Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
Haykalni Andijon shahridagi “Registon” maydoniga ko‘chirish, buning hisobiga bo‘shaydigan 1,2 gektar yer maydoniga turli binolar, jumladan, savdo majmuasi barpo etish ko‘zda tutilgan. Bu faollarning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Andijon viloyati hokimligi haykalning ko‘chirilishi maydon yaqinidagi chorrahada qurilayotgan ko‘prik bilan bog‘liqligini bildirdi.
Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykali ko‘chirilishi mumkin. Bu vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan “Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida keltirilgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ma’lum qilishicha, qarorning 16-bandida shunday taklif aks etgan:
“Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini Andijon shahridagi “Registon” maydoniga ko‘chirish, buning hisobiga bo‘shaydigan 1,2 gektar yer uchastkasida 2 ta 20 va 16 qavatli turar joy majmuasi barpo etilishini hamda 90 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya mablag‘lari kiritilishini ta’minlash”.
Shuningdek, viloyat hokimligi taklifi bilan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ining 10,7 gektar qismida Andijon city ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli hamda 7 ta 28 qavatdan yuqori turar joy va xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Bakirov Bobur haykalining ko‘chirilishini Toshkent shahridagi Amir Temur haykali ko‘chirilishiga qiyosladi.
“O‘zingizga tasavvur qilishingiz uchun bu xuddi poytaxt qoq markazidagi Amir Temur haykalini ko‘chirib, xiyobonda dom qurish bilan baravar qadam bo‘ladi. Yana solishtirish o‘rinli bo‘lsa, Andijondagi Alisher Navoiy bog‘i bu Toshkentning yuragi Milliy bog‘i singari.
To‘g‘risi, menda bu g‘aroyib takliflarga izoh va sharh berishga zarracha kuchim qolmadi. Biz qayerda va nima uchun teskari og‘ib ketdik, buni o‘nglashning qandaydir iloji bormi, bilmayman”, deb yozdi iqtisodchi.
Jurnalist Shuhrat Shokirjonov ham ushbu masalaga munosabat bildirib, shaharlardagi istirohat bog‘lari, parklar va maydonlarni asrab qolish uchun qonun kerakligini ma’lum qildi.
Andijon viloyati hokimligi holatga rasmiy munosabatida haykalning ko‘chirilishi “Bobur” shohko‘chasida joylashgan chorrahada qurilayotgan ko‘prik bilan bog‘liqligini bildirdi.
“Ushbu ko‘prik qurilishi o‘n minglab aholining kundalik turmush tarzida katta qulaylik yaratib, insonlarning uzog‘ini yaqin qiladi va kun davomida soatlab vaqtini tejashiga xizmat qiladi.
O‘z vaqtida mazkur qurilish yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshiriladi. Buning ortidan mutasaddilar oldida hal etilishi kerak bo‘lgan yana bir muhim masala kuzatildi.
Bobomiz, Andijon farzandi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga atab, barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan ko‘prik yaqinida joylashgan bo‘lib, loyiha qurilishi yakunlangach, ushbu maydon anchayin yopiq ko‘rinishga kelib, maydonning bir qismi ko‘prik ostida qoladi.
Ilmiy kengash vakillari, boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa yasaldi.
Unga ko‘ra, ulug‘ bobokalonimiz va buyuk shoir xotirasini e’zozlash maqsadida unga atab o‘rnatilgan mahobatli haykal, shoh Boburning o‘zi tug‘ilib-o‘sgan “Eski shahar” hududidagi o‘zbek tarixini o‘zida aks ettirgan “Registon” maydoniga ko‘chirilib, maydonni o‘ziga xos qo‘shimchalar bilan boyitish va yangi, ko‘rkam maydon barpo etishga kelishilgan. Hozirda bu rejani amalga oshirish uchun katta tayyorgarliklar ko‘rilmoqda.
Avvalgi maydon o‘rnida esa aholimiz uchun “Savdo Mall” majmuasi, ko‘ngilochar markazlar, ofislar va aholimizga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, ushbu maydon o‘rnida turar joylar qurish rejasi mavjud emas.
Oldinroq Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning qarori bilan Farg‘ona shahri markazidagi 2 gektarlik ko‘l “dom”, mehmonxona, restoran va savdo majmuasi qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan 24 kunlik firmaga berib yuborilgandi. Jamoatchilik e’tirozidan so‘ng hokimning g‘ayriqonuniy qarori ko‘l Sport vazirligi ixtiyoriga o‘tkazilishi ortidan bekor bo‘lgandi.
Mavzuga oid
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:12 / 05.11.2024