Jahon | 17:11
1676
3 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi

Uchrashuv maxfiy joyda bo‘lib o‘tgan va bir soatdan ortiq davom etgan. Manbalarga ko‘ra, suhbat davomida Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish masalasi muhokama qilingan.

Foto: AP

Tesla va Space X asoschisi Ilon Mask 11 noyabr kuni Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravani bilan uchrashgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda The New York Times ikki nafar eronlik amaldorga tayanib xabar berdi.

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv maxfiy joyda bo‘lib o‘tgan va bir soatdan ortiq davom etgan. Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, suhbat davomida Eron va AQSh o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish masalasi muhokama qilingan va uchrashuv «ijobiy» o‘tgani ta’kidlangan.

Manbalardan birining qayd etishicha, aynan Mask uchrashishni so‘ragan, Eron elchisi esa joyni belgilagan. Eron TIVda ishlovchi amaldorning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda elchi Iravani Maskka u Eronga nisbatan sanksiyalarni yechishga erishishi va o‘z biznesining bir qismini Tehronga ko‘chirishi kerakligini aytgan.

Trampning kommunikatsiya bo‘yicha direktori Stiven Chung «sodir bo‘lgan yoki bo‘lmagan shaxsiy uchrashuvlarga oid xabarlarga» izoh berishdan bosh tortdi. Mask ham o‘zining uchrashuvdagi ishtirokiga munosabat bildirmadi. Trampning o‘tish administratsiyasi matbuot kotibi Karolin Litvittning ta’kidlashicha, Amerika xalqi Trampni «unga mamlakat rahbarligini va kuch yordamida butun dunyoda tinchlikni qayta tiklashiga ishongani» uchun tanlagan.

BMT huzuridagi Eron missiyasi ham uchrashuvga hech qanday izoh bermasliklarini bildirdi.

Mask Trampning saylovoldi kampaniyasini faol qo‘llab-quvvatlab, uning atrofidagi «muhim figura»ga aylandi. 13 noyabr kuni Tramp Mask va milliarder Vivek Ramasvami AQSh hukumati samaradorligi departamentini boshqarishini ma’lum qilgandi.

Ilon Mask saylovdan keyingi bir hafta davomida Donald Trampning Floridadagi Mara-Lago qarorgohiga deyarli har kuni tashrif buyurgan. Bu siyosatchining atrofidagilarni g‘azablantira boshlagan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Maskning tashrifidan Trampga biznesmendan ko‘ra yaqinroq bo‘lgan odamlar «charchay boshlagan». Ular Mask o‘z roli chegarasidan chiqib ketayotganini aytmoqda.

Mavzuga oid