O‘zbekiston | 11:55 / 09.11.2024
4697
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlanmoqda

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2025 yil 1 yanvardan davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlandi. Hukumatning 5 yil oldingi boshqa bir qarorida esa “O‘zbek davlat sirki”ga tutash hududda qo‘shimcha hayvonlarni saqlash uchun bino-inshootlar va o‘rgatish maydonlari qurish, budjet mablag‘lari hisobidan esa ekzotik hayvonlarni sotib olish nazarda tutilgandi.

Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati hamda ushbu ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlanadi:

  • jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash;
  • davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish;
  • ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ruxsatnomalari asosida belgilangan tartibda yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan hayvonot bog‘larida va (yoki) pitomniklarda saqlanishi mumkin.

Jismoniy shaxslar, shuningdek, davlat va mobil sirklar (shapitolar) ixtiyoridagi yovvoyi hayvonlar shartnoma asosida hayvonot bog‘lari va pitomniklarga pulli yoki bepul topshirilishi mumkin. O‘zbekiston faunasiga mansub bo‘lganida, ular uchun mos bo‘lgan tabiiy yashash muhitiga, mansub bo‘lmaganda esa O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqarib yuboriladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda jismoniy shaxslar va sirklarda saqlanayotgan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarning 2026 yil 1 yanvargacha hayvonot bog‘lari yoki pitomniklarga topshirilishini ta’minlash topshirilgan.

2019 yil 23 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek sirk san’atini yanada rivojlantirish va «O‘zbek davlat sirki» davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorda «O‘zbek davlat sirki»ga tutash hududda qo‘shimcha hayvonlarni saqlash uchun bino-inshootlar va o‘rgatish maydonlari qurish nazarda tutilgan.

Hujjat bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida esa davlat budjeti hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sirk dasturlari va tomoshalar saviyasini oshirish maqsadida «O‘zbek davlat sirki» davlat muassasasiga ekzotik hayvonlar, jumladan ayiq, kenguru, maymun, fil va boshqalarni sotib olish belgilangan.

Bitta hayvonni boqish bir insonni boqishdan qimmatga tushmoqda”

Gazeta.uz’ning yozishicha, 16 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “O‘zbek davlat sirki”ni xususiy boshqaruvga berish va hayvonlarsiz ham tomosha ko‘rsata oladigan mexanizmni ishlab chiqish kerakligini aytgandi.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan sirkning binosi achinarli ahvolga kelib qolgani va tsikr jamoasining repertuarida deyarli yangilik yo‘qligi, har doim bir xil tomoshalar qo‘yilishi haqida tanqidiy fikrlar bildirilib, bu borada qanday rejalar borligi so‘ralgan.

«Toshkent sirki bitta muassasa bo‘lgani bilan, u katta tashkilot va katta jamoa faoliyat yuritadi, masalasi ham juda ko‘p. U yerda hozir bitta hayvonni boqish bir insonni boqishdan qimmatga tushadi davlatga. Chunki sirkda noyob hayvonlar bor, ularga vaqtida qarab turish kerak, vaksinasini qilish kerak. Tsirk har kuni faoliyat yuritsa ham, kuniga 5−10 ta seans qo‘ysa ham, topgan puli bilan shuncha hayvonlari va xodimlarini boqib tura olmaydi, puli bunga yetmaydi. Tsirk saqlab turish juda qimmat turadigan faoliyat turi hisoblanadi», — degan Ozodbek Nazarbekov.

Vazir sirk xususiylashtirilsa, keyin rivojlanish bo‘lishini bildirgan. 

Mavzuga oid