Iqtisodiyot | 18:34 / 08.11.2024
3190
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi

Shuningdek, 2 ta to‘lov tashkiloti va 2 ta to‘lov tizimi operatori ustav kapitalining eng kam miqdori hamda tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablarni bajarmagani uchun ogohlantirildi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank oktyabr oyida 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan joriy yilning oktyabr oyidagi yig‘ilishlarida (8 marta) 32 ta masala ko‘rilgan va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 16 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (4 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish (1 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatiga olish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqishga doir (8 ta) masalalar ko‘rilgan.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilingan.

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llangan.

Shuningdek, 2 ta to‘lov tashkiloti va 2 ta to‘lov tizimi operatori tomonidan to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori va tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablar bajarilmagani hamda 4 ta tijorat bankida xavfsizlikni ta’minlash va avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotlarni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani sababli ularga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Mavzuga oid