Iqtisodiyot | 13:07
3880
4 daqiqa o‘qiladi

Piskent poligonidagi navbat elektron shaklga o‘tkazildi

Hammaga ko‘rinib turgan va tanqidlarga sabab bo‘layotgan bu navbatlarni ko‘zdan panadagi bojxona omborlariga ko‘chirishga qaror qilingan. Majburiy to‘lovlarni faqatgina qonunda belgilash haqidagi farmon talabi bajarilmayapti.

Internetda tarqalgan videodan kadrlar

Davlat xizmatlari portalida avtomobillarning muvofiqligini baholashga navbat olish xizmati paydo bo‘ldi.

“autodeklarant” kanalining xabar berishicha, xizmatdan foydalanish uchun dastlab singlewindow.uz sayti orqali muvofiqlik sertifikati uchun ariza yuborilgan bo‘lishi kerak.

Shundan keyin my.gov.uz sayti yoki mobil ilovasida elektron xizmat orqali Piskent avtopoligoniga avtotransport vositasini olib borish sanasi va vaqti belgilanadi.

“Tayyorgarlik ko‘rib turish uchun laboratoriyaga belgilangan vaqtdan vaqtliroq kelish lozim. Belgilangan vaqtga 20 daqiqa qolganida operatorga murojaat qilib, my.gov.uz tizimidan olingan QR-kodni taqdim etasiz”, deya yozadi “autodeklarant”.

Telegram'dagi rasmiy manbalar, xususan Adliya vazirligi, Texregulyatsiya agentligi, UzTest, YaIDXP va “Davlat xizmatlari” kanallarida yuqoridagi xizmat ishga tushirilgani haqida xabar berilmadi.

O‘zbekistonda import qilingan avtotransport vositalariga muvofiqlik sertifikati berish uchun sinovlar joriy noyabr oyidan boshlab bojxona hududida emas, Toshkent viloyati Piskent tumanida avtopoligonda o‘tkazila boshlandi.

Shundan so‘ng import avtomobillarni poligonga olib kelganlar uzun navbatlarga ro‘baro keldi, navbat uzoqligidan shu yerda tunab qolishiga ham to‘g‘ri keldi.

UzTest davlat muassasasi vakillarining Kun.uz muxbiriga aytishicha, bitta mashinani sinovdan o‘tkazishga 30-35 daqiqa vaqt ketadi. Bu degani, 24 soat ishlayotgan markaz kuniga 50 tagacha, yiliga esa 18 mingta avtomobilni sinovdan o‘tkaza oladi. Bu – o‘tgan yili berilgan sertifikatlar soni, ya’ni mavjud talabdan 3,5 barobarga kam.

Sinovlar Piskentga ko‘chirilishi bilan, elektromobillar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy qilindi va sertifikatlash narxi oshirildi.

2024 yilgi davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoniga asosan, 2024 yil 1 maydan boshlab fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritilishi kerak edi.

Ammo elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi qo‘shilgani asnosida oshirilgan sinovlar narxini hozirga qadar UzTest davlat muassasasi belgilashda davom etmoqda.

Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov UzTest'ni monopolistlar ro‘yxatiga kiritish kerak va monopolistlardan talab qilinadigan tartiblarni UzTest'dan ham so‘rashga chaqirgandi.

“UzTest” DM degan misoli ajdarho – avtomobillar va elektromobillar muvofiqligini tekshirish (aslida elektromagnit moslashuvchanligi bo‘yicha tekshiruv bahonasida importni cheklash) O‘zbekistonda yagona sinovchi. Qoraqalpog‘istonlik, surxondaryolik, andijonlik iste’molchi va tadbirkorlar ham 1 noyabrdan boshlab hech bir oldindan ogohlantirishsiz shu ajdarhoning Piskentdagi uyasiga kelib sinovidan o‘tmasa bo‘lmaydigan qilib qo‘yilgan. Sinov to‘lovini istasa 6 mln so‘m, istasa 9 mln so‘m qilib belgilaydi. Na kalkulyatsiya, na tannarx degan o‘lchovlar bor. Istasa 2 soat, istasa 2 kun, yoqmasangiz 2 hafta kuttiradi. Hech qanday protseduraviy cheklovlar ham yo‘q bu o‘zbilarmonlarga”, – deya yozgandi Bakirov.

Mavzuga oid