O‘zbekiston | 14:08 / 13.11.2024
5112
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 3,3 trillion so‘mlik soliq qarzdorligi aniqlangan - Bosh prokuratura

2024 yilning o‘tgan davrida MIBga Toshkent viloyatining o‘zidan soliq qarzdorligi bo‘yicha 54 mingdan ortiq 3,3 trln so‘mlik (qariyb 258 million dollar) hujjatlar kelib tushgan. Undan 1,8 trln so‘mlik ijro hujjatlari undirilgan hamda 158 milliard so‘mlik mol-mulklar xatlangan.

Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlariga soliq qarzdorliklarini undirish borasida joriy yilning o‘tgan davrida 54 mingdan ortiq 3,3 trln so‘mlik hujjatlar kelib tushgan.

«Ko‘rilgan sa’y-harakatlar natijasida 21 mingta 1,8 trln so‘mlik ijro hujjatlari amalda undirilgan. Shuningdek, soliq qarzdorliklari bo‘yicha undiruvlar bilan bog‘liq ijro hujjatlari, jami 192 ta 158 mlrd so‘mlik mol-mulklar xatlangan. Hozirda 133 ta 229,7 mlrd so‘mlik mol-mulklar realizatsiya qilish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan”, — deyiladi xabarda.

Xususan, 22 ta ijro hujjati bo‘yicha 1,2 mlrd so‘mlik soliq qarzi mavjud bo‘lgan MChJga tegishli «ISUZU» rusumli avtomashina xatlanib, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan. Auksion natijalariga ko‘ra, avtomashina 436 mln so‘mga sotilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari soliq qarzi uchun yo‘naltirilgan.

Ma’lum qilinishicha, soliq qarzdorligini undirish borasida tadbirlar davom etmoqda.

Mavzuga oid