Jahon | 13:07 / 09.11.2024
3071
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Britaniya sanksiyalariga duchor bo‘lgan kompaniyalari haqida izoh berdi

Qozog‘iston Amerika va Yevropa xizmatlari bilan kelishilgan cheklovlarga amal qiladi, - Nurlan Baybazarov.

Foto: AP

Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalar bir kunlik kompaniyalar bo‘lib, katta ehtimol bilan aniq maqsadlar uchun yaratilgan. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, milliy iqtisodiyot vaziri Nurlan Baybazarov Qozog‘istonning olti kompaniyasi Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga izoh berar ekan aytib o‘tdi.

«Bu kompaniyalar bir kunlik bo‘lib, ular, ehtimol, aniq maqsadlar uchun yaratilgan. Tekshirishni boshlaganimizda, ularda to‘laqonli xo‘jalik faoliyati yo‘qligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ular shartnoma tuzyapti va g‘oyib bo‘lyapti. G‘arb moliyaviy xizmatlari bunday kompaniyalarni postfaktum qayd qilyapti va ularni sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shyapti. Bu Qozog‘iston kompaniyalarining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qaratilgan tizimli urinishi deb o‘ylamayman. Bu foyda olish maqsadidagi alohida holatlardir. Bunga qarshi kurashish qiyin, lekin biz Amerika va Yevropa xizmatlari bilan kelishilgan cheklovlarga rioya qilamiz», — deya Baybazarovning so‘zlarini keltirgan Kazinform.

Uning ta’kidlashicha, ushbu kompaniyalardan ikkitasi allaqachon AQSh sanksiyalari ostida edi.

Avvalroq Buyuk Britaniya Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilgan edi. Ro‘yxatga 56 ta kompaniya, jumladan, Qozog‘istondan oltita kompaniya kiritilgan: STANEX Group, Kazstanex, «ZapchastTreyd», «Rabadaziya», CPS Energy va TawKZ.

Mavzuga oid