Jahon | 20:42 / 09.11.2024
6150
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi

Pentagon vakilining so‘zlariga ko‘ra, saylovlardan oldin Bayden administratsiyasi qolgan yordamni aprelda yetkazishni reja qilgandi. Hozir esa amaldorlar yanvarga qadar imkon boricha ko‘proq yordam jo‘natishga urinyapti.

Foto: The Wall Street Journal

AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasi Donald Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.

Oq uy vakillari yangi administratsiyasi Ukrainani muzokaralarga undash uchun yordam ko‘rsatishni qisqartirishidan xavotirda, shu bois ular Kiyevning pozitsiyasi va mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga umid qilmoqda. Pentagon vakilining so‘zlariga ko‘ra, saylovlardan oldin Bayden administratsiyasi qolgan yordamni aprelda yetkazishni reja qilgandi. Hozir esa amaldorlar yanvarga qadar imkon boricha ko‘proq yordam jo‘natishga urinyapti.

Xususan, Pentagon Rossiya tomonidan amalga oshiriladigan havo hujumlariga qarshi turishni kuchaytirish uchun Ukrainaga Patriot va NASAMS havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun 500 dan ortiq «tutib qoluvchilar»ni yubormoqda. Ular «yaqin haftalar ichida» manzilga yetib borishi kutilyapti. Yana bir manbaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yetkazib berishlar Ukrainaning yil davomidagi havo hujumidan mudofaa ehtiyojlari uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Shuningdek, Bayden administratsiyasi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukrainaga Pentagon tomonidan yetkazib berilgan F-16 qiruvchi samolyotlariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi «kam sonli» pudratchilarni yuborishga qaror qilgan.

Odatda Ukrainaga qurol yuborish haftalar yoki hatto oylarga cho‘ziladi va yetkazib berishlarning oshishi AQSh harbiy zaxiralariga ta’sir ko‘rsatishi nuqtai nazaridan «katta xavotir uyg‘otadi». Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga yuboriladigan qurollarni boshqa davlatlardan xarid qilish kabi variantlarni ham ko‘rib chiqmoqda.

Shu bilan birga, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin yaqinda Volodimir Zelenskiyning Ukrainaga ATACMS raketa tizimlarini olishda boshqa xaridorlardan ko‘ra ustuvorlikni berish borasidagi iltimosini rad etgan. WSJ suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Ostin Zelenskiyga boshqa mijozlar bilan oldindan tuzilgan kelishuvni buzish «juda katta iltimos» ekanini bildirgan.

Mavzuga oid