta’kidlanadi BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hisobotida.

Qayd etilishicha, 2024 yilning birinchi yarmida quruq ko‘knorining bir kilogrammini 730 dollar atrofida sotilgan — bu taqiqdan oldingi narxdan 100 dollarga qimmat. O‘tgan yilgi hisobotda ko‘knori narxi 408 dollargacha chiqqani aytilgan edi.

2023 yilda Afg‘onistonda yetishtirilgan ko‘knorining qariyb yarmi Pokiston bilan chegaradosh janubi-g‘arbiy viloyatlar hisobiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu hududlar sezilarli darajada qisqargan. Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh shimoli-sharqiy viloyatlarda esa ekin maydonlari 381 foizga oshib, 7563 gektarga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 3 aprel kuni «Tolibon» harakati Afg‘oniston hududi bo‘ylab ko‘knori yetishtirish va giyohvand moddalar ishlab chiqarishni taqiqladi. Shuningdek, taqiq barcha turdagi giyohvandlik vositalari va ularni o‘z ichiga olgan tabletkalar yoki spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, tashish, sotish, eksport va import qilishga taalluqli. O‘shanda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev «Tolibon» muvaqqat hukumati tomonidan ko‘knori yetishtirish taqiqlanishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.

Mavzuga oid