Jahon | 09:58 / 12.11.2024
8506
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Kursk oblastini Tramp inauguratsiyasigacha qaytarmoqchi

Kursk oblastining bir qismi uch oydan ortiq vaqtdan beri Ukraina qurolli kuchlari tomonidan egallab turilibdi. Uning Rossiya nazoratiga qaytishi Kremlga Ukraina bilan har qanday tinchlik muzokaralariga kuchliroq pozitsiya bilan kirishish imkonini beradi, deb yozadi The Telegraph.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025 yil 20 yanvarda Donald Trampning AQShning 47-prezidenti sifatida inauguratsiyasi oldidan bir qismi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan egallab olingan Kursk oblastini Rossiya nazoratiga qaytarmoqchi. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph gazetasi 11 noyabr, dushanba kuni yozdi.

Bunday qadam Moskvaga har qanday tinchlik muzokaralariga kuchliroq pozitsiya bilan kirishga imkon beradi, deydi G‘arb diplomatlari. Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi 6 avgustdan beri Ukraina qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududning qariyb yarmini nazoratga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Britaniya harbiy razvedkasi: RF armiyasi hujumlarni dronlar bilan kuchaytiradi

Yaqin kunlarda Rossiya Federatsiyasi chegara yaqinida yangi uchuvchisiz uchish maydonchalaridan foydalangan holda uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida Ukraina hududiga hujumlarni kuchaytirishi mumkin, deya ta’kidladi The Telegraph Britaniya harbiy razvedkasi bahosi bilan tanishib. O‘z navbatida, ukrainalik tahlilchilar Moskva Ukraina bilan chegaradosh hudud – Sumi oblastiga yorib kirish uchun Kursk oblastidagi qarshi hujumdan foydalanishga harakat qilishini tan oldi.

Bir kun avval Amerikaning The New York Times gazetasi xabariga ko‘ra, 50 ming kishilik Rossiya va Shimoliy Koreya qo‘shinlari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Janubiy Koreya, AQSh va Ukraina hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun KXDRdan Rossiya Federatsiyasiga 8 mingdan 12 minggacha harbiy xizmatchi olib kelingan.

Tramp va Putin o‘rtasidagi ehtimoliy suhbat

Amerikaning The Washington Post gazetasi 10 noyabr kuni Tramp va Putinning 7 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati haqida xabar berdi. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Oq uyning sobiq rahbari Rossiya prezidentiga Ukrainadagi urushni kuchaytirmaslikni maslahat bergan va AQShning Yevropada muhim harbiy ishtirokini eslatgan.

Biroq, Kreml suhbat bo‘lib o‘tganini rad etdi. «Bu toza fantastika, bu shunchaki yolg‘on ma’lumot», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Mavzuga oid