Sport | 10:44 / 17.11.2024
9658
6 daqiqa o‘qiladi

Millatlar ligasida fors-major. Vengriya murabbiyi hushini yo‘qotdi, Ruminiya va Kosovo o‘yinida siyosiy mojaro

Vengriya futbolining yaqin o‘tmishdagi afsonasi Adam Salai shifoxonaga olib ketilgan.

Foto: Dean Mouhtaropoulos/Getty Images

Millatlar ligasi guruh bosqichi 5-turi doirasida Niderlandiya va Vengriya o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida qo‘rqinchli epizod yuzaga keldi. «Yohan Kroyf Arena» stadionidagi o‘yinning birinchi bo‘limi mehmonlar murabbiylar shtabi vakili Adam Salai o‘zini yomon his qilishi tufayli to‘xtatildi.

O‘yinning sakkizinchi daqiqasida Vengriya futboli yaqin o‘tmishi afsonasi, jamoa safida 86 o‘yinda maydonga tushib, 26 gol urgan yulduz futbolchi, ko‘p yillar davomida «Mayns», «Shalke» va «Hoffenhaym» klublarida sermahsul o‘yin namoyish etgan 36 yoshli Adam Salai hushidan ketdi.

Avvaliga Adamning oldiga hamkasblari yugurib bordi, keyin shifokorlar yordamga keldi va bu joyda tibbiyot palatkasi tiklandi. Futbolchilar esa uning atrofida halqa hosil qilib, uni tribuna hamda kameralardan yashirishdi.

Tribunalar jimlikka cho‘mdi, bosh hakam Xesus Xil Mansano futbolchilar bilan gaplashdi, shundan keyin o‘yin taxminan 15 daqiqaga to‘xtadi — Salaiga tibbiy yordam ko‘rsatildi, keyin zambilda tribunalar ostiga olib ketishdi. Keyinroq murabbiy Amsterdam shifoxonasiga yotqizilgan.

Hozircha Salaiga aynan nima bo‘lgani ma’lum emas. «Uning holati barqaror va u o‘ziga kelgan. Bir necha daqiqa oldin tekshiruv o‘tkazish uchun tez yordam mashinasida Amsterdamdagi shifoxonaga olib borishdi», — deyilgan vengrlar milliy jamoasining ijtimoiy tarmoqlarida.

O‘yin tiklanganidan bir necha daqiqa o‘tib hali o‘ziga kelmagan vengrlar penalti tufayli gol o‘tkazib yuborishdi, o‘yin yakunigacha hisob 0:4 ko‘rinishini oldi.

Vengrlar bilan bog‘liq boshqa xavotirli holatlar

Yevro-2024 vaqtida vengrlar hujumchisi Barnabash Varga Shotlandiya bilan o‘yinda og‘ir jarohat olgandi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida britanlar darvozaboni Angus Gann bilan to‘qnashuv ro‘y bergandi — kuchli zarba Varganing boshiga kelgan, shundan keyin bir necha daqiqa davomida unga tibbiy yordam ko‘rsatilgandi. Uni ham shifoxonaga olib ketishgan — unda miya chayqalishi hamda suyaklari bir necha joyda singani aniqlangan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgandi. Varga 2024/25 yillar mavsumi boshini o‘tkazib yubordi, ammo hozirga kelib tiklanib safga qaytgan va «Ferensvarosh» safida barcha turnirlar doirasida olti gol urishga ulgurdi. Forvard shanba kuni Niderlandiyaga qarshi kechgan o‘yinda ham maydonga tushdi.

Vengriyalik boshqa bir futbolchi Miklosh Fexer bilan ro‘y bergan hodisa ancha ayanchli. 2004 yilda 24 yoshda bo‘lgan forvard «Benfika»ning «Vitoriya» Gimaraynshga qarshi o‘yini vaqtida klinik o‘limni boshdan kechirgan. Feher zaxiradan maydonga tushib, golli uzatma ham bergan, o‘yin oxirida raqib aut amalga oshirishga to‘sqinlik qilgani uchun sariq kartochka bilan jazolangan, biroz o‘tib hushsiz holda gazonga yiqilgan. Mikloshning yuragi to‘xtab qolgandi — shifoxonada uni ikki bor o‘ziga keltirishgan, ammo yakunda futbolchi baribir hayotdan ko‘z yumgan.

Siyosat yana sportga aralashdi

Millatlar ligasining shanba kungi o‘yinlari doirasida Buxarestda Ruminiyaning Kosovoga qarshi o‘yini navbatdagi mojaro tufayli oxiriga yetmay qoldi. Mezbon muxlislarning o‘zini tutishi tufayli o‘yinda qisqa tanaffus qilishga to‘g‘ri keldi, keyin esa o‘yin butunlay to‘xtatildi. O‘yin qachon davom ettirilishi haqida hozircha ma’lum qilinmadi.

Nima bo‘ldi?

Kosovolik futbolchilar o‘yin davomida mahalliy fanatlarning xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat qilishdi. Tribunalarda Serbiya bayroqlari ham ko‘tarilgan. Qo‘shimcha daqiqalarda futbolchilar o‘rtasida janjal kelib chiqdi, Ruminiya muxlislari esa «Serbiya, Serbiya!» deb hayqirib, maydonga turli buyumlar uloqtirishdi.

Shu bilan birga, mehmonlar tomonidan ham provokatsiya bo‘lgandi, jamoa himoyachisi Lyumbard Delov mojaroli «alban burguti» jyestini ko‘rsatgan.

Yakunda Kosovo futbolchilari norozilik ifodasi sifatida to‘liq tarkibda maydondan chiqib ketishdi, mezbonlar esa bosh hakam qarorini kutib, yana biroz vaqt davomida maydonda qolishdi. O‘yinda bir soatga yaqin tanaffus qilindi, keyin esa to‘liq to‘xtatildi. Bu vaqtda tabloda hisob 0:0 edi.

Bu jamoalar o‘rtasidagi birinchi mojaro emas

Barchasi 2023 yil iyunida safar uchrashuvida ruminlar haqorat qilinishidan boshlangandi. O‘sha yil sentabrida Yevropa chempionati saralash turniri doirasidagi o‘zaro o‘yin ruminiyalik fanatlar «Kosovo — bu Serbiya» yozuvli banner ko‘tarishgani tufayli bir soatga to‘xtatilgandi.

Bir yil o‘tib UYeFA apellyatsiya qo‘mitasi Millatlar ligasi doirasidagi birinchi o‘zaro o‘yin vaqtida tribunadagi tartibsizlik tufayli Kosovo futbol federatsiyasini jarimaga tortishga qaror qildi. Kosovolik muxlislar maydonga yugurib chiqib, turli buyumlar uloqtirgan, pirotexnikadan foydalangan, madhiya ijro etilishi vaqtida shovqin ko‘targan hamda tribunalardagi o‘tish joylarini to‘sib qo‘ygandi. Shu munosabat bilan federatsiyaga 51 ming yevrolik jarima yozilgan.

Mavzuga oid