Jahon | 18:18 / 12.11.2024
786
2 daqiqa o‘qiladi

Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi

Mutaxassislarning fikricha, Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlardan har yili o‘rtacha 10 milliard dollar zarar ko‘riladi. Shundan 2,8 milliard dollar miqdoridagi zarar O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Oxirgi 10 yil ichida global iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelgan tabiiy ofatlar jahon iqtisodiyotiga 2 trillion dollar zarar keltirdi. Bu haqda Oxera tomonidan tayyorlangan hisobotda aytiladi.

Tadqiqot 2014-2023 yillarda sodir bo‘lgan va 1,6 milliard odamga ta’sir qilgan 4 mingta ekstremal ob-havo hodisalarini hisobga oldi.

Hisobotda qayd qilinishicha, AQSh eng ko‘p zarar ko‘rgan - 934,7 milliard dollar.

Tabiiy ofatdan ko‘rilgan zararlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Xitoy – 267,9 milliard dollar, uchinchi o‘rinda Hindiston – 112 milliard dollar.

Iqlim bilan bog‘liq 4 mingta ekstremal ob-havo hodisalari tahlili shuni ko‘rsatdiki, uylarni bir zumda yuvib yuboradigan toshqinlardan tortib, yillar davomida fermer xo‘jaliklarini vayron qilgan qurg‘oqchilikka qadar, faqat so‘nggi ikki yil ichida iqtisodiy zarar 451 milliard dollarga yetgan.

«So‘nggi o‘n yillikdagi dalillar iqlim o‘zgarishi kelajak muammosi emasligini aniq ko‘rsatmoqda. Ekstremal ob-havo hodisalari oqibatida hosildorlikning jiddiy yo‘qotishlari bugun real iqtisodiyotda sezilmoqda», deyiladi hisobotda.

Yong‘in, suv, shamol va issiqlik davlat budjetlaridan tobora ko‘proq mablag‘larni yo‘q qilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlardan har yili o‘rtacha 10 milliard dollar zarar ko‘riladi. Shundan 2,8 milliard dollar miqdoridagi zarar O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 27 yil ichida Markaziy Osiyoda 123 ta tabiiy ofat yuz bergan, 10,4 million kishi jabrlangan va 2,4 milliard dollarlik iqtisodiy zarar ko‘rilgan.

Mavzuga oid