O‘zbekiston | 19:42 / 07.11.2024
20578
5 daqiqa o‘qiladi

Taxiatosh tumani hokimi sobiq o‘rinbosari ozodlikdan mahrum etildi. U budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan

Taxiatosh tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari G‘ulom Bektemirov jinoiy jazoga tortildi. U hududdagi MChJlardan birining rahbari bilan til biriktirib, tumandagi ijtimoiy soha obektlari isitish tizimi uchun ajratilgan budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. G‘ulom Bektemirov iyun oyida boshqa bir jinoyati doirasida 32 mln so‘m bilan tezkor tadbirda qo‘lga olingandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jaligi, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G‘ulom Bektemirov hamda u bilan jinoiy til biriktirgan MChJ rahbariga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, xalq deputatlari Taxiatosh tumani kengashining 2023 yil 23 iyundagi qarori bilan “Universal Energo G‘aiz Stroy” MChJ Taxiatosh tumani hududidagi ijtimoiy soha obektlarini kuz-qish mavsumida isitish tizimlarini amalga oshirishda xususiy sherik sifatida kiritilgan. So‘ngra tuman hokimligi va MChJ o‘rtasida jami 12 mlrd 440 mln so‘mlik (shundan 6 mlrd 220 mln so‘mi davlat budjeti hisobidan ajratilishi nazarda tutilgan) davlat-xususiy sheriklik bitimi tuzilgan.

Mazkur bitimga asosan tumandagi 49 ta ijtimoiy soha obektlariga 173 ta yangi isitish qozoni o‘rnatilishi va isitish tizimlari modernizatsiya qilinishi, ko‘mir uchun omborxona qurilishi hamda boshqa ta’mirlash ishlari bajirilishi kerak edi. Ammo MChJ rahbari Amanbay Karashayev hokim o‘rinbosari G‘ulom Bektemirov bilan til biriktirgan holda loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilgan ishlarni to‘liq bajarmasdan, bajarilgani haqida hisob-faktura tayyorlashgan.

Ular hujjatga ayrim bog‘cha yoki maktablarda katta hajmli isitish qozoni o‘rnatilgani haqida ma’lumot kiritishgan, biroq aslida kichik hajmli isitish qozoni o‘rnatishgan. Hatto ba’zi ta’lim va tibbiyot muassasalariga isitish qozonlari o‘rnatilmagan holda bu ish bajarilganini qayd etishgan.

Jumladan, tumandagi 5-, 8-, 13-, 14-, 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, oilaviy poliklinikaga, ixtisoslashtirilgan narkologik dispanseriga, markaziy poliklinikaga, Keneges va Azatliq oilaviy poliklinikalariga, 4-, 5-, 9-, 10-, 11-, 12-, 13-, 14-, 15-, 16-, 17-, 18-, 19-, 20-, 21-, 22-sonli umumta’lim maktablariga, shuningdek, Barkamol avlod, Bolalar musiqa va san’at maktablariga, Sport maktabiga yangi qozonxona qurilgani ko‘rsatilgan holda aslida ushbu qozonxonalar umuman qurilmagan.

Mazkur qilinmagan ishlar qo‘shib yozilishi orqali jami 760 mln so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan. G‘ulom Bektemirov hisob-fakturani bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilganini bilgan holda imzolab, tasdiqlab bergan. 

Bundan tashqari, G‘ulom Bektemirov hokimlik balansida bo‘lgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni mahalliy fuqaroga buzish ishlarini olib borish hamda buzish davomida chiqqan materiallardan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish (sotish) vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytgan. U buning evaziga 35 mln so‘m talab qilgan.

Tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 32 mln so‘mni haydovchisi orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sudda G‘ulom Bektemirov o‘z aybiga iqrorlik bildirmagan. U qo‘shib yozilgan hisob-fakturani ishlari ko‘payib ketib, ishlarni shaxsan o‘zi borib  ko‘rmagani, faqatgina 4 ta obektni ko‘zdan kechirgani, ushbu obektlarda ishlar to‘g‘ri bajarilgani bilan izohlagan. Shuningdek, “zamhokim” o‘z ko‘rsatmasida hisob-fakturaga imzo chekishi jarayonida yuqori turuvchi rahbarlar tomonidan ko‘rsatma bo‘lganini ham ma’lum qilgan.

Sud hukmi bilan Amanbay Karashayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

G‘ulom Bektemirov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi, 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. U 1 yil davlat idoralari, shuningdek, davlat ulushi bor idoralarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifasi yuklanadigan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 

Karashayev va Bektemirovdan solidar tartibda 760 mln so‘m yetkazilgan zarar Taxiatosh tumani Moliya bo‘limi foydasiga undirilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, G‘ulom Bektemirov 1989 yilda tug‘ilgan. U 2022 yil may oyidan Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jaligi, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Avvalroq Xovos tumani hokimining o‘rinbosari – Investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Hakimjon Mallayev 7 yilga qamalgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid