Jahon | 14:30 / 06.11.2024
8490
9 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi saylovlar, vazirlarini almashtirgan Netanyahu va Eronda qatl etilgan Isroil josuslari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

AQShdagi saylovlar: Tramp o‘zishda davom etmoqda

AQShdagi prezidentlik saylovlarida ovozlarni sanash davom etmoqda. Ushbu material tayyorlanayotganida 25 ta shtatda Donald Tramp ishonchli yetakchilik qilayotgan edi. An’anaviy tarzda respublikachilarni qo‘llovchi shtatlar Texas, Florida, Ohayo, Indiana, Tennesi, Alabama, Janubiy Karolina, Kentukki, Luiziana, Oklahoma, Arkanzas, Missisipi, G‘arbiy Virjiniya, Shimoliy Dakota, Janubiy Dakota va Vayoming.

Kamala Harris Nyu York, Illinoys, Nyu Jyersi, Massachusets, Merilend, Konnektikute, Rod Aylend, Delaver va Vermontda g‘alaba qozongan.

Trampning ayniqsa Floridada g‘alaba qozongani e’tiborga molik. U respublikachi tumanlarda 2020 yilgi natijalarini yaxshilagan va bahsli okruglarda pozitsiyasini mustahkamlagan. Tramp hattoki an’anaviy tarzda demokratlarga ovoz beradigan Mayami Deyd okrugida ham yetakchilik qilgan.

Boshqa ko‘plab shtatlarda natijalar kutilganidek bo‘lib chiqdi. Masalan, Arkanzasda demokratlar 1996 yildan buyon — shu shtatda tug‘ilgan Bill Klinton g‘alaba qozonganidan buyon yuta olmayapti. Delaver va Nyu Jyersi esa 1988 yildan buyon demokratlarni barqaror qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

G‘alaba qozonishi uchun nomzod kamida 270 nafar saylab beruvchi vakilning ovozini to‘plashi kerak.

Ramziy «G‘azo tribunali» tuzildi

Bir guruh akademiklar, ziyolilar, huquq himoyachilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari Londonda ramziy «G‘azo tribunali»ni tashkil etdi.

Mustaqil tashabbus mualliflarining maqsadi «insoniyat va vijdon sudi» sifatida harakat qilish.

Tribunalga taniqli xalqaro huquq eksperti, Falastin hududlari bo‘yicha BMT sobiq maxsus ma’ruzachisi Richard Folk boshchilik qiladi.

Londonda ikki kun davomida bo‘lib o‘tgan G‘azo tribunali doirasidagi yig‘ilishlarda 100 ga yaqin kishi ishtirok etdi.

Birinchi kun Falastin fuqarolik jamiyati tashkilotlari va sud faoliyatida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan inson huquqlari guruhlari vakillari ishtirokida maxsus sessiya bo‘lib o‘tdi. Tribunal yig‘ilishining asosiy mavzusi operatsion strategiyalar, logistika jarayonlari va aloqa tamoyillarini ishlab chiqish edi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, «G‘azo tribunali»ning ikkinchi bosqichi 2025 yil may oyida Bosniya va Hersegovina poytaxti Sarayevoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uning doirasida tayyorlangan hisobotlar, guvohlarning so‘zlari va deklaratsiyalar loyihalari jamoatchilikka taqdim etiladi.

Tribunalning yakuniy bosqichi 2025 yil oktyabr oyida Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda guvohlarning ko‘rsatmalari va Isroil harakatlaridan jabrlangan Falastin fuqarolari va tashkilotlarining bayonotlari bo‘ladi.

Netanyahu vazirlarni yangiladi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mudofaa vaziri Yoav Gallant iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Uning o‘rniga shu paytgacha Isroil tashqi ishlar vazirligini boshqargan Israel Kats tayinlanishi taklif qilingan.

«Bizning oramizda saylovoldi kampaniyasini boshqarish borasida juz’iy kamchiliklar topildi va bu kamchiliklar hukumat hamda vazirlar devonining qarorlariga zid bayonotlar va harakatlar bilan hamohang bo‘ldi. Ular jamoatchilikning diqqatini jalb qildi, undan ham yomoni dushmanga ma’lum bo‘ldi va dushmanlarimiz buni o‘z foydasi yo‘lida ishlata boshladi», — degan Netanyahu.

Tashqi ishlar vaziri lavozimi Gideon Saarga beriladi. U Isroilning Falastinga nisbatan yanada shafqatsizroq siyosati tarafdori. Saar «Likud» partiyasi bo‘yicha Netanyahuning hammaslagi keyinroq uning raqibi bo‘lishga ham ulgurgan.

«Muxolifatdagi ko‘pchilik mening urush olib borish bo‘yicha nuqtayi nazarimni qo‘llamaydi. Men G‘azodagi vaziyat yanada qat’iyroq harakatlarni taqozo etadi, deb hisoblayman», — degan Saar.

