Ispaniyada ommaviy norozilik namoyishlari: aholi Valensiya hukumati iste’fosini talab qilmoqda
Aksiya ishtirokchilarining ta’kidlashicha, Valensiya hamjamiyatida «siyosiy sharmandalik va insoniyat fojiasi tarixidagi eng yomon epizod» boshlangan. Ular Jyeneralitet prezidenti Karlos Masonning iste’fosini va unga nisbatan sud jarayonlari boshlanishini talab qilmoqda.

Foto: Alejandro Martínez Vélez / Europa Press
Ispaniyaning Valensiya shahrida 130 ming kishi ishtirokida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Aksiya ishtirokchilari Valensiya Jyeneraliteti (hukumat) prezidenti Karlos Masonning iste’fosini talab qilmoqda.
Marsh Valensiya jamoatchiligi, fuqarolik tashkilotlari va so‘l kasaba uyushmalari tomonidan «Masonning iste’fosi» shiori ostida o‘tkazildi. Jyeneralitet saroyi qarshisiga to‘plangan namoyishchilar o‘z talablari bitilgan manifestni o‘qib eshittirdi.
Manifestda aytilishicha, Valensiya hamjamiyatida «siyosiy sharmandalik va insoniyat fojiasi tarixidagi eng yomon epizod» boshlangan. Ular prezident Karlos Masonning iste’fosini va unga nisbatan sud jarayonlari boshlanishini talab qildi. Shuningdek, namoyishchilar «murakkab vaziyatlarda qanday chora ko‘rish kerakligini bilmaydigan Valensiya hukumati» iste’fo berishini so‘ramoqda.
Miting ishtirokchilari mahalliy hukumatni to‘fondan zarar ko‘rgan hududlarga favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mas’ul organlar «tushunarsiz sabablarga ko‘ra kech yetib kelganida» ayblamoqda. Namoyish ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, Valensiya xalqi «besh kunga taqdir ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan».
Ispaniyada kuzatilgan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 223 kishiga yetdi. Mamlakat shimol-sharqidagi butun boshli dahalar va qishloqlarni suv bosdi. Kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari mintaqaga DANA sinfiga oid to‘fon yopirilishi oqibatida yuz berdi. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Yevropa birdamlik jamg‘armasidan mamlakatni qayta tiklash uchun mablag‘ so‘radi. Ispaniya qiroliga Valensiyaga tashrifi vaqtida loy uloqtirishdi. Shunga qaramay, Filipp VI tashrifni davom ettirdi va «favqulodda vaziyat tufayli hafsalasi pir bo‘lgan ko‘plab insonlarning g‘azabini tushunishini» aytdi.
Mavzuga oid

17:56 / 03.04.2025
Ispaniya «oltin viza» berishni to‘xtatdi

23:24 / 01.04.2025
Avstraliyada suv toshqinlari oqibatida 100 mingdan ortiq chorva nobud bo‘ldi

20:56 / 17.03.2025
Madrid Rossiyaning 65 nafar fuqarosiga yashash guvohnomalarini berishdan bosh tortdi

14:20 / 13.03.2025