Jahon | 12:09 / 06.11.2024
6867
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp oldinda bormoqda. So‘nggi ma’lumotlar

Tramp g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan 270 ovozdan 267 tasini yig‘ib bo‘lgan.

Eloisa Lopez / Reuters / Scanpix / LETA

5 noyabr kuni AQShda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Kurash respublikachilar nomzodi, 2017-2021 yillarda ham prezidentlik lavozimini egallagan Donald Tramp hamda amaldagi vitse-prezident, Demokratik partiya vakili Kamala Harris o‘rtasida kechdi.

Prezidentlik poygasida yaqqol favorit yo‘q edi. Ekspertlar ikkala nomzod ham g‘alaba uchun teng imkoniyatga egaligini aytishayotgandi. Saylov natijasi odatdagidek ikkilanuvchi shtatlarda hal bo‘lishi kerak, bu hududlardagi saylovchilarning pozitsiyasi o‘zgaruvchan, ular saylovlarda goh respublikachilarni qo‘llagan, goh demokratlarni.

Bunday shtatlar yettita — Pensilvaniya, Jorjiya, Shimoli Karolina, Nevada, Arizona, Michigan va Viskonsin.

G‘alaba qozonish uchun nomzodlardan kamida 270 delegat ovozini o‘ziniki qilishi talab etiladi, «ikkilanuvchi» shtatlarda g‘olib bo‘lmasdan, bu songa erishib bo‘lmaydi. CNN telekanali saylov uchun prevyusida Harris azaldan demokratlarni qo‘llab keladigan shtatlarda g‘alabaga erishib, jami 226 ovoz olishi, Tramp ham respublikachilarga sodiq hududlardan 219 ovoz to‘plashini aytib o‘tgan.

«Ikkilanuvchi» shtatlarda esa jami 93 ovoz uchun kurash kechadi. Michigan, Jorjiya, Arizona va Viskonsindagi o‘nlab saylov uchastkalarida ovoz berish kuni portlash xavfi to‘g‘risida xabarlar olindi. Bu xabarlar yolg‘on bo‘lib chiqdi, ammo Jorjiyada bunday xabarlar tufayli saylov uchastkalari taxminan bir soatga yopib qo‘yildi.

Jorjiya shtati davlat kotibi Bred Raffensperger bunday tahdidlar «Rossiyadan» kelganini aytdi, lekin bunday xulosaga kelishi sababini ochiqlamadi. CNN ning maxsus xizmatlardagi manbasi esa minalashtirish to‘g‘risidagi xabarlar Rossiya bilan bog‘liqligi tekshirilishini aytgan. Kanal suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, portlash xavfi to‘g‘risidagi qaror Rossiya domeniga ega pochta serveri akkauntidan kelgan. Shu bilan birga, telekanal elektron pochta manzili soxta bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.

Edison Research kompaniyasi aksariyat shtatlarda saylov uchastkalari yopilishi arafasida o‘tkazgan ekzit-pollar hal qiluvchi shtat Pensilvaniyada (19 ovoz) Trampning imkoniyati yuqoriroq ekanini ko‘rsatgan (46 ga qarshi 47 foiz).

Shimoliy Karolina (48), Viskonsin (47), Jorjiya (49) va Michiganda (48) esa ekzit-pollar Harrisning ustunligini, Arizonada esa kuchlar tengligini ko‘rsatayotgandi.

Ammo ovozlarni hisoblab chiqishdan keyingi natijalar ekzit-pol ma’lumotlariga mos kelmadi. Avvaliga Amerikadagi yirik nashrlarning tahlilchi jamoalari ovozlar hisoblab bo‘linishidan ancha oldin Tramp Shimoliy Karolinada g‘olib bo‘lishi haqida xulosaga kelishdi, keyin esa Jorjiyada ham g‘alabani unga berishdi.

Toshkent vaqti bilan soat 12:00 ga kelib Tramp g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan 270 ovozdan 267 tasini yig‘ib bo‘lgandi.

AQShning keyingi prezidenti kim bo‘lishini hal qiladigan shtatlarda ovozlarni hisoblab chiqish qancha davom etishi ma’lum emas. Kamala Harrisning saylovoldi shtabi rahbari Jyen OʼMelli Dillon xodimlarga «biroz uxlab olish»ga ketishni taklif qilgan. Harris yaqin vaqtlar ichida tarafdorlari qarshisida chiqish qilishni rejalashtirayotgani yo‘q. Tramp esa Floridada chiqish qilishga tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid