Tramp Kamala Harrisga 20 mln dollar qarzini uzish bo‘yicha yordam taklif qildi
Politico jurnalistiga ko‘ra, Demokratik partiya o‘zining saylovoldi kampaniyasini kamida 20 million dollar qarz bilan yakunlangan.
AQSh prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozongan Donald Tramp Demokratik partiyaning saylovoldi kampaniyasi jarayonida yuzaga kelgan qarzini uzishga yordam berish taklifi bilan chiqdi.
«2020 yilgi prezidentlik saylovlarida sabot va mardonavorlik bilan kurashib, rekord miqdorda pul yig‘gan demokratlarda ko‘p miqdorda dollar qolmaganidan hayronman… Partiya sifatida va zarur bo‘lgan birdamlik uchun ularga qo‘ldan kelgan barcha imkoniyatni ishga solib, yordam berishni qattiq tavsiya qilaman. Bizda juda ko‘p pul qoldi», — deb yozadi Tramp.
Avvalroq Politico jurnalisti Kristofer Kadelago X ijtimoiy tarmog‘i orqali Kamala Harrisning saylovoldi kampaniyasi kamida 20 million dollar qarz bilan yakunlanganini ma’lum qildi. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, jami 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘plashga muvaffaq bo‘lgan Harrisning hisobida 16 oktyabr kuni 118 million dollar qolgan.
Amaldagi prezidenti Jo Bayden administratsiyasining sobiq xodimi Axios nashri bilan suhbatda Harrisning mag‘lubiyatiga kim javobgar ekaniga oid savolga javob qaytargan: «Qanday qilib 1 milliard dollar sarflab, g‘alaba qozonmaslik mumkin?»
Sentyabr oxirlarida The Wall Steet Journal Tramp va Harris shtablarining saylovoldi kampaniyasiga xarajatlarini taqqoslagan edi. O‘shanda Harrisning Bayden bilan birga xarajatlari 743 million dollardan ortiqni tashkil etgan bo‘lsa, Tramp 426 million dollardan ziyodroq sarflagan. Ikkala nomzod ham eng ko‘p mablag‘ni reklama va pochta jo‘natmalariga ishlatgan.
Trampning saylovoldi kampaniyasiga asosiy yordamni dunyoning eng badavlat insoni — Ilon Mask ko‘rsatdi (Forbes versiyasiga ko‘ra, uning boyligi 304 milliard dollarga baholanmoqda). The New York Times’ning ma’lum qilishicha, biznesmen Trampni qo‘llab-quvvatlagan America PAC superqo‘mitasiga 120 million dollarga yaqin pul tikkan. Mablag‘larning bir qismi «so‘z erkinligi va qurol ko‘tarib yurishga ruxsat» petitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan tasodifiy saylovchilarga 1 million dollardan to‘lanishiga ketgan.
Mavzuga oid
08:32
Hegset, Retkliff, Noem, Mask: Tramp asosiy lavozimlarni taqsimlamoqda
00:30
«Deportatsiya, chegara devori, bekor qilinadigan gumanitar yordamlar». Tramp prezidentligining ilk kunida nimalar qilishi ma’lum bo‘ldi
16:55 / 12.11.2024
Tramp millionlab migrantlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda - OAV
12:15 / 12.11.2024