O‘zbekiston | 14:59
3534
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev qaysi masalalarda yangi qonunlar kerak bo‘layotganini sanab o‘tdi

Prezidentning fikricha, shaharsozlik renovatsiyasi, ulush kiritish asosida uy-joy qurilishi, majburiy tibbiy sug‘urta, elektr energiyasining ulgurji bozori, fintex, startap va sun’iy intellekt kabi masalalarda qonunlar qabul qilishga zarurat bor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5-chaqiriqdagi ilk majlisida qatnashdi. O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida yangi saylangan deputatlar qaysi masalalardagi qonun loyihalariga e’tibor qaratishlari zarurligini sanab o‘tdi.

Mirziyoyevning fikricha, aholi va keng jamoatchilikning fikrini o‘rganib, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish kerak.

“Mamlakat aholisi soni yiliga qariyb 1 millionga oshmoqda. Bu – yangi uy-joylarni ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Lekin dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima bo‘ladi, degan savollar dolzarb bo‘lib bormoqda”, – dedi prezident.

So‘nggi paytlarda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi o‘rtasida nizolar uchrayapti. Shavkat Mirziyoyev bunday holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligini aytdi.

Davlat rahbariga ko‘ra, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ajratilayotgan mablag‘lar o‘z egasiga yetib borishini ta’minlash uchun majburiy tibbiy sug‘urta tizimini albatta qonun bilan mustahkamlab qo‘yish vaqti kelgan.

“Xususiy maktab va bog‘cha quraman”, degan investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yanada keng sharoitlarni yaratib berish masalalariga ham e’tibor berish lozim, dedi prezident.

Moliyaviy texnologiyalar, raqamli marketpleyslar, veb-servis, bond omborlari kabi yangi tijorat maydonlari kundalik hayotimizga jadal kirib kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, franchayzing, kapital bozori, startaplar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyevning fikricha, sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratish juda muhim.

Kelgusi yilda ilk bor elektr energiyasi onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Shu bois, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan bu sohada bozor mexanizmlarini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid