Trampning g‘alabasi: Orban Ukraina bo‘yicha YeI yangi strategiyasini talab qilmoqda
Donald Trampning AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng Vengriya bosh vaziri Yevropaning yakka o‘zi Ukrainaga yordam berishi mumkinligiga shubha qildi va bu masalani qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Rossiya harbiy agressiyasidan o‘zini himoya qilishda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi strategiyasini o‘zgartirishni talab qildi. U 6 noyabr, chorshanba kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida so‘zlagan nutqida Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng Amerikaning Kiyevga yordami to‘xtatilishi mumkinligiga ishora qildi.
Shu nuqtayi nazardan, Yevropaning Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordamni yakka o‘zi olishga qodirligiga «jiddiy shubhalar bor», shuning uchun Yevropa Ittifoqining yangi strategiyasi zarur, dedi Orban.
Orban Tramp g‘alabasidan so‘ng tinchlikka umid bildirdi
Facebookʼda e’lon qilingan videoda vengriyalik o‘ng populist Trampning «yorqin» g‘alabasini olqishladi, uning fikricha, bu g‘alaba «dunyo tinchligi uchun umid» keltiradi.
8 noyabr kuni Budapeshtda Yevropa Ittifoqining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi, unda asosiy mavzulardan biri Trampning AQShdagi g‘alabasi va buning ehtimoliy oqibatlari bo‘ladi. Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Vengriya bosh vaziri rossiyaparast pozitsiyasi va Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni talab etgani uchun keskin tanqid qilinmoqda. Orban Yevropa kengashida raisligidagi asosiy mavzuni Trampning shioriga o‘xshash shiorga aylantirdi – «Yevropani yana buyuk qilamiz».
Tramp AQShdagi saylovlarda g‘alaba qozondi
Ovozlarni sanab chiqishning dastlabki natijalariga ko‘ra, AQSh prezidentligi saylovlarida Respublikachilar partiyasidan nomzod, sobiq prezident Donald Tramp g‘alaba qozondi. 277 ta saylovchilar kollegiyasi respublikachiga, 224 tasi esa vitse-prezident demokrat Kamala Harrisga ovoz berdi. AQSh saylovlarida g‘alaba qozonish uchun alohida shtatlardagi saylovchilarning xohish-istaklarini ifodalovchi 270 ta saylovchilar kollegiyasi ovozini olish kerak.
Saylov uchastkalari yopilganidan bir necha soat o‘tgach, Tramp «siyosiy g‘alaba» haqida e’lon qildi va o‘zini Qo‘shma Shtatlarning 47-prezidenti deb atadi. «Biz tarixga kirdik», dedi u 6 noyabr, chorshanba kuni Florida shtatidagi Uest-Palm-Bich shahrida tarafdorlari oldida chiqishi chog‘ida. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikachilar «bu mamlakatda hech qachon bo‘lmagan» g‘alabaga erishdi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15 / 21.11.2024
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
17:20 / 20.11.2024
SpaceX oltinchi marta Starship raketasini sinovdan o‘tkazdi. Parvozni Donald Tramp ham kuzatib bordi
19:09 / 19.11.2024