O‘zbekiston | 20:20 / 13.11.2024
22805
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda EKU markazi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

“Turk-Buxoro EKU markazi”ning Toshkent filiali ekstrakorporal urug‘lantirish usulida farzand ko‘rish istagidagi o‘nlab oilalarning noroziligiga sabab bo‘lgandi. Kun.uz'ning bu haqdagi materialidan so‘ng holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Markazning reklama videosidan kadr

Kun.uz 8 noyabr kuni EKU orqali homilali bo‘lish istagida bo‘lgan bir guruh ayollar “Turk-Buxoro EKU markazi” Toshkent filiali tomonidan aldangani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.

Korxonada ta’sischilarning kelishmovchiligi sabab klinika faoliyati to‘xtab qolgan, urug‘lantirilgan embrionlar va mijozlar to‘lagan pullar taqdiri esa noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Toshkent shahar prokuraturasi axborot xizmati buni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, klinikada 49 nafar ayol bilan tibbiy muolajalar ko‘rsatish uchun har biri 42,6 mln – jami 2 mlrd 87,4 mln so‘mlik shartnomalar tuzilgan. Ammo muolajalar yakunlanmagan. Shu sababli holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kun.uz klinika nima uchun to‘satdan yopilib qolgani, embrionlar taqdiri nima bo‘lgani, ko‘rsatilmagan tibbiy xizmat haqlari qaytariladimi yoki yo‘q – shularni bilish maqsadida markaz rahbarlariga bog‘lanishga uringan, ammo urinishlar zoye ketgandi.

Mavzuga oid