Jahon | 23:57 / 14.11.2024
8764
3 daqiqa o‘qiladi

Haitida bir kunda Amerikaning uchta yo‘lovchi samolyoti o‘qqa tutildi

AQSh Fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi Amerika aviakompaniyalariga bir oy davomida Haitiga reyslar amalga oshirishni taqiqlab qo‘ydi.

Foto: Reuters

AQSh Fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi Amerika aviakompaniyalariga bir oy davomida Haitiga reyslar amalga oshirishni taqiqlab qo‘ydi. Ushbu qaror uchta samolyot mamlakat poytaxti Port-o-Prensga qo‘nish va uchish vaqtida o‘qqa tutilgani sabab qabul qilindi. Hujumlar 2021 yildan beri davom etib kelayotgan hukumat inqirozi sharoitida shaharning katta qismini nazorat qilayotgan qurolli guruhlar tomonidan amalga oshirilgan.

Hujumlarning uchalasi ham 11 noyabr kuni amalga oshirilgan. Avvaliga jangarilar Port-o-Presnga qo‘nayotgan Spirit Airlines aviakompaniyasi samolyotiga qarata o‘t ochgan. Bort kuzatuvchi yaralangan, shundan keyin uchuvchi havo kemasini qo‘shni Dominikan Respublikasiga qo‘ndirishga qaror qilgan.

Shundan keyin Port-o-Presndan uchib ketayotgan American Airlines va JetBlue samolyotlari hujumga uchragan. Ular AQShga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan, ammo American Airlines samolyotiga zarar yetgan.

Qurolli guruhlar tomonidan samolyotlarning o‘qqa tutilishi O‘tish davri kengashining yangi bosh vazir tayinlash to‘g‘risidagi qaroriga javob bo‘lishi mumkin. Tayinlov 11 noyabr tongida e’lon qilingandi.

Haitida 2021 yildan beri davlat institutlari inqirozi davom etmoqda — bunga prezident Jovenel Moizning o‘ldirishi sabab bo‘ldi. Mazkur voqea mamlakatda parlament yo‘qligida yuz berdi. Moiz o‘z hokimiyatini mustahkamlashida deputatlar xalaqit bermasligi uchun parlament saylovlarini bir necha bor kechiktirgan edi. 

Nufuzli siyosiy guruhlarning kelishuvi hamda BMT, AQSh va boshqa davlatlar ko‘magida Ariel Anri davlat rahbari bo‘ldi, ammo mamlakatning ko‘plab aholisi uning legitimligini tan olmadi. Umum e’tirof etilgan institutlar yo‘qligi sababli, qurolli to‘dalar mamlakatning ko‘p joylarida hokimiyatni egallashga kirishdi. Ularga qarshi turish uchun mahalliy aholi ko‘ngillilar bo‘linmalarini tuzdi va natijada fuqarolik urushi boshlanib ketishiga bir baxya qoldi. 2023 yilda to‘qnashuvlar oqibatida 9 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, yuz minglab insonlar o‘z uylarini tark etdi.

2024 yil martda Anri iste’fo berdi. Qurolli guruhlar deyarli isyon ko‘tarib, uni shunday yo‘l tutishga majburladi: ular hukumat binolariga hujumlar uyushtirdi, ikkita qamoqxonadan qariyb 5 ming mahbusni ozod etdi. Aprel oyidan beri Haitida oliy hokimiyat funksiyasini O‘tish davri kengashi bajarib kelmoqda. Uning vakolatlari 2026 yil aprelda tugaydi — unga qadar mamlakatda qonuniy prezident saylanishi kerak.

Mavzuga oid