Muxolifat vakillari Gallantning bo‘shatilishi va o‘rniga Kats tayinlanishini qoralagan.

«Ko‘chaga chiqinglar», — deb yozgan «Demokratlar» partiyasi raisi Yair Golan Netanyahuning bayonotidan so‘ng.

«Milliy xavfsizlikka ziyon yetkazadigan siyosat», — degan «Milliy birlik» partiyasi yetakchisi Benni Gans.

Yoav Gallant iste’foga chiqarilganidan so‘ng, Quddus va Tel-Avivda minglab odamlar mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahuning harakatlaridan norozi bo‘lib, ko‘chalarga chiqqan va G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarni o‘z vataniga qaytarishni talab qilgan.

Isroil prezidenti Itshak Hersog Binyamin Netanyahuning mamlakat mudofaa vaziri Yoav Gallantni ishdan bo‘shatish haqidagi qarori fonida urush paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan siyosiy to‘ntarishdan ogohlantirdi.

«Isroilga hozir kerak bo‘lgan oxirgi narsa — bu to‘ntarish va urush davom etayotgan paytda burilish nuqtasi», dedi u 5 noyabr kuni kechqurun. Isroil davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat xavfsizligi «barcha fikrlardan ustun» bo‘lishi kerak. «Mamlakat rahbariyatining vazifasi hozirgi vaqtda katta mas’uliyat bilan harakat qilishdir», dedi u.

2023 yilda ham Netanyahu o‘z hukumatining sud-huquq islohotini keskin tanqid qilgani uchun Gallantni ishdan bo‘shatgan edi. Shundan so‘ng Isroilda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan va ikki hafta o‘tgach, Gallant lavozimiga qayta tiklangan edi.

Germaniya hukumati xavf ostida

AQShdagi saylovlar Berlindagi siyosiy inqirozning katalizatori bo‘lib xizmat qilishi mumkin — joriy hafta Sholsning kabineti uchun hal qiluvchi bo‘ladi.

Bunga sabab budjet borasidagi bahslar. Olaf Shols «yashillar»dan saylangan iqtisodiyot vaziri Robert Habek va ozod demokratlardan saylangan moliya vaziri Kristian Linder bilan shoshilinch muzokaralarga tayyorlanmoqda. 5-6 noyabr kunlari bu uch siyosatchi hukmron koalitsiya qolish-qolmasligini hal qiladi. Vazirlar va kansler 2025 yilgi budjetning asosiy masalalarini, shuningdek, iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish choralarini muhokama qiladi. Bu ikki masala koalitsiya ichidagi o‘tkir mojaroning triggeri bo‘ldi.

Sotsial-demokratlarning hamraisi Saskiya Esken AQShdagi saylov natijalaridan qat’i nazar, mamlakatga mas’uliyatli siyosat kerakligi va hafta ichida kaolitsiya shunday siyosatni ta’minlay olish-olmasligi hal bo‘lishini qayd etdi.

Eng muhim vazifa 2,4 mlrd yevrolik tuynuk paydo bo‘lgan 2025 yilning budjetini tasdiqlash bo‘lib turibdi.

«Agar budjet barbod bo‘lsa, Germaniya eng keraksiz vaqtda noaniqlik davriga kirib qoladi», — degan Habek Ukrainadagi vaziyat, AQShdagi saylov va ichki iqtisodiyotning yomonlashuviga ishora qilib. Volkswagen avtokonsernining Germaniyadagi uchta zavodi yopilishi iqtisodiy muammolarning ramziga aylandi.

Eronda josuslar qatl etildi

Eron mamlakatning yetakchi yadroviy olimi, 2020 yilning noyabrida o‘ldirilgan Muhsin Faxrizodaning o‘limiga daxldor deb topilgan uch kishini o‘lim jazosiga hukm qildi.

Hukm Urmiya sudi tomondan o‘qilgan, biroq appelyatsiya jarayonida bo‘lgani bois kuchga kirmagan.

Sud hokimiyati rasmiy vakili Asqar Jahongirning aytishicha, sudlangan uch kishi Isroil foydasiga josuslik qilganlikda aybdor deb topilgan. Ular qotillikni amalga oshirish uchun Eronga alkogol va boshqa ichimliklar ko‘rinishi ostida kontrabanda usulida uskunalar olib kirishgan.

Bu ish bo‘yicha hibsga olingan sakkiz kishi ichida aynan shu uch kishi hujumga tayyorgarlik ko‘rishda bevosita ishtirok etgan.

Faxrizoda 4 yil muqaddam Tehrondan unchalik uzoq bo‘lmagan shosseda o‘ldirilgan; Eron darhol javobgarlikni Isroil bo‘yniga qo‘ygan. Tehronning ma’lumotlariga ko‘ra, suiqasdda masofadan turib boshqariladigan bombadan foydalanilgan.

Qotillik amalga oshirilgan chog‘da olim Eronning yadroviy dasturida ishtirok etgani uchun AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan.

Mavzuga oid