O‘zbekiston | 17:42 / 07.11.2024
53048
7 daqiqa o‘qiladi

Egallangan hamda hujjatsiz yer uchastkalariga so‘nggi “aksiya”. Egalik huquqini e’tirof etish uchun nima qilish kerak?

8 noyabrdan kuchga kiradigan hamda inson omilisiz ishlashi aytilgan bu qonun doirasida barcha yer uchastkalari xatlov qilinib, kosmik suratlar bilan solishtiriladi. Fuqarolardan esa faqat to‘lov qilish talab etiladi. Ushbu maqolada yer uchastkalarini e’tirof etish borasida kimlar va qanday tartibda ishlashi, agar fuqarolarda e’tiroz bo‘lsa qaysi bosqichda va kimga murojaat qilish kerakligi tushuntirib berilgan.

Joriy yil 6 avgust kuni “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. Ushbu qonun bilan millionlab o‘zbekistonliklarning kadastr hujjatlari yo‘q yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarga bo‘lgan huquqlari tan olinadi.

Mazkur qonun 8 noyabrdan kuchga kirmoqda. Ushbu o‘ziga xos «amnistiya»ga ko‘ra, fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:

  • 2018 yil 1 may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib, o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2018 yil 1 may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilingunigacha) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
  • bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
  • kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
  • davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
  • hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.

Ko‘chmas mulkni qonuniylashtirish uchun ular quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi;
  • yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;
  • yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;
  • muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmagani;
  • bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa);
  • har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilgani, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).

Xo‘sh, agar sizda shunday turdagi yer uchastkasi bo‘lsa, nima qilish kerak? Rasmiylar bu qonunni inson omilisiz amalga oshirmoqchi, shu sababli barcha yer uchastkalari kadastr xodimlari tomonidan xatlov qilinadi. Siz turgan hudud yoki O‘zbekistonning ixtiyoriy joyidagi uchastka qachon xatlovdan o‘tishini Kadastr agentligi tayyorlagan e’tirof etish reja-jadvali orqali aniqlab olish mumkin.

Yuqorida ko‘rsatilgan muddatda kadastr xodimlari siz turgan hududga borib xatlov qilgach, agar u yerda e’tirof qilinishi kerak bo‘lgan yer uchastkasi bo‘lsa, bu maydon “O‘zbekkosmos”ga yuboriladi. Kosmik tadqiqotlar agentligi bu tekshiruvlar inson omilisiz va korrupsiyadan xoli bo‘lishini aytmoqda.

Kadastr agentligi tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida biz kosmik suratlar arxiviga murojaat qilamiz. Olingan kosmik suratlarni soxtalashtirishning iloji yo‘q. Chunki kosmik suratlarni taqdim qiluvchi operatorlar hech qachon bunday yo‘lga yurmaydi. Bu korrupsiya aralashmasligi yo‘lida juda yaxshi “plyus”. Biz tomonimizdan ham, xalq tilida aytilganidek “fotoshop” qilinmaydi. Yer uchastkasida bino inshoot bo‘lsa, qurilgan deb yoki bo‘lmasa shu sanasiga qadar qurilmagan, deb beramiz.

E’tirof etish haqidagi murojaatlar avtomatik bo‘ladi, bu xodimlar o‘rtasidagi muloqot bo‘lmasligi, inson omili oldini oladi. Agar yer uchastkalaridagi binolarni kosmik suratlar orqali aniqlashda ob-havo yoki kattaroq daraxtlar to‘sqinlik qilsa, boshqa usullarda aniqlash kerakligi haqida ma’lumot kiritiladi. Lekin bunaqa holatlar juda kam bo‘ladi. Ba’zi «uddaburon» hamyurtlarimiz ham bor, yangi qonundan yerlarni o‘zlashtirishda foydalanishni ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin aytmoqchimanki, buning iloji yo‘q. Kosmik suratlar arxivida barchasi aniqlanadi», — deydi Kun.uzʼga intervyu bergan Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi departamenti direktori Farhod Mahmudxo‘jayev.

Farhod Mahmudxo‘jayev

Bu safargi “aksiya” inson omilisiz bo‘lishi aytilmoqda, shuning uchun fuqarolardan biror harakat talab qilinmaydi. Agar sizdagi hujjatlari yo‘q uchastka va inshoot ushbu tartibga to‘g‘ri kelsa, bu ma’lumot mahallada e’lon qilinadi. Bu uchastka bo‘yicha FVV, Suv xo‘jaligi, Kommunal xizmatlar kabi boshqa tashkilotlar ham o‘z xulosasini beradi.

Kadastr agentligi yaratgan “E’TIROF” AAT dasturi yoki rasmiy saytida barcha fuqarolar One-ID orqali ro‘yxatdan o‘tib, bu jarayonlarni kuzatib turishi ham mumkin. Ushbu saytda e’lon qilingan ko‘chmas-mulklar joylashgan uchastkadan manfaatdorlar yoki boshqa shaxslar o‘z dalillari bilan shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi.

Agar e’tirof qilinayotgan uchastkaga 1 oy ichida shikoyat bo‘lmasa, Adliya vazirligi ijobiy xulosa beradi. Kimning nomiga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, unga SMS orqali to‘lov kvitansiyasi boradi.

To‘lovlar Toshkent shahri, viloyatlar markazlar hamda boshqa aholi punktlarida turlicha – BHMning bir necha baravari miqdorida belgilangan.

Oldingi aksiyada to‘lov qilganlar hamda I, II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘lovdan ozod etiladi. Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilganlar to‘lovning 50 foizini to‘laydi. To‘lov qilingach, mahalliy kengash deputatlarining navbatdagi yig‘ilishi qarori bilan yerlarga egalik huquqi tan olinadi.

Mazkur qonun asosida yer uchastkalari e’tirof qilinishi mumkin bo‘lgan millionlab fuqarolar bor. Shu sababli jarayon 2028 yil 1 yanvargacha davom etishi belgilangan.

Farrux Absattarov tayyorladi.

Mavzuga oid