Jahon | 07:50 / 08.11.2024
14221
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin bilan gaplashishga tayyorligini aytdi

U saylovlardan keyin hali Putin bilan gaplashmagan, ammo Zelenskiy bilan muloqot qilib ulgurgan.

Foto: NurPhoto/Getty Images

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp NBC News uchun intervyusida saylovlardan keyin hali Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashmagani, ammo allaqachon ukrainlar yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan qo‘ng‘iroqlashganini aytdi.

«O‘ylaymanki, biz gaplashamiz», — degan u Putin bilan muloqot to‘g‘risida. U Zelenskiy bilan suhbat tafsilotlarini ochiqlamagan.

U chorshanba kuni tongdan buyon «70 ga yaqin davlatlar rahbarlari», jumladan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan gaplashganini aytgan. U Isroil yetakchisi bilan muloqotini «juda yaxshi suhbat» deb atagan.

Intervyuda Tramp prezident Jo Bayden va saylovlarda o‘ziga raqiblik qilgan vitse-prezident Kamala Harris bilan ham telefon qo‘ng‘iroqlari haqida ma’lumot bergan.

Bayden va Harris uni g‘alaba bilan tabriklash uchun chorshanba kuni qo‘ng‘iroq qilishgandi.

«Juda yoqimli qo‘ng‘iroqlar, ikkisi ham hurmat ko‘rsatishdi», — degan Tramp muloqotga ta’rif berib, Harris hokimiyat o‘tkazilishi to‘g‘risida gapirgani va bu imkon qadar silliq kechishini istashini aytganini qo‘shimcha qilgan.

«Men, albatta, unga qo‘shilaman», — degan Tramp.

Uning aytishicha, Bayden bilan muloqotda ular «juda tez furatlar»da birgalikda tushlik qilishga kelishib olishgan.

Payshanba kuni Vladimir Putin Trampning saylovdagi g‘alabasi yuzasidan ilk bor munosabat bildirdi va uni tabrikladi.

«Fursatdan foydalanib, uni AQSh prezidenti etib saylangani bilan tabiklayman. Men oldin ham aytganman, biz Amerika xalqi ishonch bildirgan istalgan davlat rahbari bilan ishlaymiz. Amalda ham shunday bo‘ladi», — degan Putin «Valday» xalqaro muhokama klubi yig‘ilishida.

Putin shuningdek Trampning «Ukraina inqirozini yakunlashga hissa qo‘shish»ga tayyorligi haqidagi bayonotlarini eslagan.

«U nima qilishi — unga beriladigan savollar. Ammo hozirgacha omma oldida aytilgan, Rossiya bilan munosabatlarni tiklash, ukrain inqirozini tugatishga yordam berish istagida aytilgan gaplar, nazarimda, e’tiborga loyiq ko‘rinadi».

Rossiya prezidenti buni «uyatli» deb hisoblamasa ham, Trampga qo‘ng‘iroq qilmoqchi emasligini aytgan. «Men buni qilmayapman, chunki G‘arb davlatlari rahbarlari deyarli har hafta qaysidir bosqichda menga qo‘ng‘iroq qilishdi va keyin birdan to‘xtab qolishdi», — dedi u.

U Tramp 2016–2020 yillardagi birinchi prezidentlik muddati davomida «qo‘shimcha qadam tashlashdan, qo‘shimcha so‘z aytish»dan qo‘rqqani, biroq yozdagi suiqasd paytida jasorat ko‘rsatganini ta’kidlagan.

Saylovoldi kampaniyasi vaqtida Tramp saylangudek bo‘lsa, Rossiyaning Ukraina bilan urushini yakunlashga va’da bergan, ammo buni qanday amalga oshirishiga aniqlik kiritmagandi.

Ukraina prezident Volodimir Zelenskiy Budapeshtda o‘tkazilgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti yakunidagi matbuot anjumanida Trampning urushni tezda yakunlash istagiga ishonishi, ammo Kiyevga adolatli tinchlik lozimligini aytgan.

«Men prezident Tramp chindan ham tezkor yechim topishni istayotganiga ishonaman. Xohlaydi, ammo bu shunday bo‘ladi degani emas va men bu o‘rinda hech kimdan o‘pkalamayman. [...] Bilamanki, urushni tezda tugallash – [Ukraina uchun] yo‘qotishlarni anglatadi», – degan u.

Mavzuga oid