O‘zbekiston | 17:04
3532
2 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish tartibi o‘zgardi

​​​​​​​Qaror bilan subsidiyalarni to‘lab berishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish hamda tijorat banklari tomonidan fuqarolarga ajratilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish tartibi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 noyabrdagi qarori bilan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar ajratish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qaror bilan subsidiyalarni to‘lab berishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish hamda tijorat banklari tomonidan fuqarolarga ajratilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish tartibi belgilandi. Shuningdek, subsidiyalar to‘lab beriladigan fuqarolarni tanlab olish mezonlari takomillashtirildi.

Bundan buyon arizalarni ko‘rib chiqish faqatgina subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minot tizimi orqali amalga oshiriladi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinganda arizalar avtomatik ravishda unga yo‘naltirilsa, davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilinganda markaz xodimlari bir soat ichida ularni tizimga kiritishi zarur bo‘ladi.

Avvalgi tartibda ariza beruvchining taqdim etilgan arizasi asosida ijtimoiy mezonlarga mos kelishini aniqlash va baholashga tuman (shahar) soliq inspeksiyalari, tibbiyot birlashmalari, moliya bo‘limlari hamda oila va xotin-qizlar bo‘limlari mas’ul edi, endi mazkur funksiyalar Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Baholashda ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘ining daromadlari bilan bir qatorda endi kafillik qiluvchilarning yaqin qarindoshlari daromadlari ham hisobga olinadi.

Qaror bilan subsidiyalar bilan qoplanadigan foiz to‘lovlari miqdoriga ham o‘zgartirish kiritildi. Endilikda yangi kreditlar uchun yillik 12 foizdan yuqori qismi, 2025 yildan boshlab esa Markaziy Bankning asosiy stavkasidan ortiq qismi qoplanadi.

Boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 5 ish kuni ichida to‘lanadi.

Mavzuga oid