Jahon | 02:35 / 12.11.2024
4513
2 daqiqa o‘qiladi

NBC: Janubiy Koreya prezidenti Tramp bilan uchrashuv oldidan golf mashg‘ulotlarini qayta boshladi

Donald Tramp bir nechta shtatda golf maydonlariga egalik qiladi, dunyoning qator yetakchilari uchun mazkur sport turi AQSh prezidenti bilan yaqinlashishning muhim usuli hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida golf bilan bog‘liq mashg‘ulotlarini qayta tikladi, deb xabar beradi NBC News.

Janubiy Koreya prezidenti ofisining ma’lum qilishicha, davlat rahbari «sakkiz yildan beri birinchi marta o‘zining golf uchun klyushkasini olgan».

Telekanalga ko‘ra, Tramp bir nechta shtatda golf maydonlariga egalik qiladi, qonun chiqaruvchilar, biznesmenlar va dunyoning qator yetakchilari uchun mazkur sport turi AQSh prezidenti bilan yaqinlashishning muhim usuli hisoblanadi.

Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Yun Sok Yol iqtisodiyot va xavfsizlik bo‘yicha favqulodda yig‘ilish chaqirgandi. Janubiy Koreya amaldorlari asosan Trampning AQShga kirib keladigan barcha import mahsulotlariga 20 foiz boj joriy etish borasidagi va’dasidan, shuningdek, Shimoliy Koreyaga nisbatan «o‘yinlaridan» xavotirda. Tramp prezidentligining birinchi muddatida KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Donald Tramp o‘z prezidentligining har beshinchi kunini golf-klublarda o‘tkazgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tramp asosan Florida shtatidagi Palm-Bichda golf o‘ynaydi. U, shuningdek, o‘zining Nyu-Jyersi va Vashingtondagi golf maydonlariga ham tashrif buyurib turadi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid