Jahon | 18:56 / 14.11.2024
29029
9 daqiqa o‘qiladi

«Paypog‘igacha olib bergandik, minnatdorchilik sifatida uylarimizni talashibdi». Kurskliklar talonchilik holatlarini aytib berishdi

Ukraina qurolli kuchlari bu joyga yetib bormagan.

Sergey Bobilev / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Kursk oblastida faol harbiy harakatlar boshlangach, Korenevo posyolkasidagi ko‘plab uylar vayrona va talangan holga kelgan, deb hikoya qiladi mahalliy aholi vakillari BBC rus xizmatiga. Ukraina qurolli kuchlari avgust oyidagi yurishi vaqtida ushbu posyolkani egallashga harakat qilgan, ammo uning faqat chekka hududlariga yaqinlasha olgan. Mahalliy aholi vakillari shoshilinch tarzda o‘z uylarini tashlab ketishgan va muntazam otishmalar ostida evakuatsiya qilingan. Korenevoga Rossiya armiyasi bo‘linmalari yetib kelgan va ko‘p o‘tmay raqib qo‘shinini posyolkadan bir necha kilometr nariga chekintirgan.

Kuzda ruslarning qarshi hujumi boshlangach, uylariga qaytgan korenevoliklar vayrongarchiliklar, talonchilik holatlari va hatto tinch aholi vakillari o‘ldirilgani holatlari ustidan chiqqan.

Oktyabr oyida The New York Times gazetasi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ijtimoiy tarmoqlardagi videolar tahlili asosida Korenevoda tinch aholi vakillari o‘ldirilgani yuzasidan mustaqil surishtiruvini e’lon qilgandi. Dron orqali olingan roliklarda posyolka chekkalarida fuqarolik kiyimlarida bo‘lgan kamida yetti kishining jasadi aks etgan. Mahalliy ko‘ngilli Mariya Skrob nashr bilan suhbatda mazkur hududda 10 avgustdan 14 avgustga qadar muddatda jami 15 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ularning vafoti sabablari oxirigacha aniq emas.

Korenevoda halok bo‘lganlarning jasadlari keyinroq Kurskdagi o‘lixonaga olib borilgan. Mariya Skrob ular orasida 53 yoshli amakisi Sergey Skrob, shuningdek, qo‘shnilari Galina va Vladimir Konoplinlarni tanigan. Sentyabr oyida u rossiyalik harbiylar bilan birgalikda Korenevo rayonidagi Qizil oktyabr qishlog‘iga kirishga muvaffaq bo‘lgan — va bu yerda o‘zi yashagan uy xarobalari ostidan ota-onasi hamda 90 yoshli buvisining jasad qoldiqlarini topgan.

Mahalliy aholi vakillari BBC bilan suhbatda Korenevoda talonchilik ishlari bilan harbiy libosdagi kishilar shug‘ullanganini aytishgan.

43 yoshli tadbirkor, so‘nggi 20 yil mobaynida turmush o‘rtog‘i Oleg bilan birga Korenevoda yashab kelgan Tamara Skrinnikovaning posyolkada telefon buyumlari sotiladigan shaxsiy do‘koni qolgan. Er-xotin ukrainlar hujumi boshlanganida bu yerdan ketishgan va faqat sentabr oyi oxirlarida uyga qayta olishgan.

Tamaraning so‘zlariga ko‘ra, Korenevoga kirish joyida ular yo‘l bo‘yida qazilgan xandaqlarni, ag‘darilgan va yonib ketgan mashinalarni uchratishgan. Ularning ko‘chasidagi ayrim qo‘shnilarning uylari vayron bo‘lgan va ichkari qismi yonib ketgan. 

Skrinnikovlar o‘z uyini talangan holda ko‘rishgan: darvoza buzib kirilgan, eshiklar va derazalar sinib ketgan, oshxona devorlari ketchup bilan bo‘yab tashlangan, pishirish pechi hamda idish yuvadigan mashina sindirilgan, barcha xonalarda chiqindi va turli, jumladan begona erkaklarning buyumlari sochilib yotgan. Shaxsiy buyumlardan noutbuk, televizor, changyutkich, payvandlash apparati yo‘qolgan, seyfdan esa — ov miltig‘i va pichoqlar, ov qilishda foydalaniladigan durbin olib ketilgan. Garajdan «Lada»ni o‘g‘irlashgan, uning o‘rniga qandaydir begona mashina va UAZik g‘ildiraklari qoldirilgan. Vannaxonada «Armiya Rossii» nomli shampunlar, zalda — armiya askarlari peshonasiga taqib yuradigan chiroqlar topilgan.

Talangan do‘kon. Foto: Tamara Skrinnikova

Tamara Skrinnikovaga tegishli do‘kon ham to‘liq talon-toroj qilingan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, avgust boshida bu yerda bir yarim million rubllik mahsulot bo‘lgan. «Noutbuklar va planshetlar — barchasi olib ketilgan. Bo‘sh ilgaklar, bo‘sh shkaflar, polda yirtib tashlangan qutilar. Sindirilgan shisha vitrinalar. Polda yotgan shisha siniqlari. Men u yerda shularni ko‘rdim», — degan u BBC jurnalistlariga.

Guvohlarga ko‘ra, Skrinnikovaning uyi va do‘koni noma’lum shaxslar tomonidan 10 avgustga qadar bo‘lgan muddatda ochib kirilgan. Mahalliy aholining aytishicha, uyda «harbiylar» yashagan. Tamara Skrinnikova ular hozir ham shu yerda yashayotgani, ammo bular «o‘z joyini yig‘ishtiradigan», nimadir kerak bo‘lsa — «ruxsat so‘raydigan» «tartibli harbiylar»dir.

«AvtoKorenevo» nomli avtomobil ehtiyot qismlari sotiladigan do‘kon egasi Vladimir Borzov ham qurollangan harbiylarning talonchiligidan shikoyat qilgan. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, uning do‘konida ham barcha narsa talangan va sindirilgan, «deyarli 9 millionlik mahsulotdan 50 mingligi» qolgan. U BBC bilan muloqot qilishdan bosh tortgan, ammo «barchasini gilam ostiga yashirayotgan» rasmiylarga shikoyat qilganini tasdiqlagan. 

Korenevo shifoxonasi xodimi anonimlik sharti bilan jurnalistlarga tibbiyot muassasasidagi buzib kirish va o‘g‘irlikka oid fotoguvohliklarni taqdim etgan. «Tinch aholi vakillari ham, harbiy va kelgindi bo‘lgan talonchilar ham bor! [Biz harbiylar uchun] paypoq va ichki kiyimlaridan tortib, kvadrokopter va kvadrosikllarigacha sotib olib bergandik, minnatdorchilik o‘rniga esa talangan uylarni oldik», — degan u.

«Pyaterochki» do‘konlar tarmog‘ining 44 yoshli administratori Yelena Porivayevoa Korenevodan 6 avgust kuni ketgan. U turmush o‘rtog‘i va 11-sinfda o‘qiydigan qizi bilan uch oydirki Voronej oblastidagi vaqtincha joylashtirish punktida istiqomat qilmoqda. Yaqinda unga ukasining rafiqasi Korenevodan video yubordi. Unga ko‘ra, hozirga kelib Porivayevalarning posyolkadagi uyidan poydevor va g‘ishtin devorning ayrim qismlari qolgan. Faqat oshxona joylashgan qo‘shimcha bino omon qolgan. U yerdan stullar, stol, ikkita sovutkich kamerasi, muzlatkich olib chiqilgan, dudbo‘ron ko‘chirib olingan. Aftidan, [boshqa uylardan olingan] televizorlari yetarli bo‘lgan», — degan Yelena. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda posyolkadagi «uylarning yarmi bo‘shatib ketilgan». Hatto uning singlisi ishlagan massajxonasi bo‘lgan sartaroshxonadan ham «barcha narsani tashib ketishgan», uning ukasining uyidagi kompyuterlar va payvandlash apparati yo‘qolgan.

Yelena Porivayevaning vayron bo‘lgan uyi

Sentyabrda Korenevoning uylari talangan aholisi Moskvadagi kuchishlatar tuzilmalarga kollektiv murojaat yo‘llashgan — mudofaa vaziri, IIV, Tergov qo‘mitasi va prokuratura rahbarlariga. Hujjatning to‘liq matni anonim «Dose Shpiona»  telegram-kanalida e’lon qilingan. «Shahar tipidagi Korenevo posyolkasida Ukraina qurolli kuchlari harbiylari bir kun ham bo‘lishmagan, ammo barcha do‘konlar, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari, zarbalardan omon qolgan uylar buzib kirilgan va talangan… Odamlar harbiy formadagi shaxslar eshiklarni buzib ochayotgani, uylarga, do‘konlarga, dorixonalarga, omborlarga kirishgani va mulklarni tashib ketishganiga guvoh bo‘lishgan», — deyiladi bu murojaatda.

Kursk oblasti gubernatori Aleksey Smirnov oktyabr oyi oxirida VKontakte ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan postida «harbiy politsiya xodimlari talonchilik holatlari haqidagi ma’lumotlarni tekshirayotgani, ammo ko‘p hollarda bu raqibning maxsus xizmatlari tomonidan tarqatilayotgan bo‘hton bo‘lib chiqayotgani»ni aytgandi.

Mariya Skrob Korenevo rayoniga gumanitar yordam olib kelishni davom ettirmoqda. U aholi asta-sekin posyolkaga qaytayotgani, ammo bu yerda deyarli barcha narsa vayron bo‘lganini aytadi: o‘t o‘chirish qismi, bozor, prokuratura, ijtimoiy obektlar, uylar, do‘konlar. «Ichimlik suv kam. Amalda hech qayerda tok ham, suv ham, gaz ham yo‘q. Isinib bo‘lmaydi. Ovqat tayyorlash uchun hech narsa yo‘q. Bunday sharoitda qishdan omon chiqish qiyi», — deya xulosa qiladi u.

Mavzuga oid